Avstraliya Osiyo Kubogiga qanchalik tayyor? Tarkib e’lon qilingach, bosh murabbiy matbuot anjumanida nimalarni aytdi yoxud Sidneydan kelgan xabarlar

  • 22 dekabr, 2023, 22:16
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qatarda o‘tadigan Osiyo Kubogi musobaqasi boshlanishiga ham tobora oz fursat qolyapti. O‘zbekiston milliy terma jamoasi joy olgan “V” guruhidan Hindiston, Suriya va Avstraliya terma jamoalari ham joy olishgan. Bugun olis qit’a vakili – Avstraliya haqida to‘xtalamiz.

Raqib haqida ma’lumotlarga ega bo‘lib turish va terma jamoa bosh murabbiyi Grem Arnold bilan suhbatlashish maqsadida Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raev Avstraliya milliy terma jamoasi media rahbari Metyu Tounsend bilan aloqada bo‘lib turgandi va u 22 dekabr sanasida bosh murabbiy Grem Arnold ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilishi hamda Osiyo Kubogi uchun yakuniy tarkib e’lon qilinishini ma’lum qildi. Socceroos.com.au sayti ham bu borada ma’lumotlar taqdim etib bormoqda.

Kutilganidek, 22 dekabr kuni “Sokkeruz”larning Osiyo Kubogida qatnashadigan tarkibi e’lon qilindi va undan 26 nafar o‘yinchi o‘rin oldi. Shuningdek, Sidneyda Avstraliya terma jamoasi bosh murabbiyi Grem Arnold ishtirokida matbuot anjumani ham bo‘lib o‘tdi.

Avstraliyaliklar o‘z yig‘inini 1 yanvarda Abu-Dabida boshlaydilar. “Sokkeruz” tarkibi OFK bergan ruxsatga binoan 23 tadan 26 taga uzaytirdi. Bu esa musobaqaga tayyorgarlik ko‘rishda yordam beradi. Xuddi shu gapni terma jamoa bosh murabbiyi Grem Arnold ham matbuot anjumanida ta’kidlab o‘tgan.

arnold1

“OFKning qarori jahon Kubogidan keyingi terma jamoalar murabbiylarining bildirgan fikrlaridan kelib chiqdi va bu to‘g‘risi, juda ham yaxshi natija. Chunki katta musobaqa oldidan bu murabbiyga yanada yaxshiroq o‘ylab olish imkoniyatini beradi.

Umuman olganda, Osiyo Kubogi uchun tanlagan tarkibimdan juda ham xursandman. Bu futbolchilar men izlayotgan tarkibdagi balansni bera olishadi. Buni men jahon chempionati saralashi uchrashuvlaridan kelib chiqib aytishim mumkin”, - deydi Arnold.

Arnold jamoaning asosiy futbolchilariga o‘z ishonchini bildiryapti. Bu borada Michel Dyuk (“Macheda Zelviya” klubi a’zsi) Kreyg Gudvin (“Al-Vahda” a’zosi) va Jeksin Irvin (“San Pauli” a’zosi) kabi futbolchilarga e’tibor katta.

Tomas Deng, Bruno Fornaroli va Lourens Tomas terma jamoaga o‘z klublaridagi ajoyib o‘yinlari orqali qaytarilgan. Lekin o‘ziga yarasha jarohatlar ham yo‘q emas. Masalan, Nataliel Atkinson va Rayli Makgri so‘nggi oylar davomida klubiga ham, terma jamoaga ham yordam bera olmagan. Lekin ular terma jamoa bilan Doxaga birgalikda yo‘l olishga tayyor bo‘lishmoqda. Yaqinda jarrohlik amaliyotini o‘tkazganiga qaramasdan “AZ Alkmar” futbolchisi Metyu Rayyan jamoaga jalb qilingan. Unga keyingi tayyorgarlik jarayonlarida jismoniy tomondan o‘zini ko‘rsatishga imkon beriladi. U “Sokkeruz” tibbiy shtabi bilan yaqindan ishlaydi.

Avstraliya

Jahon chempionati saralashida Bangladeshga qarshi o‘yinda debyut qilgan “Portsmut” a’zosi Kusini Engi ham tarkibga jalb qilingan. U Jon Irdil bilan birgalikda terma jamoaga qo‘shiladi. Ular uchun bu Avstraliya terma jamoasi safida ilk bor katta musobaqaga chaqiruv olishmoqda. Bungacha Avstraliya yoshlar termasida ham o‘zlarini yaxshi tomonlama ko‘rsata olishgandi.

Getin Jons esa terma jamoada yangi nomlardan biri. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan mamlakat terma jamoasida to‘p surmoqchi.  Jons “Everton” akademiyasi tarbiya olgan va yoshligida Uels terma jamoasi sharafini himoya qilgan bo‘lsa-da, katta jamoa uchun Avstraliyani tanladi. Bosh murabbiy Arnold esa yana quyidagi fikrlarni bildirdi:

“Jamoamizning asosiy qismi bir-biriga juda yaxshi bog‘langan. Yigitlar yaxshi kayfiyatda va ularda g‘oliblik mentaliteti yaxshi shakllangan, deb aytishim mumkin. Biz bir qator yangi nomlarni ham jamoamizda ko‘rib turibmiz. Ular jamoamizga fantastik impuls bera olishadi, deb umid qilaman.

arnold

Tayyorgarligimizga intensivlik va o‘ziga xos energiya qo‘shishimiz juda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki biz aynan mana shu jihatlarimiz bilan nom chiqarganmiz. Ushbu jihatlar jamoamizning oldinga intilishi hamda yaxshi natijaga erishishida asosiy rolni o‘ynashi kerak.

Ba’zi tanlovlarimiz bilan strategik bo‘lishga majbur bo‘ldik. Chunki bizning olimpiya terma jamoamiz o‘z o‘yinlarini aprelda o‘tkazadi va biz tarkibda yoshlar balansini amalga oshirishimizga to‘g‘ri keldi. Bu tarkibdagi pozitsiyalarga ta’sir o‘tkazadigan tanlovlar bo‘ldi. Lekin shunga qaramasdan o‘zim tanlagan futbolchilardan, tarkibdan ko‘nglim to‘ldi. Yangi yildan boshlanadigan tayyorgarlik jarayonlarini sabrsizlik bilan kutyapman”, - deydi Arnold matbuot anjumanida.  

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!