
Baxtiyor Ashurmatov «Buxoro»da baxtiyor emasmidi? Yoxud Ashurmatovning klubdan ketish tafsilotlari
Iste’folar murabbiylar hayotining bir qismi hisoblanadi. Cuperligamizda ham ana shunday iste’folar boshlanganini aytib o‘tish joiz. Avvaliga «So‘g‘diyona»dan Sergey Lushan ketgan bo‘lsa, keyin Eldor Sakaev «Andijon» bosh murabbiyligini topshirdi, Baxtiyor Ashurmatov ham «Buxoro»ni tark etishga majbur bo‘ldi. Mavsum boshida «Buxoro»ga qaytgan Baxtiyor A’zamovichning u erda faoliyati uzoq davom etmagani achinarli bo‘ldi.
«Hozir ish topish oson emas»
To‘g‘ri, «Buxoro» Ashurmatov boshchiligida o‘tgan 8 ta o‘yinda faqat bir bor g‘alaba qozonib, uch bor durang o‘ynab, to‘rtta o‘yinda yutqazgandi. Lekin vaziyat u qadar qo‘rqinchli darajada emasdi. Ashurmatov esa avvalo nima uchun iste’foga chiqqani haqida gapirdi.
- Jamoadan o‘z ixtiyorim bilan ketdim. O‘z maydonimizdagi oxirgi uchta o‘yinimizda bor yo‘g‘i bir ochknoni qo‘lga kiritdik. Bu vaziyat esa ayrim muxlislarning e’tiroziga sabab bo‘ldi. «Surxon» bilan o‘yindan oldin uchta o‘yinda kamida olti ochko qo‘lga kiritmasak ketaman, degan so‘zlarni aytdim. «Surxon»ga qarshi uchrashuvda mag‘lubiyatga uchraganimizdan keyin jamoamiz rahbarlari To‘ra aka Barnoev va Amrillo aka G‘iyosovlarga balki «Buxoro»dan ketsam jamoaga foyda bo‘lar, degan fikrni bildirdim. Rahbarlarimiz ham meni fikrimga qo‘shilishdi va men «Surxon» bilan o‘yindan keyin yigitlar va jamoa muxlislariga ishdan bo‘shaganimi aytdim va biz jamoa bilan do‘stona xayrlashdik. To‘g‘ri, vaziyatni to‘g‘irlasa bo‘lardi. Chunki u erda yaxshi jamoa yig‘ilgandi. Faqat oxirgi o‘yinlarda omad ham etishmadi. Natija ham ijobiy bo‘lmadi. Shu sababli murabbiy sifatida salbiy natijalarda o‘zimni aybdor his qildim va ishdan bo‘shasam jamoa uchun foyda bo‘ladi, degan qarorga keldim. To‘g‘ri, ayrim murabbiylar yaxshi oylik maosh evaziga ishga joylashishadi va jamoadan xaydalmaguncha ketmaslikka harakat qilishadi. Meni qarashlarim esa boshqacharoq. Muxlislar va rahbariyat xohlagan natijani qila olmadimmmi, obruyim tushsa-da, aybimni bo‘ynimga olib ishdan ketaman. To‘g‘ri, hozir ish topish oson emas. Lekin jamoani oxirigacha cho‘ktirib, qiyin ahvolda tashlab ketgandan ko‘ra shu yo‘lni ma’qulroq ko‘raman. Hozirgi vaziyatda «Buxoro»ning bitta g‘alabasi jamoani turnir jadvalida bir necha yuqoriga ko‘taradi. «Buxoro»ni qabul qilganimdan keyin yaxshi taklif bo‘ldi. Lekin o‘sha payt yaxshi taklifni deb ketsam muxlislar ham noto‘g‘ri tushunishardi. Hozir esa oldimda birorta ham variant yo‘q. Sabr qilamiz va taklif tushsa xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda ishga kirishamiz.
«Jamoani qabul qilishim katta tavakkal edi»
Aslida jamoada ishlar u qadar ko‘ngildagidek emasligi oldindan ma’lum edi. Lekin shunga qaramay, Baxtiyor Ashurmatov jamoani boshqarishga rozi bo‘ldi. Natija esa baribir salbiy bo‘ldi. Ya’ni, aslida ham voqealar rivoji uning iste’fosiga qarab ketayotgandek edi.
- To‘g‘ri «Buxoro»ni qabul qilib olganimda jamoada muammolar juda ham ko‘p edi, - deb mavzuni davom ettirdi, sobiq bosh murabbiy. - O‘n to‘rtta futbolchi o‘tgan yilgi mavsumdan qarzdorlik bo‘yicha shikoyat xati yozgan edi. Jamoaning o‘tgan yilgi mavsumdan qarzdorligi 6,5 milliard so‘mni tashkil qilardi. Yana o‘tgan yilgi oltinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoa deyarli tarqab ketgandi. Bu degani jamoani yangitdan shakllantirish kerak edi va bu yilgi jamoaning smetasi o‘tgan yili oltinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoanikidan ikki baravar kam edi. Bunday vaziyatda jamoani qabul qilib olishim juda katta tavakkal edi. Lekin shunga qaramasdan men yaxshi jamoa tuza olaman, deb ishongan edim. Chunki jamoa rahbariyati va muxlislari menga katta ishonch bildirishgandi. «Buxoro» muxlislari qanaqa katta kuch ekanligini esa hamma biladi. Jamoani qabul qilib olishimga yana bir asosiy sabablardan biri, men OKMK jamoasidan ketishim yoki qolishim aniq bo‘lmagan vaziyatda «Buxoro» rahbarlaridan biri qo‘ng‘iroq qilib qachon bo‘lsa-da, «Buxoro» jamoasining eshiklari siz uchun ochiq degan so‘zlari menga kuch bag‘ishlagandi va menga dalda bo‘lgandi. Shu sababli OKMKdan ishdan ketishim zahoti menga «Buxoro» jamoasidan taklif tushdi. Toshkentda jamoa direktori Shuhrat Hamroev bilan uchrashdim va bu yigitning ishga chanqoq, o‘z oldiga yuqori vazifalarni qo‘yadigan, jamoani yuqori saviyaga olib chiqishga tayer oliyjanob inson ekaniga amin bo‘ldim. Shundan keyin Buxoroga borib, «Buxoro» viloyati rahbarlari bilan uchrashdim. Viloyat rahbarlari ham menga ishonch bildirishdi. To‘g‘ri, bu uchrashuvlardan so‘ng menga qanchalik qiyin bo‘lishini tushunib etdim. Lekin menga bu insonlarning hamda muxlislarning ishonchi kuch bag‘ishladi va men yaxshi niyat bilan ishga kirishdim. Yana bir tomoni «Buxoro»da Ulug‘bek Baqoev bilan ishlaganimda ishimiz samarali bo‘lgan edi. «Buxoro» klubi va insonlari menda iliq taassurot qoldirgandi. Shu sababli boshqa taklif bo‘lishini kutmasdan bu taklifga rozi bo‘ldim.
«Tarkibimizdan qoniqmadim»
Shuningdek, Baxtiyor Ashurmatov «Buxoro»da yig‘ilgan tarkibdan qoniqish hosil qilayotganmidi yoki yo‘qmi? Bunga o‘zi quyidagicha javob berdi.
- «Buxoro»da yig‘ilgan tarkibdan to‘liq qoniqish hosil qilmadim. Ayrim chiziqlarda raqobat yo‘q edi. Selektsiya jarayonida ko‘p jamoalar bizning jamoaga nisbatan faolroq bo‘lishdi. O‘yinchi taklif qilishda boshqa jamoalarga raqobatda yutqazdik. Jamoamizga taklif qilmoqchi bo‘lgan bir nechta o‘yinchilar mablag‘ tomondan yaxshiroq taklif bo‘lgan boshqa klublarga o‘tib ketishdi. Lekin shunga qaramasdan biz yomon tarkib tuzmadik. Ivan Nagaev, Rabbim Hasanov, Salamat Quttiboevlarda boshqa yaxshiroq taklif bo‘lishiga qaramasdan jamoada qolishdi. Viloyat rahbarining o‘zlari klubga legionerlar jalb qilishimizda bevosita yordam berishdi va biz imkon darajasida raqobatbardosh jamoa tuzishga muvaffaq bo‘ldik. Lekin «Buxoro»da etakchi futbolchi topilmadi. Etakchi futbolchining yo‘qligi ham natijaga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
«Bir guruh muxlislar janjal ko‘tarishdi»
Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, mavsum yaqindagina boshlangandi va murabbiyda vaziyatni o‘zgartirish uchun vaqt kam emasdi, bizningcha. Shunday ekan, qaror chiqarishda shoshilmadimikin?
