Bektemir tayyor! WBA jahon chempionligi jangini O'zbekistonda o'tkazishmoqchi

  • 08.10.2026 22:03
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

WBA versiyasida jahon chempionligi uchun majburiy daʼvogar boʻlgan oʻzbekistonlik mashhur bokschi Bektemir Meliqoʻziev meksikalik chempion Xayme Mungia undan qoʻchayotganini aytdi va raqibini qoʻshimcha haq evaziga jangni Oʻzbekistonda oʻtkazishga chaqirdi.

«Jamoam oldiga bir aniq vazifa qoʻyilgan edi: bu jangni amalga oshirish va menga jahon chempionilik kamari uchun kurashish imkoniyatini berish uchun qoʻlimizdan kelgan barcha ishni qilish.

Biz ular qoʻygan barcha shartlarga rozi boʻldik, barcha shubhalarini yoʻqqa chiqardik. Men Xayme Mungia bilan qisqa tayyorgarlik muddatida, toʻliq mashgʻulot yigʻinisiz jang qilishga rozi boʻldim. VADA doping nazoratisiz jangga chiqishga ham koʻndim, garchi biz doimo bu test oʻtkazilishini talab qilib kelgan boʻlsak-da. Hatto eng kam gonorarga yoki umuman gonorarsiz jang qilishga ham rozi boʻldim.

Bu jang boʻlib oʻtishi uchun mumkin boʻlgan barcha imtiyozlarni berdik. Shunga qaramay, jamoam hozir menga Mungia hali ham men bilan jang qilishdan bosh tortayotganini aytdi.

Shuning uchun mening bitta oddiy savolim bor: nega haligacha promouterlik savdolari eʼlon qilinmadi? Agar chempion majburiy himoya jangini oʻtkazish majburiyatini bajarishdan bosh tortsa, nega haligacha undan chempionlik kamari olib qoʻyilmadi?

Men uzoq vaqtdan beri qoʻlga kiritgan huquqim — bu imkoniyatni olish uchun yana nima qilishim kerak? 

Umuman olganda, kimdir Mungia va uning jamoasidan soʻradimi: nega u oʻzining majburiy daʼvogariga qarshi jang qilishni istamayapti? Balki u hurmat qilish mumkin boʻlgan sababni ayta olar? Agar u kamida shu sababni butun dunyoga ochiq aytsa, u haqiqatan jiddiy boʻlsa, men bunga hurmat bilan munosabatda boʻlaman. Majburiy daʼvogar va qoidalar yoʻqdek tutishni bas qilish kerak.

Eshitishimcha, u oson raqibga qarshi jang uchun bir million dollar olishi kerak edi, lekin menga qarshi jang uchun yana koʻproq pul talab qilmoqda, bu uchun esa byudjet yoʻq. Ular mendan tekiniga jang qilishimni, ustiga-ustak Mungiaga oʻzigа ham pul qoʻshib berishimni kutayaptimi? Muammo yoʻq. Kel, jangni Oʻzbekistonda oʻtkazaylik — senga menga qarshi ringga chiqishing uchun qoʻshimcha pul ham beramiz!», — deb yozdi Meliqoʻziev oʻzining instagram sahifasida.

Meliqoʻziev va Mungia oʻrtasidagi vaziyat WBA rasmаn meksikalik chempionini ikkinchi oʻrta vazn toifasida oʻz kamarini zudlik bilan himoya qilishga majbur etganidan soʻng keskinlashdi. Majburiy daʼvogar maqomini Bektemir bir yildan ortiq vaqtdan beri saqlab turibdi.

Mungia tomoni esa bu jangdan qochishga urinayotgani, Meliqoʻzievga boshqa raqibga qarshi ixtiyoriy jang oʻtkazish uchun pul taklif qilayotgani aytilmoqda. Biroq Bektemir bu taklifni rad etdi, chempion tomonini sportga nisbatan hurmatsizlikda ayblab, Mungia bilan tekiniga jang qilishga ham tayyor ekanini ochiq bayon qildi.

Tomonlarga 21 oktyabrgacha muzokaralar olib borish uchun vaqt berilgan. Agar shu muddatgacha kelishuvga erishilmasa, WBA jang huquqi uchun promouterlik savdolarini eʼlon qiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!