
Barcha yo‘llar Farg‘onaga olib boradi yoxud Kubok vodiyda qoladi
2024 yilgi O‘zbekiston Kubogi finaliga vodiyning ikki jamoasi – “Navbahor” hamda “Andijon” yo‘l oldilar. Bunaqasi tarixda ilk bor yuz bermoqda. Jamoalar yarim finalda juda og‘ir o‘yinni o‘tkazib hal qiluvchi bosqichga etib keldilar. “Andijon” uyida “Surxon” bilan, “Navbahor” esa Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi. 26 yildan keyin O‘zbekiston Kubogi finalida yana vodiy derbisini ko‘ramiz. 1998 yili Toshkentdagi “Paxtakor” markaziy stadionida “Navbahor” va “Neftchi” klublari Kubok uchun bellashishgan. O‘shanda namanganliklar 2:0 hisobida g‘olib chiqishgandi.
Qiziq tomoni shundaki, bu yilgi finalchilar – “Navbahor” va “Andijon” jamoalari Kubok musobaqasida bitta guruhdan joy olishgan. Aniqrog‘i, “N” “o‘lim guruhi” deb nom olgandi. Unda “Navbahor” va “Andijon”dan tashqari amaldagi Kubok sohibi “Nasaf” hamda “Dinamo” klublari ham joy olgandi. O‘shanda Ro‘ziqul Berdiev O‘zbekiston Kubogi favoritlari ushbu guruhdaligini aytgandi va finalgacha etib borishlarini ham ta’kidlab o‘tgandi. Buni qarangki, aynan ushbu guruhdagi “Navbahor” va “Andijon” finalga qadar etib bora oldilar.
“Navbahor” va “Andijon”ning finalga bosib kelgan yo‘li qanday bo‘ldi? Guruhda bu jamoalar Namanganda ro‘baro keldilar. O‘shanda “Navbahor” 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Shuningdek, namanganliklar guruh bosqichida “Nasaf”ni 1:0 hisobida engdi, “Dinamo” bilan 1:1 o‘ynadi. Natijada “o‘lim guruhi”da 7 ochko bilan 1-o‘rinni egalladi. 1\8 finalda Namanganda “Buxoro” 1:0 hisobida mag‘lub etildi. Chorak finalda esa Jizzaxda “So‘g‘diyona” qo‘shimcha bo‘limlarda 2:3 hisobida taslim etildi. Yarim finalda esa “Paxtakor” penaltilar seriyasida taslim qilindi. Namanganliklar Kubokda mag‘lubiyatga uchramagan holda finalga etib keldi.
“Andijon” klubi bu yil tashkil topganiga 60 yil to‘lgani munosabati bilan O‘zbekiston Kubogida ilk bor finalgacha etib kelgani muhim voqelik. Oldinda esa final o‘yini turibdi. “Burgutlar” “N” guruhida “Dinamo” bilan 2:2 o‘ynadi. Namanganda “Navbahor” 2:1 hisobida engildi. Shuningdek, guruhdagi oxirgi turda “Nasaf”ni qabul qilib, hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarning oxirgi soniyasida Bektemir Abdumannonovning goli evaziga “Andijon” amaldagi Kubok sohibi – “Nasaf”ni guruhda qoldirdi va “Burgutlar” guruhda 2-o‘rinni egallab keyingi bosqichga yo‘l oldi. 1\8 finalda “Andijon” Toshkentda “Olimpik”ni Rustam Turdimurodovning yagona goli evaziga taslim qilgan bo‘lsa, chorak finalda Qarshida “Qizilqum” darvozasiga javobsiz 3 ta gol urdi. Yarim finalda qanday drama bo‘lganini bildingiz.
Bu safargi O‘zbekiston Kubogi tarixdagi eng yaxshisi bo‘ladi, ishonavering. 5 oktbyar kuni Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida andijonlik va namaganlik muxlislar qanday muhitni yaratishini tasavvur qilish qiyin emas. Finalda har doim ham vodiy derbisini ko‘ravermaymiz. Lekin anig‘i shuki, bu safar Kubok shubhasiz vodiyda qoladigan bo‘ldi!
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar