Bizni mundialda qanday tarixiy voqealar kutmoqda?
FIFA jahon chempionati rekordlarini ma'lum qildi
“Jahon chempionati-2026” uchun barcha 48 ishtirokchi terma jamoalarning yakuniy tarkiblari tasdiqlanganidan so‘ng eng qiziqarli statistik ma’lumotlar ma’lum bo‘ldi.
Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu jahon futbolidagi noyob yutuqni qayd etadi. U Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi va Meksika terma jamoasi darvozaboni Gilyermo Ochoa bilan birga tarixda olti marta jahon chempionatida qatnashgan ilk futbolchilarga aylanadi.
Shuningdek, turnir yosh bo‘yicha ham rekordlar bilan ajralib turadi. Eng yoshi katta futbolchi Shotlandiya terma jamoasining 43 yoshli darvozaboni Kreyg Gordon bo‘ladi. 41 yoshli Ronaldu ham Ochoa bilan birga mundialning eng yoshi katta uch nafar ishtirokchisi qatoriga kiradi.
Jahon chempionatining eng yosh ishtirokchisi Meksika terma jamoasining 17 yoshli yarim himoyachisi Hilberto Mora bo‘ladi. Umuman olganda, turnir qaydnomalarida 20 yoshdan kichik bo‘lgan 22 nafar va 40 yoshdan oshgan yetti nafar futbolchi bor.
Qiziq jihati shundaki, jahon chempionatidagi eng baland va eng past bo‘yli futbolchilar o‘rtasidagi farq 45 santimetrni tashkil etadi. Eng baland futbolchi Avstriya terma jamoasi darvozaboni Florian Vigele (205 sm), eng past bo‘yli futbolchi esa Panama terma jamoasi yarim himoyachisi Sesar Yanis (160 sm) hisoblanadi.
“Jahon chempionati-2026” uchun rekord darajadagi 1248 nafar futbolchi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ularning 891 nafari uchun mazkur turnir debut bo‘lsa, 357 nafar futbolchi avval ham jahon chempionatlarida ishtirok etgan.
Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi hamda tarixda birinchi marta 48 ta milliy terma jamoa ishtirokida tashkil etiladi.
Manchesterliklarga kerak bo‘lmay qolgan Reşfordga beshta klub ish taklif qilyapti
“Manchester Yunayted”ga o‘tgan yilning yozidan beri kerak bo‘lmay qolgan hujumchi Markus Reşfordga hozirning o‘zida beshta klub ish berishga tayyor.
Ispaniyaning amaldagi chempioni “Barselona”da ijara muddati tugaganidan keyin Reşfordni 26 million funt sterlingga sotib olish huquqidan foydalanish uchun 15 iyungacha vaqt bor. Biroq kun sayin Markusning Kataloniya klubiga doimiy transferi ehtimoli kamayib bormoqda.
“Manchester Yunayted” rahbariyati “Barselona” bilan muzokaralarda kataloniyaliklarga hech qanday yon berishni rejalashtirmayapti va Markusning muvaffaqiyatli mavsumidan keyin uni foydali narxda sotishiga ishonmoqda.
Turli manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, Angliya terma jamoasining 28 yoshli futbolchisiga Angliya Premer-ligasining kamida uchta klubi qiziqmoqda. Gap “Nyukasl”, “Aston Villa” va “Tottenxem” haqida ketmoqda.
Shuningdek, Bundesliga grandi “Bavariya” ham Reşfordni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Myunxenliklar yaqinda Entoni Gordon uchun kurashda “Barselona”ga yutqazgan edi va bu pozitsiyani endi Markus Reşford yordamida kuchaytirmoqchi.

Izohlar (0)