- To‘g‘ri, vaziyatni to‘g‘irlash uchun imkoniyat bor edi. Lekin ayrim muxlislar tomonidan bosim kuchayib ketdi. Eng yomoni «Bunyodkor» bilan bo‘lgan o‘yindan keyin bir guruh muxlislar jamoa bazasiga kelib, janjal ko‘tarishdi. Ayrimlari esa jamoadan ket, nimaga mahalliy futbolchilarni o‘yinga qo‘ymayapsan, degan e’tirozlarni bildirishdi. Ayrimlari esa haqorat qilishgacha borishdi. Vaholanki, oxirgi yillarni tahlil qilib chiqilsa, bu yilgi tarkibdagi mahalliy futbolchilar avvalgi yillardan sezilarli darajada ko‘pchilikni tashkil qilardi. Mening fikrimcha, bitta-ikkita mag‘lubiyatdan keyin jamoadagi ayrim insonlarning ham menga nisbatan fikri o‘zgargandek tuyuldi. Bu vaziyatlar esa menga og‘ir botdi. Eng asosiy sabab esa qanchalik harakat qilmaylik, natijalarning salbiy bo‘lganligidir. Shu sababli o‘zgarish bo‘lsa jamoaga foyda bo‘ladi, degan fikrga keldim.
«Jamoani tez-tez almashtirish murabbiyning obro‘sini tushiradi»
Yana bir tomoni shundaki, oxirgi paytlarda Ashurmatovda klublarni o‘zgartirish holati tez-tez ro‘y bermoqda. Nima sababdan bir jamoada uzoq vaqt ishlash unga nasib qilmayapti? Bunga nima sabab? Ushbu masala bo‘yicha ham Baxtiyor A’zamovichning fikrlarini eshitamiz.
- Gapning ochig‘i, bu holat menga ham yoqmayapti. O‘zimning niyatim ham bir jamoada ko‘proq ishlab natija ko‘rsatish. Shu sababli endi biror jamoadan taklif bo‘lsa, kamida ikki-uch yillik shartnoma tuzib, shu shartnoma vaqti tugamaguncha ishlamoqchiman. Chunki jamoani tez-tez alishtirish murabbiyning obro‘sini tushiradi. Lekin qaysi jamoada ishlasam ham chin yurakdan ishlamoqdaman. OKMKda ham, «Buxoro»da ham sidqidildan ishladim. Egri yo‘ldan yurmadim. Muxlislar va jamoa rahbarlari oldida vijdonim toza. «Buxoro»ni qabul qilganimda ham klubning har bir muammosini o‘zimning muammolarimdek qabul qildim. Jamoa rahbari Shuhrat Qo‘zievich bilan birga qarzdorlikni bartaraf qilish yo‘lida katta hajmdagi ishlarni bajardik. Kerak bo‘lsa futbolchilarga qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha iltimos qildik. Chunki qarzdorlik bartaraf etilmasa jamoa Superligadan chetlatilish ehtimoli bor edi. Ko‘p futbolchilar vaziyatni tushunib, yordam berishgani uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Jamoa tuzishda ham kerak bo‘lsa, futbolchilarga iltimos qildik. Negaki, fikru xayolimiz yaxshi jamoa tuzish, muxlislarimiz oldida uyalib qolmaslik edi. Lekin afsuski natija bo‘lmasa qilgan mehnatlariz ham ko‘zga ko‘rinmas ekan.
«Buxoro»dan ketishimni istagan ayrim
insonlarning niqobi echilib ham qolgandi»
Murabbiyni ishga kelishidan ko‘ra ishdan ketishi juda osondek. Ashurmatov bilan bog‘liq vaziyatlarda doim ham haqqoniy bo‘lyaptimi? Tabiiyki, bu borada murabbiyning bildiradigan fikrlari ham qiziq.
- Fikringizga qo‘shilaman. Murabbiyni olib kelguncha ayrim rahbarlar hamma narsaga tayyor bo‘lishadi. Lekin ikki-uchta mag‘lubiyat bo‘lsa ayrim rahbarlarning fikrlari tez o‘zgaradi. Bitta murabbiyga ishonch bildirilgandan keyin sabrliroq bo‘lish kerak, oxirigacha ishonch bildirish lozim. Murabbiy ham sehrgar emas. Yaxshi jamoa tuzish uchun murabbiyga ham vaqt kerak bo‘ladi. Qaysidir jamoadan ishdan ketganimda nohaqlik ham bo‘lgan, ayrim vaziyatlarda o‘zim aybdor bo‘lganman. Asosiysi, bu xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarish. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham qaysi jamoadan ishdan bo‘shamay uning muxlislari, rahbarlari bilan bir-birimizga omad tilagan holda do‘stona xayrlashganman va keyinchalik ham yaxshi munosabatda bo‘lganman. «Buxoro» jamoasi bilan ham do‘stona xayrlashdik. Jamoamizning asosiy homiy tashkiloti rahbari oxirigacha qo‘llab-quvvatlashdi. Shuncha qiyinchilik bilan jamoa tuzib ketishingiz noto‘g‘ri deb oxirigacha qo‘llab-quvvatladi. Klub rahbari Shuhrat Qo‘zievich «Buxoro»dan ketsangiz ham jamoa tizimida qolib ishlashingiz mumkin deb kayfiyatimni ko‘tardi. Menga ishongan insonlardan umrimi oxirigacha minnatdorman. Natija bo‘lmaganligi uchun Buxoro viloyati rahbari O‘ktam Isaevich, rahbarlarimiz Akbar Alisherovich, To‘ra aka Yodgorovich, Shuhrat Qo‘zievich va meni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimiz oldida hijolatdaman. Ularga sog‘lik salomatlik va kelgusi ishlarida omad tilab qolaman.
