
"Bizda faqat hujumni yakunlovchi hujumchilarimiz yo‘q". "Sho‘rtan" ustozidan qanday qilib OKMK maydonidan ochko olgani haqida
Turnir jadvalida so‘nggi o‘rinda borayotgan “Sho‘rtan” bu turda musobaqa etakchilaridan biri – OKMK maydonida o‘ynadi.
Ko‘pchilik mezbonlarning g‘alabasini kutgandi. Biroq “Sho‘rtan” turnir jadvalida autsayder bo‘lsa-da, o‘yinlar davomida ochkolar yig‘ish uchun bor kuchini sarflamoqda va OKMKga qarshi bahsda ham buning uddasidan chiqib, bir ochko ishladi.
0:0 bilan yakun topgan bellashuvdan keyin “Sho‘rtan”ning vaqtinchalik bosh murabbiyi Eldor Moyliev fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Shunday shiddatli o‘yin bo‘lishini bilgandik. OKMKni “Neftchi” va “Nasaf”ga qarshi o‘yinlarini o‘rganib chiqdik. Bilamiz, kuchli jamoa. Ijrochilari ham bor. Iqtidorli yoshlari ham talaygina. Iloji boricha birga-bir vaziyatlarda yutqazmaslik bo‘yicha ko‘rsatma bergandik. Yigitlarimizga katta rahmat, aytgan ko‘rsatmalarimizni yaxshi bajarishdi. Birinchi bo‘lim aytarli teng kurashlar ostida o‘tdi. Ikkinchi bo‘limda baribir OKMK ustunlik qildi. Har doim bu jamoa ikkinchi bo‘limda o‘yiniga qo‘shadi. Ustunlik raqib tomonida bo‘ldi, omad biz tarafda bo‘ldi.
- O‘yindan oldin musobaqa peshqadamiga qarshi ko‘rsatma qanday bo‘lgan edi?
- Aytdimku, OKMKni o‘rganib chiqqandik. Har doim ikkinchi maydonda bo‘lib, qarshi hujum orqali o‘z omadimizni sinab ko‘rish uchun tayyorgarlik ko‘rdik. Bunday hozirlik ko‘rish uchun vaqtimiz etarlicha bo‘ldi. “Mash’al” va “Nasaf”ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazgandik. O‘sha uchrashuvlarda bugungidek qarshi hujumlarga tayyorgarlik ko‘rgandik. Bir-ikkita vaziyatlarimiz o‘xshadiyu, lekin qarshi hujumda baribir hujumni yakunlovchi hujumchilarimiz etishmadi.
- Anvar Berdiev jamoadan ketganidan keyin ijobiy natijalar ko‘zga tashlana boshladi. Ilk g‘alabaga erishdinglar, bu safarda kuchli raqib maydonida durang o‘ynadinglar. Anvar Berdiev ketgach, siz bilan yangi shartnoma imzolandimi yoki avvalgi bitim bilan ishlab kelyapsizmi?
- Yo‘q, shu yil boshidagi shartnoma bilan ishlayapmiz.
- Birinchi davra yakunlanib boryapti. “Sho‘rtan” ikkinchi davraga qanchalik tayyorgarlik ko‘radi? Yangi o‘yinchilar oladimi? Bu jamoa bilan baribir Superligada qolish nisbatan qiyin.
- Bizda yaxshi ijrochilarimiz ham bor. Nimaga qiyin? Qiyin emas. Baribir yaxshi o‘yinchilar olamiz. Hujumda oqsayapmiz. Ko‘rgan bo‘lsanglar, ko‘p o‘yinlarni yomon o‘tkazmayapmiz. Himoyada, yarim himoyada bizda yaxshigina futbolchilarimiz bor. Faqat hujumlarni yakunlovchi hujumchilarimiz yo‘q. Ikkinchi davrada ko‘z ostimizga olib qo‘ygan o‘yinchilarimiz bor. Ularni taklif qilamiz, baribir kuchayamiz. Superligada qolishga harakat qilamiz.
Fikrlar