
"Barsa" Parijda kambek qilishga majbur yoki Ronaldu ortidan Messi ham EChLni tark etadi! (prevyu)
Bir necha kun oldin, "Barselona"da prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli rahbarlardan biri Joan Laporta yana jamoa boshqaruviga qaytdi. Tabiiyki, bundan butun Kataloniya ahli xursand va endi "ko‘k-anorranglilar"ning ishtiyoqi ortib ketishi aniq. Biroq Chempionlar Ligasida ularni juda murakkab vazifa kutib turibdi. Messi boshchiligidagi jamoa Parijda qahramonlik ko‘rsatishi shart. Yo‘qsa, Ronaldu ortidan Leo ham EChLni erta tark etishga majbur bo‘ladi ("Yuventus" ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, "Portu" to‘sig‘idan o‘ta olmadi). PSJda kayfiyat a’lo darajada. Sababi, tarkibdagi yo‘qotishlar raqibnikichalik jiddiy emas.
To‘g‘ri, kimdir Neymarning yo‘qligidan fojia yasashi mumkin, biroq Pochettino boshchiligidagi frantsuzlar Neymarsiz ham ko‘p narsaga qodirligini ilk uchrashuvda isbotlab ulgurdi. Boz ustiga, o‘yin Frantsiyada o‘tkazilishini inobatga olsak, aynan ushbu bahsda favorit sifatida hech kimni e’tirof eta olmaymiz. Birinchi bellashuv natijasi bilan qo‘shib hisoblasak, "Barselona"ni faqatgina mo‘’jiza qutqarib qoladi.
PSJ
Guruh bosqichi ortda qolgach, parijliklar o‘z o‘yinini sezilarli darajada kuchaytirishga muvaffaq bo‘ldi. "Barselona"dek jamoaga "Kamp Nou"da so‘nggi bor kim 4 ta gol urgani ko‘pchilikning yodida emas. Tartibli himoyalanib, hujumda tezkorlik namoyish etayotgan PSJda o‘tgan yilgi natijani takrorlash uchun yaxshigina imkoniyat mavjud. Bugun o‘z o‘yinini ko‘rsata olgan taqdirda, Pochettino shogirdlari hech nimadan xavfsiramasligi mumkin. Faqatgina bir paytlardagidek, ortiqcha xotirjamlik va qo‘pol xatolar frantsiyaliklarni keyingi bosqichdan mosuvo qilishi mumkin.
Biroq o‘sha jamoa bilan hozirgisining ham ancha farqi bor. Bugungi PSJ haqiqiy grandga aylandi va istalgan raqib ularga qarshi o‘yinda muammolarga duch kela boshladi. Mbappe jamoa lideriga aylanib bormoqda. "Kamp Nou"da bo‘lib o‘tgan o‘yinda "Barsa" himoyachilari uni to‘xtata olgani yo‘q. Ustiga ustak, "ko‘k-anorranglilar"ning ishongan himoyachisi Jerar Pike bugun maydonga tusha olmaydi. Kilian Neymarning safdan chiqqanini sezdirmaydigan darajaga chiqib bo‘ldi. Agar unga qarshi "ko‘k-anorranglilar" bir necha kishi bo‘lib himoyalansa, Mauro Ikardi katta sahnaga chiqishi mumkin. Argentinalik futbolchi ham yuqori darajadagi ijrochi va Di Mariya, Draksler, Sarabiya kabi pleymeykerlarning uzatmalari aynan Ikardi tomonidan darvozaga yo‘llanishi mumkin. Bu vaziyatda Mbappe chalg‘ituvchi vazifasini o‘taydi. Albatta, futbol oson o‘yin emas va unda birgina taktika bilan zafar quchish deyarli imkonsiz. Umid qilamizki, bugun maydonda doimgidanda kuchli PSJni ko‘ramiz.
Taxminiy tarkib: Navas, Florentsi, Kimpembe, Kurzava, Markinos, Guye, Paredes, Di Mariya, Veratti, Ikardi, Mbappe.
Maurisio Pochettino: "To‘liq diqqatni jamlagan holda, o‘z o‘yinimizni namoyish etishimiz lozim. Bizni qanday sinov kutib turganini bilamiz va unga tayyormiz. "Barselona" juda kuchli jamoa va ularga alohida yondashuv zarur. Chempionlar Ligasi butunlay boshqacha turnir. Bu erda doim kuchli raqiblarga duch kelasiz. Eng muhimi, nimani amalga oshirmoqchigimizni anglashimiz. Raqib kuchli, ammo biz o‘z kuchimizga ishonamiz".
"Barselona"
Bir qarashda barchasi kataloniyaliklarning mag‘lubiyatiga ishora qilayotgandek: etakchilarning jarohat olishi, jamoada barqarorlik yo‘qligi, birinchi uchrashuvdagi yirik hisobdagi mag‘lubiyat. Ammo bulardanda og‘irroq tosh bosishi mumkin bo‘lgan bir jihat bor. Leo Messi hamon ko‘k-anorrangli libosda to‘p tepmoqda. Kezi kelganda, shuning o‘zi ham etarli bo‘lishi mumkin. Bugungi bellashuvda ko‘p narsa argentinalik yulduzning kayfiyatiga bog‘liq. Agar chin dildan istasa, "Barsa" kambekka qodirligini Ispaniya kubogi yarim finalida ko‘rsatib ulgurdi. Ammo PSJ "Sevilya" emasligini ham yoddan chiqarmaslik zarur. Kataloniyaliklar Messi atrofida o‘yin qurish orqali muvaffaqiyatga erishishi mumkinligi haqida gapirib o‘tdik, biroq bu jamoaning zarariga ishlashi ham ehtimoldan holi emas. So‘nggi yillarda aynan Messining "pinjiga kirib olgan" kataloniyaliklar dahshatli kambeklar qurboniga aylanganini ham e’tibordan chetda qoldirish mumkin emas. O‘shanda raqib jamoa Leoni ustalik bilan qo‘riqlab, uni qolgan jamoadoshlaridan uzib qo‘ya olgandi. Shu yo‘l orqali, "Roma" va "Liverpul" "Barselona"ni to‘xtata olgan. Ammo o‘shanda "falokat"larga kataloniyaliklardagi ortiqcha xotirjamlik ham sabab bo‘lgandi. Bugun esa ularda zarracha xotirjamlik yo‘q va barchasi 1 o‘yinda hal bo‘ladi. Demak, Toshkent vaqti bilan 01:00 da "Yil uchrashuvi" bo‘lish uchun da’vogarlik qilishi mumkin bo‘lgan bahsni o‘tkazib yubormang!
Taxminiy tarkib: Ter Shtegen, Mingeza, Langle, Umtiti, Dest, De Yong, Buskets, Alba, Pedri, Messi, Grizmann.
Ronald Kuman: "Menimcha, imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Bizda bor imkoniyatdan foydalanish uchun samarali harakat qilishimiz lozim. Bu juda murakkab vazifa. PSJ kuchli jamoa va ular Chempionlar Ligasini yutish uchun harakat qilmoqda. Biroq biz kambek qila olamiz. O‘z omadimizni sinab ko‘rmoqchimiz. "Barselona" doim g‘alaba uchun maydonga tushadi va umid qilamanki, biz vazifani uddalaymiz. 2017 yilgi natija? PSJ bundan qo‘rqadi, deb o‘ylamayman".
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar