“Benfika” xodimlari “Real Madrid”ning kiyinish xonasiga kirishga urindi
UEFA Chempionlar ligasi pley-off bosqichi doirasida bo‘lib o‘tgan “Benfika” — “Real Madrid” uchrashuvidan keyin keskin vaziyat kuzatildi. Mazkur bahsda madridliklar minimal 1:0 hisobida g‘alaba qo‘zondi.
Uchrashuvning ikkinchi taymida o‘yin tez-tez to‘xtab qoldi. Bunga sabab — “Real” vingeri Vinisius Zhuniorni raqib futbolchisi Janluka Prestianni irqchilikda aybladi. Braziliyalik futbolchi bosh hakam Fransua Leteksyega murojaat qilib, argentinalik o‘yinchi uni “maymun” deb haqorat qilganini ma’lum qildi. Shu paytda Prestianni og‘zini futbolkasi bilan yopib olgani ham qayd etildi.
Ushbu holatdan so‘ng Vinisius mezbon jamoa muxlislari tomonidan hushtakbozlikka duch keldi.
Shuningdek, uchrashuvning 85-daqiqasida bosh murabbiyi Joze Mourinyo chetlatildi. Mutaxassis Vinisiusning portugalik yarim himoyachi Rishar Riosga qarshi jarima maydoni chizig‘i yonida qoidabuzarlik qilganiga qaramay, ogohlantirilmaganiga keskin e’tiroz bildirdi. Ta’kidlash joizki, Vinisiusda o‘sha paytga qadar bir sariq kartochka mavjud bo‘lib, u golni raqs bilan nishonlagani uchun ko‘rsatilgan edi.
CBS Sports ma’lum qilishicha, final hushtagidan so‘ng “Benfika” xodimlari “Real Madrid” jamoasining kiyinish xonasiga kirishga urinjan. Bu esa tomonlar o‘rtasida janjal kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Fikrlar