Jamoadan ketganimdan keyin menga ishongan jamoamiz rahbari Akbar Alisherovich jamoaga qaytib ishingizni davom ettiring, deb ishonch bildirishdi. Lekin jamoadagi futbolchilar hamda muxlislar bilan xayrlashib ketganligimni aytib uzr so‘radim. Chunki jamoa bilan xayrlashib yana qaytib borganimda noqulay vaziyat bo‘lar edi. Futbolchilarni ruhlantirishda ham muammolarga duch kelishim mumkin edi. Yana shu ikki-uch kun ichida meni jamoadan ketishimda manfaatdor bo‘lgan ayrim insonlarning niqobi ham echilib qolgandi va qaytib borsam u insonlar jamoadan ketishi kerak bo‘lar edi. Chunki meni jamoadan ketishimni xohlab yurgan insonlar bilan ishlashning imkoni yo‘q edi. Muxlislarni ham menga qarshi qilib qo‘ygan inson jamoada bormikin, deb o‘ylanib qoldim. Chunki ishdan ketgunimcha muxlislar menga qarshi degan fikrda edim. Lekin ishdan ketaman deganimdan keyin ko‘p muxlislar meni qo‘llab-quvvatlashdi, ayrim o‘z manfaatini o‘ylagan muxlislarning gapiga quloq solmang, sizga ishonamiz degan fikrlarni aytishdi. «Buxoro»ning asl muxlislaridan, jamoaning mag‘lubiyatlaridan kayg‘uradigan muxlislaridan natija bo‘lmaganligi uchun uzr so‘rayman va ularga chin yurakdan rahmat deb qolaman.
«OKMK - men uchun ideal jamoa»
Baxtiyor A’zamovich o‘zi bilan bog‘liq vaziyatlarda ketma-ket iste’folardan xulosa chiqarayotgan bo‘lsa ham kerak. Xo‘sh, o‘zi uchun ishlagan klublari orasida ideal jamoa qanday bo‘lishi kerak?
- Ishlagan jamoalarim ichida men uchun ideal jamoa OKMK deb aytaman. Chunki bu jamoada faqat futbol haqida o‘ylaysiz. Mashg‘ulot uchun maydon, futbolchilar uchun mehmonxona muammo emas. Oylik maoshlar vaqtida. Qarzdorlik umuman yo‘q. Futbolchilar ham pulimizni qachon olamiz deb o‘ylanishmaydi. Faqat futbol haqida o‘ylashadi. Futbolchilarni ruhlantirish ham oson. Muxlislari ham futbolni yaxshi ko‘rishadi. Lekin muxlislar soni ko‘pchilikni tashkil qilmaydi. Namangan, Andijon va Buxoroda men ishlaganimda tashkiliy va mablag‘ tomondan ko‘p muammolar bo‘lgan. Biroq muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi esa ajoyib darajada. Hozir Namanganda katta ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Agar bu jamoalarda mablag‘ va tashkiliy tomondan vaziyat yaxshilansa bemalol chempionlik uchun kurashish imkoni bo‘lardi. Men uchun ideal jamoa OKMKning sharoiti, «Navbahor» va «Buxoro» jamoasining muxlislari.
«Ko‘ngilchanligim tufayli ayrim futbolchilarni
jamoada qoldirganim zararimga ishladi»
Baribir natijaga murabbiy javob berishi shubhasiz. Shunga yarasha tarkibni ham o‘zi yig‘adi. Balki qaerdadir xatoga yo‘l qo‘ygandir. Shuni hisobga olib, o‘zidan «Buxoro»dagi ishi davomida qanday xatoga yo‘l qo‘ygani haqida ham so‘radik.
