Bokschilarimiz Osiyo chempionatidagi yurishini boshladi!
Indoneziyaning Jakarta shahrida start olgan, boks bo‘yicha Osiyo chempionatida birinchi bo‘lib, U23 yosh toifasi, -50 kg vazndagi vakilimiz Amirbek Ismoilov ringga ko‘tarildi. U hindistonlik amaldagi kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempioni Vishvanatan Sureshga qarshi bahs yuritdi. Qiyin kechgan qarama-qarshilikda Ismoilov 0:5 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
-65 kg vazn toifasidagi vakilimiz Ilhomjon Ergashov ham Osiyo chempionatida o‘z yurishini boshladi.
U qatarlik Faysal Muhammadga qarshi jang qildi. Birinchi raunddan so‘ng, raqib jangdan bosh tortdi va g‘alaba vakilimizga topshirildi.
-55 kg vaznda U23 toifasidagi vakilimiz Faryozbek Do‘smatov, Osiyo chempionatining ilk bosqichida filipinlik Eljay Pamisa bilan to‘qnash keldi. Jangni ajoyib tarzda o‘tkazgan kichik Do‘smatov ishonchli tarzda 5:0 hisobida g‘alabaga erishdi.
-60 kgdagi iqtidorli vakilimiz Abdurahmon Mahmudjonov ham Osiyo chempionatida birinchi jangini o‘tkazdi. U mo‘g‘ulistonlik Dulgunsaixan Kharhuga qarshi qiziqarli bahs o‘tkazdi. Texnik va taktik jihatdan kuchliroq bo‘lgan Mahmudjonov yakunda 5:0 hisobida zafar quchib, g‘alabali yurishini boshladi.
Bu haqida O‘zbekiston Boks federatsiyasi xabar bermoqda.

Fikrlar