Asilbek Jalilov Topuriyaga “master-klass” o'tab berdi, Shavkatjon Boltayev raqibini "chopib tashladi", yana ikki bokschimiz esa turnirni tark etdi

  • 27.02.2026 19:55
  • Javohir Malikov
  • 0
  • Boks

"Strandja" turnirining chorak final bahslari start oldi.

Bu bosqichda birinchi boʻlib, -50 kg vaznda Asilbek Jalilov ringga koʻtarildi. U gruziyalik Goga Topuriyaга qarshi bahs yuritib, raqibiga “master-klass” oʻtab berdi va haqli tarzda 5:0 hisobida zafar quchdi.

-65 kg vaznda oʻtkazilishi kerak boʻlgan Abdulloh Madaminov hamda braziliyalik Yuri Reis oʻrtasidagi bahs, bokschimizning nimchorak finalda orttirib olgan jarohati sababli bekor qilindi va vakilimiz ushbu bosqichda ishtirokini yakunladi.

-55 kg vaznda Samandar Olimov AQSh vakili Lorenzo Patrisio bilan yarim final yoʻllanmasi uchun ringga chiqdi. Garchi charm qoʻlqop ustamiz yaxshi harakat qilgan boʻlsa-da, yakunda hakamlar ochkolar evaziga Lorenzoni gʻolib deb topishdi.

-70 kg vazn toifasida Shavkatjon Boltaev nimchorak finalda super jang koʻrsatgan edi. Chorak finalda esa unga yana bir jiddiy raqib angliyalik Patrik Hevitt duch keldi. Bu safar ham Boltaev raqibini shunchaki "chopib" tashladi va yarim finalga yoʻl oldi. Ushbu qarama-qarshilik 5:0 natijasi bilan yakunlandi. 

Eslatib oʻtamiz, bizni oldinda kunning 2-dastur janglari kutmoqda. Unda ham bir qator hamyurtlarimiz keyingi bosqich uchun kurash olib boradi. Bu haqida Oʻzbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!