Bomba transfer: Ronaldu Messi bilan bir jamoada o'ynaydi
“Inter Mayami” klubi uzoq muddatli rejalari doirasida Krishtianu Ronaldu atrofidagi vaziyatni kuzatib bormoqda. Bu haqida insayder Xayit Amel-Amaniy xabar bermoqda.
Manba ma'lumotiga ko‘ra, Amerika klubi rahbariyati kelajakni hisobga olgan holda turli stsenariylarni ko‘rib chiqmoqda. Bunda “Inter Mayami” xo‘jayinlaridan hisoblangan Devid Bekxemning strategik qarashlari muhim o‘rin tutadi.
Bekxem zamonaviy futbolning eng sovrindor ikki yulduzi – Krishtianu Ronaldu va Lionel Messini ularning faoliyati so‘nggi bosqichida bitta jamoada birlashtirish g‘oyasini saqlab qolmoqda. Argentinalik hujumchi Lionel Messi 2023 yildan beri “Inter Mayami” safida to‘p suradi va 2025 yil oktabrda MLS klubi bilan shartnomasini 2028 yil oxirigacha uzaytirgan. 38 yoshida u professional faoliyatini AQShda yakunlashni rejalashtirmoqda va Ligalar kubogi hamda muntazam chempionat g‘alabasi uchun kurashishni maqsad qilgan.
Ronaldu esa rasmiy 2022 yilning 30 dekabrida Saudiya Arabistonining “An-Nasr” klubiga o‘tgan va 2023 yil 1 yanvardan buyon jamoa safida o‘ynab kelmoqda. 2025 yil iyun oyida portugalik futbolchi shartnomasini yana ikki yilga, ya'ni 2027 yilning 30 iyunigacha uzaytirdi. Yangi kelishuv shartlariga ko‘ra, uning yillik daromadi 400 million dollardan oshadi, OAV baholashicha esa, umumiy to‘lovlar miqdori 676 million dollargacha yetishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil fevral oyi boshida Ronaldu Saudiya Arabistoni futbol tuzilmalar rahbariyati bilan kelishmovchilikka borgan, bu esa uning “An-Nasr”ning ikki o‘yinida qatnashishdan bosh tortishiga va klubdan ketishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalishiga sabab bo‘lgan.
Fikrlar