- «Buxoro»dagi ishim davomida bir nechta xatolarga yo‘l qo‘ydim deb hisoblayman. Nima bo‘lsa ham Shavkat Salomovni jamoada olib qolishim kerak edi. Chunki jamoamizda Salomovga o‘xshagan etakchi futbolchi etishmadi. Keyin ayrim jamoaga foydasi tegmaydigan mahalliy futbolchilarni olib qolmasligim kerak edi. Asosiy tarkibda 23 ta o‘yinchi va 4 ta darvozabon olib qoldik. Buning oqibatida ayrim futbolchilar o‘yin qaydnomasiga tushishmadi. Asosiy tarkibda o‘yinchi ko‘pligi hisobiga o‘rinbosarlar tarkibida o‘zini ko‘rsatgan yoshlarni jamoaga jalb qila olmadik. Ko‘ngilchanlik qilib ayrim futbolchilarni jamoada olib qolganim meni zararimga ishladi. Ular esa o‘z ustida ishlab o‘yinini o‘stirish o‘rniga bizni asosiy tarkibga qo‘ymayapti deb har xil gaplarni chetga chiqarishni boshlashdi. Bu esa jamoada muhitning buzilishiga, jamoa ichidagi gaplarni chetga chiqishiga sabab bo‘ldi. Jamoa bir oila, mustahkam qo‘rg‘on bo‘lishi kerak. Jamoaning ichki sirlari chetga chiqmasligi kerak. Mayli, menga qarshi bo‘lgan ayrim futbolchilarning, ayrim jamoadagi insonlarning vijdoniga havola. Chunki qiyin vaziyat bo‘lganda hammamiz birlashib qiyin vaziyatdan chiqish yo‘llarini izlashimiz kerak edi. Lekin ayrimlar mening ishdan ketishim bosimni kamaytiradi deb hisoblashdi. Lekin men shuni aniq bilamanki, meni ketishimdan xursand bo‘lgan futbolchilarning xursandchiligi uzoqqa bormaydi. Yangi kelgan murabbiy ham kim kuchli bo‘lsa, o‘sha futbolchini maydonga tushiradi. Shu narsaga amin bo‘ldimki, mahalliy futbolchini o‘ynatasizmi yoki boshqa shahardan kelgan futbolchinimi, natija qilsangiz hech kimning e’tirozi bo‘lmaydi. Agar natija qilmasangiz 10 ta mahalliy futbolchi o‘ynatsangiz ham norozi bo‘lishadi. Chunki futbolda asosiysi natija.
Oxirgi paytda jamoa rahbariyatiga ham katta bosim bo‘lmoqda. Lekin men shuni aytishim mumkinki, rahbariyat qo‘lidan kelgancha harakat qilmoqda. To‘ra aka Barnoev bazadagi sharoitlar yaxshilanishida o‘zlari bosh-qosh bo‘lishmoqda. Kelajak avlod uchun yaxshi futbol bazasi qolish uchun tinimsiz mehnat qilishmoqda. Jamoa rahbari Shuhrat Qo‘zievichni esa men ishlagan rahbarlar ichida eng yaxshilaridan biri deb bilaman. Chunki mavsum boshida jamoa jar yoqasida turgandi. Shuhrat Qo‘zievich viloyat rahbarlari yordamida jamoani jar yoqasidan olib chiqib ketdi. Ko‘plab muammolarni hal qildi. Jamoa oldida ham bu yilgi mavsumda qarzdorlik katta bo‘lmasligini ta’minlamoqda. To‘g‘ri, oldingi rahbarlar ham yomon ishlashmagan. Lekin u payt mablag‘ hozirgidan ikki baravar ko‘p edi. Mablag‘ bor joyda esa ishlash ham osonroq. Men jamoa futbolchilariga va muxlislariga keyingi o‘yinlarda omad tilayman. Xudo xohlasa, jamoa tez orada yaxshi o‘rinlarga ko‘tarilishiga tilakdoshman.
«Bu mavsum «Paxtakor»ning yili bo‘ladi»
Ko‘pchilik «Paxtakor»ni chempionlik uchun asosiy nomzod deb hisoblayapti, bu fikrga Ashurmatov ham qo‘shilarmikin?
- Bu yil «Paxtakor»ning yili deb hisoblayman. Chempionlik yo‘lida raqobat qilishi mumkin bo‘lgan jamoalar hozirgacha ko‘p ochko yo‘qotib bo‘lishdi. Shu sababli biror jamoa «Paxtakor»ga jiddiy raqobat ko‘rsata olmaydi, degan fikrdaman.
Fikrlar