
Barqarorlik yo‘q, rahbariyat oxirigacha sabr qiladimi yoxud "Lokomotiv" nima uchun durangga rozi bo‘lmayotganini bilasizmi?
Mavsum boshida Toshkentning “Lokomotiv”ida qanday o‘zgarishlar bo‘lganini bilasiz. Tarkibda keldi-ketdilar kuzatildi va asosiysi, yangi bosh murabbiy tayinlandi. Denis Korostichenko mustaqil ravishda bosh murabbiy rolida “Lokomotiv”da debyutini o‘tkazyapti.
Tan olish kerak, “Loko” bir necha yil oldingi qudratida emas. O‘sha paytlarda gegemonlik qilgan va buning natijasida qator sovrinlarni yutgandi. Biroq klub hali ham o‘sha maqsadidan chekingani yo‘q. Faqat jamoani yangidan qurishga kirishdi. Klub o‘zining tarbiyalanuvchilariga ko‘proq e’tibor berishni boshladi. Shu bois boshqa joydan murabbiy qidirib yurmadi-da, anchadan beri “Lokomotiv”da ishlab kelgan Korostichenkonga bosh murabbiylikni ishonib topshirishdi.
To‘g‘ri, murabbiyning debyut mavsumida qator qiyinchiliklar uchrab turibdi. Ayniqsa, bu natijalarda bilinyapti. Bu bilan “Lokomotiv”ni kuchsizlandi, deyish fikridan yiroqmiz. Jamoa o‘yini chakki emas, lekin hali barqarorlikka erishganicha yo‘q. “Temiryo‘lchilar” “Paxtakor”dan so‘ng 12 ochko bilan 7-o‘rinda boryapti. Qolaversa, barcha – 11 ta o‘yinda to‘liq qatnashishdi. Shundan 4 tasida g‘alaba qozondi va 7 ta uchrashuvda raqiblariga yutqazib qo‘ydi. Chempionatda eng ko‘p mag‘lub bo‘lgan klub ayni paytgacha ikkita bo‘lsa, ulardan biri “Lokomotiv”.
Xo‘sh, “Temiryo‘lchilar” kimlarni yutdi? Dastlabki g‘alabasini 2-turda o‘z maydonida AGMKga qarshi bellashuvda qo‘lga kiritdi. O‘shanda 2:1 hisobida raqibidan ustun keldi. Ikkinchi g‘alabasini 6-turga kelib nishonladi. 1 may kuni “Surxon”ni qabul qilgan “Loko” javobsiz ikkita gol urdi. Keyingi turdayoq ketma-ket ikkinchi g‘alabasini tantana qildi. Bu gal safarda “Neftchi”ni mag‘lub etishi uchun bitta gol kifoya qildi. 4-g‘alabasini 9-turda qo‘lga kiritdi. Timur Kapadze boshchiligidagi “Olimpik” darvozasiga javobsiz uchta gol urishning uddasidan chiqdi. Eng qizig‘i, “Lokomotiv” hisobida hali birorta ham durang yo‘q. Superliga bahslarida hali hech kim bilan murosa ko‘chasini tanlagani yo‘q va bunga rozi bo‘lmayapti ham. Bu jamoa ochiq o‘yin taklif qilyapti. Hujumkorlik va rang-barang hujumlar muxlislarga yoqyapti. Lekin doim bu natija keltirishi qiyin. Faqat bunga vaqt talab qilinadi. Rahbariyat Korostichenkoga o‘zini ko‘rsatishi uchun etarli fursat bergan deb o‘ylaymiz.
Shuningdek, mavsum avvalida tarkib klubning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib kuchaytirildi. O‘tgan yilgi ayrim etakchilar saqlab qolindi. Ammo yaqinda himoyachi Sherzod Fayziev “Loko”ni tark etib, Malayziya klubiga o‘tib ketdi. Bu tabiiyki jamoa uchun yo‘qotish. Ammo klubni tanlagan yo‘li bor. Bunda faqat sabr qilinadi. Natijalar doim ham o‘xshayvermaydi. Bunga klubning hozirga qadar ko‘rsatgan natijalari misol bo‘la oladi. Chunki g‘alabadan ko‘ra, mag‘lubiyati ko‘proq. Bunday vaziyatda rahbariyat oxirigacha sabr qiladimi? Bu ham bir masala. Lekin yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu borada Korostichenkoga imkoniyat taqdim etilaveradi. O‘z navbatida “Lokomotiv” yutgan bahslarda bosh murabbiy g‘alabani xuddi Yurgen Kloppga o‘xshab muxlislari bilan birga nishonlashi fonida uni “Denis Klopp” nomi bilan ham atay boshladik.
Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, jamoaning yana ayrim etakchilariga chetdan takliflar bor. Shu bois yozgi transfer oynasi ochilgan mahalda tarkibdagi yo‘qotishlar davom etishi ham ehtimoldan holi emas. Balki buning uchun murabbiyda qandaydir reja bordir. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar