“Barselona” Xoland transferi bo‘yicha bir qarorga keldi
“Manchester Siti” hujumchisi Erling Holand “Barselona”ning transfer nishonlari ro‘yxatiga kiritilganiga ancha bo‘ldi. Biroq bu juda murakkab jarayon hisoblanadi.
Jurnalist Serxio Gonsales ma’lumotiga ko‘ra, Kataloniya superklubi norvegiyalik futbolchining transferiga qo‘l urishga shoshilmaydigan bo‘ldi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor.
Hozircha bu savdo imkonsiz, hatto Xosep Gvardiola “Manchester Siti”ni tark etgan taqdirda ham, rejani amalga oshirish o‘ta qiyin bo‘ladi.
“Barselona” prezidenti Joan Laporta hech bir hujumchi uchun birdaniga 100 million evrodan ortiq mablag‘ to‘lamaydi. Kataloniyaliklar to‘lovni bo‘lib-bo‘lib amalga oshiriladigan transferni afzal ko‘rmoqda.
Erling Holand 2022 yili Dortmundning “Borussiya” klubidan “Manchester Siti”ga 60 million evro evaziga o‘tgan edi. Uning shartnomasi 2034 yilning 30 iyunigacha amal qiladi.
Bugungi kunda Holandning transfer bozoridagi qiymati 200 million evro atrofida baholanmoqda. Qolaversa, Erling Evropada eng katta maosh oladigan futbolchi hisoblanadi va uning xizmat haqi “Barselona”ga og‘irlik qilishi mumkin.
Joriy mavsumda hujumchi "shaharliklar" safida barcha musobaqalarda 52 ta o‘yin o‘tkazib, 38 ta gol urdi va to‘qqizta golli pas berdi.

Fikrlar