"Boshqa takliflarni ko‘rib keyin tanlovni amalga oshiramiz" - legionerimiz klubini o‘zgartiradimi?

  • 29.11.2021 20:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Xabaringiz bo‘lsa kerak, bu yil bir qator o‘zbek o‘yinchilari legionerga aylanishdi. Kimdir o‘ynab ketdi, yana kimdir turli muammolarga uchradi yoki jarohat deganlaridek.

Biz imkon qadar saytimiz orqali xorijdagi futbolchilarimizning faoliyatlarini yoritib borishga harakat qilyapmiz. Chunki hech bir o‘zbekistonlik o‘yinchining chetdagi taqdiri bizni ham, sizni ham befarq qoldirmaydi.

Yodingizda bo‘lsa, yozda andijonlik futbolchi Doniyor Abdumannopov Belarusning “Energetik-BGU” jamoasiga ko‘chib o‘tgandi. Faoliyatida ilk bor legioner maqomiga ega bo‘lgan iste’dodli yarim himoyachi klubini o‘zgartirish orqali oldiga qo‘ygan maqsadi sari odimlayotganini aytgandi. Lekin doim ham o‘ylaganlari amalga oshavermaydi. Buni Abdumannopov misolida ko‘rdik.

“Andijon”ni tark etib, “Energetik-BGU” safiga qo‘shilganidan keyin dastlabki o‘yinlarda maydonga tushganini ko‘rdik. Biroq keyinchalik jarohat futbolchimizni bezovta qila boshladi. O‘sha klubda o‘ynayotgan boshqa hamyurtlarimiz – Shahzod Ubaydullaev va Bobur Abduholiqovdan farqli o‘laroq, Doniyorning jamoada o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga o‘sha jarohat sabab bo‘ldi.

abdumannopov

Doniyor safdan chiqqanidan keyin davolanish uchun Andijonga qaytgani haqida ilgari xabar bergandik.O‘shanda futbolchi tez orada klubga qaytishini ta’kidlab o‘tgandi. Ammo keyin bilsak Abdumannopov Belarusga qaytib bormagan. Bundan chiqdi, hamyurtimiz “Energetik-BGU”dan ketadimi? Unga qanday takliflar bor? Bu borada futbolchi shunday dedi:

“Hozir jarohatimdan tiklandim. Endi sport formamni qaytarish harakatidaman. Ko‘ramiz, “Energetik” klubi elitada qoladimi, rejalari qanday? Oldimizdagi boshqa takliflarni ko‘rib keyin tanlovni amalga oshiramiz.

To‘g‘risi, hozirgi kunda takliflar bilan qiziqqanim yo‘q. Barchasi bilan agentim shug‘ullanyapti. Men faqat chempionatga har tomonlama tayyor bo‘lish ustida ishlayapman”.

abdumannopov3

Ko‘rinishidan legionerimiz jamoasini o‘zgartirishi ehtimol. Yodingizda bo‘lsa, u “Andijon”dan ketayotib mahalliy muxlislar bilan juda iliq xayrlashgandi. Belarusga esa katta maqsadlar bilan kelgani esimizda. Balki Doniyor “Energetik-BGU”ga o‘tib xato qildimi? Bunga futbolchi nima deydi?

“Yo‘q, men bunday deya olmayman. Bilasizmi, u erda ko‘p narsa o‘rgandim. O‘zim uchun kerakli xulosalarni chiqardim. Evropa futboli havosini oz bo‘lsa-da, his qildim”.

Ha, u chetda ma’lum vaqt o‘ynab o‘ziga yarasha tushunchalarga ega bo‘ldi. Umuman aytganda, yana legioner sifatida o‘ynashga o‘zini tayyor deb hisoblaydimi yoki bunga biroz ertamikin?

abdumannopov2

- Yo‘q, erta emas. Ayni paytda har qanday qiyinchilikni ko‘tarishga tayyor yoshdaman va formadan. Xorijda to‘p surish uchun jismoniy tayyorgarlikka ko‘proq e’tibor berish lozim ekan. Belarusda ham jismoniy tayyorgarlik bizdagidan ko‘ra anchayin yaxshiroq ekan. Shu bilan birga til bilish ham muhim, - dedi Doniyor Abdumannopov.

Shuningdek, u sobiq jamoasi – “Andijon”ni o‘yinlarini ham kuzatib turdi va tabiiyki “Burgutlar”ga befarq emasdi. Ammo klubini Superligadan tushib ketgani ishqibozlari qatori Abdumannopovni ham xafa qilgan bo‘lsa ajab emas. Futbolchi sobiq klubini nima sababdan Superligani tark etgani to‘g‘risida gapirdi.

- “Andijon” klubidan ketgan bo‘lsam-da, men doim bu jamoaning ashaddiy muxlisi bo‘lib qolganman. Bunga shubha bo‘lishi mumkin emas. Tabiiyki, men ham “Andijon”ning Superligada jon saqlab qolishini juda-juda xohlagandim. Ammo klubga shunchaki omad etishmadi. E’tibor bersak, ko‘plab uchrashuvlarda oxirgi daqiqalarda yo‘qotilgan ochkolar qimmatga tushdi.

abdumannopov4

Muxlislar orasida Doniyor Abdumannopov bo‘lganida albatta jamoaga yordam bergan bo‘lardi, hatto klub tushib ketmasdi, deganlar ham bo‘lyapti. Chunki u “Andijon”da o‘zini ko‘rsatib, etakchilardan biriga aylanib ulgurgandi.

“Bu savolga qanday javob berishga ham hayronman. Qo‘limdan kelganicha jamoani saqlab qolish uchun harakat qilgan bo‘lardim. Ammo taqdir shu ekan, biz bandamiz, - dedi futbolchi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!