Bahodir Nasimov: "Tarkib kuchaytirilishi lozim. Busiz bo‘lmaydi"
Chempionatimizdagi faxriy futbolchilardan biri, “Dinamo”ning “otaxon”i hisoblangan 37 yoshli hujumchi Bahodir Nasimov hamon sport formasida. U ko‘proq ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushrilmoqda. Shunday bo‘lsa ham hujumchi ishtiyoqqa to‘la.
O‘tgan haftada “Dinamo” nihoyat o‘z uyida – Samarqandda o‘ynadi. Bugun esa Jizzaxda “So‘g‘diyona” jamoasiga qarshi birinchi davraning oxirgi turida maydonga tushishadi. Nasimov esa Sports.uz muxbirining bir qancha savollariga javob qaytardi.
- “Dinamo” o‘tgan turda birinchi marta Samarqandda o‘z muxlislari qarshisida to‘p surdi. Balki deyarli to‘lgan stadionda o‘ynash futbolchilarga bosim o‘tkazgandir...
- Balki shunaqadir. Birinchi bo‘limda yaxshi o‘ynagandik, ikkinchi bo‘limda yigitlar oldinga borishmadi va gol o‘tkazdik. 3-4 ta yaxshi vaziyatlardan foydalana olmadik.
- Demak, “Dinamo” ertaroq natijani saqlab qolish haqida o‘yladimi?
- Bu – futbol va 90 daqiqa o‘ynaladi. Yigitlar 1:0 hisobi qoladi deb o‘ylashdi, shekilli. Biroq 2:0 ham, 1:0 ham qaltis hisoblar. 3:0 yoki 4:0 bo‘lsa unda boshqacha bo‘lardi.

- Abramov sizni ayrim uchrashuvlarda o‘yinni kuchaytirish uchun zaxiradan maydonga tushiryapti. Hozirgi holatingizda qiynalmayapsizmi?
- Holatim yaxshi. Mashg‘ulotlarda qatnashyapman, kuchim bor. Murabbiy ishonyapti.
- Birinchi davra ham tugab qoldi. “Dinamo”ni faqat “So‘g‘diyona” bilan uchrashuvi qoldi. Jamoangizning birinchi davradagi ishtirokidan qanchalik qoniqyapsiz?
- Rostini aytsam, birinchi davrada bizda duranglar ko‘p bo‘ldi. Ko‘p bahslarda o‘z imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Bundan ham yaxshiroq natija ko‘rsatishimiz va kamida turnir jadvalida beshtalikda bo‘lishimiz kerak edi. “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yinimiz turibdi. Bu bellashuvda yutishga harakat qilamiz.

- Birinchi davradan keyin tarkibni albatta kuchaytirilishi kerak, deb hisoblaysizmi?
- Busiz bo‘lmaydi. Jamoani yuqori maqsadi bo‘lsa, tarkibi kuchaytirilishi lozim. Kamida 4-5 ta yaxshi futbolchilarni olib kelish kerak, deb o‘ylayman. Bilasiz, futbolda ko‘p narsa tez yugurish bilan ham boshqacha. Masalan, bizga qarshi o‘yinda “Andijon” futbolchilari 90 daqiqa yugurishdi, demak, ular jismonan tayyor ekan. Shuning uchun eng asosiysi, chopadigan o‘yinchilarni olish kerak.
- Hujum chizig‘iga nima deysiz? Yangi qon kerakmi?
- Hujum chizig‘imiz yomon emas. Anvar o‘ngda o‘ynayapti, u ham hujumchi. Uni pozitsiyasiga o‘yinchi olsa, 3 ta hujumchi bo‘ladi.
- “Dinamo”dagi faoliyatingiz bu mavsumdagi oxirgisi bo‘lib qoladimi?
- Ko‘ramiz-da, chempionatni tugataylik, shunga qarab reja qilamiz.
- Kojo to‘g‘risida nima deya olasiz?
- Yaxshi hujumchi, mehnatkash. Faqat u orqaroqqa tushib ham mehnat qiladi. Agar hamma vaqt oldinda o‘ynasa kamida 8-9 ta gol urgan bo‘lardi. Shunchaki, u orqaroqqa kelib to‘pni olishga harakat qiladi. Hujumchi sifatida o‘z joyida to‘pni so‘rashi kerak. Kojo tezkor hujumchi. Ikkinchi davrada kamida 8-9 ta gol uradi, deb o‘ylayman.
Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar