
"Bellator 245" turnirining markaziy jangi to‘liq davom etdi
Hozirgina AQShning Konnektikut shtati, Ankasvill shahrida qad rostlagan "Mohegan Sun" arenasida "Bellator 245" turniri o‘z yakuniga etdi. Uning markaziy jangida sobiq UFC jangchilari braziliyalik Lioto Machida hamda AQSh vakili Fil Devis o‘zaro to‘qnash keldi. Mazkur jang ularning ikkinchi bahsi bo‘lib, dastlabkisi 2013 yil "UFC 163" turnirida bo‘lgandi. O‘shanda Fil ochkolar hisobiga g‘alabaga erishgan.
Bu safargi to‘qnashuvda ham avvalgisi kabi g‘olib ochkolar bo‘yicha aniqlandi va yana Fil Devis omadli chiqib, g‘alabani ilib ketdi. Mazkur g‘alaba Devisga yarimog‘ir vazn toifasida chempionlik jangi uchun amaldagi kamar sohibi rossiyalik Vadim Nemkovga qarshi oktagonga ko‘tarilish imkoniyatini beradi. Ya’ni, u birinchi raqamli da’vogarga aylandi. Yana shuni qo‘shimcha qilish lozimki, Devis so‘nggi mag‘lubiyatini "Bellator 209" turnirida aynan Nemkovdan qabul qilib olgandi.
Fikrlar