BMB jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi

  • 07.02.2026 16:06
  • Abdukarim Atayev
  • 0
  • Futbol

Nodir Eliboev – BMB PFCga qaytdi. Bu haqida klub matbuot xizmati ma'lum qildi. 

Bugun BMB professional futzal klubida navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni klub prezidenti A.Mamatqulov boshqarib bordi.

"Yig‘ilishda Begimov Asqar Qutlimuratovichning boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan BMB PFC vitse-prezident, ijrochi direktori lavozimiga Do‘sqobilov Mavlon Qulmamatovich tayinlangani e'lon qilindi.

Yig‘ilish davomida OFK klublar o‘rtasida qit’а futzali nufuzini yanada oshirish maqsadida Osiyo chempionlar ligasi musobaqasini qayta tiklash bo‘yicha qabul qilingan muhim qarori va klubning ushbu qarordan kelib chiqadigan vazifalari muhokama qilindi.

Shuningdek, so‘nggi yillarda mamlakat miqyosidagi barcha musobaqalarda yetakchilik qilib kelayotgan BMB PFC uchun xalqaro maydonlarda ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilish vaqti kelgani ta'kidlandi. Shu munosabat bilan klub boshqaruv tizimini yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

BMB PFC o‘yin sifatini kuchaytirish hamda xalqaro arenalarda kuchli raqiblarga qarshi mardonavor, tengma-teng kurasha oladigan raqobatbardosh jamoani shakllantirish maqsadida bosh murabbiylik lavozimiga Nodir Eliboev tayinlangani ma'lum qilindi.

Nodir Eliboev BMB PFC bilan jamoaning shakllanish davridan tortib, yetakchi klublar safiga ko‘tarilishigа qadar birga bo‘lgan, klubdagi barcha ish jarayonlarini chuqur biladigan mutaxassis sifatida e'tirof etildi. Uning boshchiligida jamoa uch marta O‘zbekiston chempioni bo‘lganligi, mamlakat Kubogi hamda Superkubogi musobaqalarida zafar quchganligi eslab o‘tildi", - deyiladi berilgan xabarda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!