
Birinchi davraning so‘nggi turi oldidan: "Loko" futbolchilarida o‘ynash uchun katta xohish yo‘q, "Qizilqum"ning o‘yini esa...
Nihoyat, Coca-Cola Superliganing birinchi davrasi ham tugash arafasida. 27-29 avgust kunlari so‘nggi 13-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi.
Xo‘sh, birinchi davraning oxirgi turini kim qanday natija bilan tugatarkin? Bu borada taniqli mutaxassis Islom Ahmedov jamoalarning imkoniyatlarini chamalagan holda har bir juftlikka o‘z munosabatini bildirdi.
27 avgust (payshanba)
“Nasaf”da doim motivatsiya bor”
“Lokomotiv” – “Nasaf”
- “Nasaf”ning ham, “Lokomotiv”ning ham “Paxtakor”ga qarshi o‘yinlarini kuzatgandim. Aytishim joizki, hozir “Lokomotiv”da juda qiyin vaziyat. Futbolchilarning o‘ynashga katta xohishlari ham yo‘q. Lekin fikrimcha, professional futbolchi maydonga tushganda, o‘z o‘yinini ko‘rsatishi kerak. Mening nazarimda, ushbu uchrashuvda “Nasaf” g‘alaba qozonadi. Foiz bo‘yicha 40x60, degan bo‘lardim. “Nasaf” yosh, shijoatli jamoa. Ularda birlik va harakat bor. “Lokomotiv”da futbolchilar yaxshi maosh, mukofot pullari va yaxshi hayot ko‘rgan. Ammo ularda hozir ruhiy tomondan qiyin. “Nasaf”da esa har doim motivatsiya bor. Shunga yarasha o‘yini ham shakllangan.
“Paxtakor” yaqqol favorit”
“Paxtakor” – “Andijon”
- Hech qaysi jamoani “Paxtakor” bilan solishtirish noto‘g‘ri. O‘zbekistondagi eng kuchli klub – bu “Paxtakor”. Ular hamisha barqaror o‘yin ko‘rsatishyapti. Shu bois ular yaqqol favorit. “Paxtakor” o‘yinchilari ham kasallikka duch kelishgan, ammo qayta tiklana olishdi. Qisqasi, “Paxtakor” professional klub.
P.S. “Andijon” jamoasi moliyaviy muammolar tufayli “Paxtakor” bilan o‘yinda ishtirok eta olmasligi katta ehtimol.
28 avgust (juma)
“Haydarovga muddat kerak, ammo vaqt yo‘q”
“So‘g‘diyona” – “Surxon”
- “So‘g‘diyona”ning g‘alaba qozonish imkoniyatini 60 foizga baholayman. Fikrimcha, jizzaxliklar yaxshi shakllanishgan. Tarkibida tajribali futbolchilari ham bor, qolaversa, jamoaviy o‘yini ham yaxshi. Ruhiy jihatdan ham holatlari joyida. O‘tgan turda “Qizilqum” bilan o‘yin hammasini ko‘rsatdi. “Surxon” esa qiyin vaziyatda. Ularda yana murabbiy almashgan. Ravshan Haydarovga esa muddat kerak, ammo vaqt yo‘q. Shu bois ularga qiyin bo‘ladi.
“Ikkala jamoaning imkoniyati teng”
“Navbahor” – “Qo‘qon-1912”
- Juda jiddiy o‘yin bo‘ladi. O‘ylashimcha, jamoalarning imkoniyati 50x50. Ikkalasi ham yaxshi holatda. Buning ustiga bu vodiy derbisi hisoblanadi. Bunday vaziyatda esa qaysidir klubning imkoniyatini oshirib ko‘rsatish qiyin bo‘ladi. G‘alaba uchun ikkalasida ham bir xil imkoniyat bor.
“Birinchi marta mana shunday “Qizilqum”ni ko‘rib turibman”
“Bunyodkor” – “Qizilqum”
- “Bunyodkor” yosh va iste’dodli jamoa. Murabbiyi esa taniqli hamda tajribali. Ammo yangilangan “Qizilqum” menga juda yoqyapti. Ularning ikkita o‘yinini tomosha qildim, faollik bor, hammasi joy-joyida. O‘yin sur’ati ko‘rinib turibdi. Himoyada ham, hujumda ham tartibli o‘ynashyapti. Bilasizmi, birinchi marta mana shunday “Qizilqum”ni ko‘rib turibman. 45x55 foizga navoiyliklarning imkoniyatini yuqori baholayman.
29 avgust (shanba)
“Buxoro”ga qiyin, AGMK esa kuchayib boryapti”
“Buxoro” – AGMK
- AGMKning g‘alabaga bo‘lgan imkoniyatini ko‘proq deb o‘ylayman. Bu yil olmaliqliklar barqaror o‘yin ko‘rsatishyapti, har tomonlama. O‘tgan yili esa ularga qiyin bo‘lgandi, bugun yaxshi o‘ynasa, ertasiga aksi bo‘lardi. Lekin ushbu mavsumda hammasi boshqacha, AGMK kuchayib boryapti. “Buxoro”da esa qanday vaziyat ekanligini o‘zingiz ham bilasiz, murabbiy almashtirilgan. Lekin yangi o‘yinchilarni ololmadilar. Shu bois bosh murabbiyga ham og‘ir. AGMK bo‘lsa, oltin medalga kurashyapti.
“Bu juftlikda “Metallurg” yutsa kerak”
“Metallurg” – “Mash’al”
- Karantindan keyin “Metallurg”ning “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinini ko‘rgandim. O‘shanda bekobodliklar ajoyib harakat qilishgandi. Agar “Mash’al” bilan bahsda ham “Lokomotiv”ga qarshi o‘ynagan o‘yinini ko‘rsatsa, “Metallurg” yutadi. “Mash’al” esa jangovor jamoa. Intizomi yaxshi, asosiy e’tiborni qarshi hujumga qaratishadi. Baribir ushbu juftlikda “Metallurg” yutsa kerak, deb o‘ylayman.
Fikrlar