
Braziliya nega JCh g‘olibi bo‘la olmayapti?
Yaqindagina, PSJ jamoasi hujumchisi Neymar o‘zi haqida iliq so‘zlar aytishga qaror qildi. Ushbu so‘zlar omma yuzini ko‘rgach, barcha nima uchun Braziliya JChlardan 30 yildan beri omadsiz ishtirok etayotganini angladi. Bugun «pentakampionlar»ning muammolari haqida so‘z boradi.
Karnaval
Karnavaldan braziliyalikni olib chiqish mumkin, biroq butun Braziliyani karnavalsiz qoldirishning imkoni yo‘q. Ronaldino bilan PSJ jamoasida birga to‘p surgan Jerom Lerau yaqinda kichik bir sirni oshkor qildi.
«Ronaldino deyarli bir hafta mashg‘ulotlarga kelmadi. Keyin qora ko‘zoynak bilan keldi va massaj olish uchun mo‘ljallangan xonaga kirib ketdi. Ortidan kirgan edim, uning qotib uxlab qolganini ko‘rdim.
Bundan avvalroq, Romario ham u singari mashg‘ulotlarda ishtirok etishni xush ko‘rmas edi. Tan olish lozim, ular singari iqtidor egalari anchagina dangasa bo‘ladi».
Darhaqiqat, Ronaldino hali-hamon o‘sha hayot tarzida davom etmoqda. Yangidan-yangi kliplarda suratga tushmoqda. Hatto qamoq jazosiga tortilishi ham mumkin edi. Umuman olganda, Braziliyaning iqtidorli futbolchilari dangasalik kasaliga yo‘liqqani rost.
O‘z-o‘zini sevishda ular tengsiz!
«Men juda mard insonman. Mening eng katta yutug‘im erkakligimda! O‘ylashimcha, bugungi kunga kelib, men kumirga va futbol afsonasiga aylandim».
Tan olish lozim, o‘zi haqida bunday fikrda bo‘ladigan insonlarning ko‘pincha oyoqlari erdan uzilgan bo‘ladi. Ular JCh uchrashuvlarida to‘liq kuch bilan to‘p surishi uchun avvalo erga qaytishlari lozim.
Uning o‘zini mard inson deb atashi, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingani rost. Qahramonimizning turli memlari omma yuzini ko‘rgach, bu so‘zlar uning zarariga ishlaganini barcha his etdi.
U haftasiga 300 ming maosh olib hayot kechirishning imkoni yo‘qligini aytgan va shu tariqa, Parij klubi bilan shartnoma imzolagan edi. Hujumchi Parijda o‘zi istaganidek hayot kechirmoqda. Uni bemalol PSJning ikkinchi egasi desak, adashmagan bo‘lamiz.
O‘z-o‘ziga yuqori baho berish faqat Neymardagina bor emas. Jezus, Malkom va boshqa futbolchilar ham darajalari qolganlarnikidan baland ekanligi haqida fikr bildirishni xush ko‘radi. Umuman olganda, braziliyalik futbolchilarning barchasi o‘z egosining qurboniga aylanib bormoqda. Bu kasallik 21-asrda juda avj olib ketdi.
Jinoyat ko‘chasida
Braziliyalik futbolchilar uchun jinoyat sodir etish deyarli odatiy tusga kirib bo‘lgan. Misol uchun, «Bavariya» klubi sobiq himoyachisi Breno ichib olib, o‘z uyini yoqib yuborgan. Keyin esa, sug‘urta kompaniyasidan 1,5 million evro talab qiladi. Ish yaxshilab o‘rganilgach, uni Germaniya sudi 2 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
O‘tgan yili Ronaldino va uning akasini Paragvayda soxta hujjatlar bilan qo‘lga oldi. To‘g‘ri, Ronni 200 ming evro sarfladi va o‘zini oqlab oldi, biroq ushbu yurt futbolchilarining borgan sari jinoyat bilan bog‘lanib borayotganini yana bir bor ko‘rsatib berdi.
Ikkinchi Pele bo‘lishini taxmin qilingan Robino hozir Evropa davlatlaridan qochib yuribdi. Uni albaniyalik qizga zo‘ravonlik qilishda ayblashmoqda. Agar futbolchining advokatlari sudda mag‘lub bo‘lsa, sobiq yulduz 9 yilga qamoq jazosini olishi turgan gap.
Bu biz bilgan nomalar, xolos. Har yili, deyarli 1000 ga yaqin braziliyalik futbolchi turli jinoyatlarni sodir etadi. Mamlakatdagi tabaqalanish sababli, quyi ligalardagi futbolchilar ko‘pincha jinoyat ko‘chasiga kirib qoladi. 21-asga kelib, bu holat tez-tez sodir bo‘lishni boshladi. Balki, shu omil ham mamlakat futbolini jahon shohsupasiga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymayotgandir.
Ayollar va ichkilik
Ko‘plab braziliyalik futbolchilar spirtli ichimliklarni iste’mol qilishni tashlash uchun qancha uringani haqida so‘zlab bergan. «Inter» safida barchani hayratda qoldirgan Adriano ham aynan shu ichimlik sababli futboldan erta ketishga majbur bo‘ldi.
O‘z vaqtida, butun stadionni junbushga keltirgan Ronaldino esa, o‘z iqtidorini aynan ichkilik sababli taqdirga boy berdi. Agar tarixga nazar tashlasak, Sokratis va Garrincha ham aynan shu muammo sababli erta hayotdan ko‘z yumgani ma’lum bo‘ladi.
TsSKA jamoasidagi o‘yinlari bilan muxlislar e’tiborini qozongan Jo ham aynan shu omil sababli katta futbolda hech narsaga erisha olmadi. Aslida, bunga qarshi chora bor, biroq ayollar bobida ushbu yurt futbolchilarining suyagi yo‘q.
Bu muammo ham yangi asrga kelib global darajaga ko‘tarildi. Ronaldino va Neymar hali-hamon bir vaqtning o‘zida bir nechta ayol bilan birga istiqomat qilmoqda.
Eng achinarlisi shundaki, futbolchilar topayotgan pullarining deyarli 60 foizini turli modellar va engiltabiat ayollar bilan vaqt o‘tkazishga sarflashadi.
Tartib-intizom
So‘nggi yillarda Evropa futbolida braziliyalik futbolchilarga bo‘lgan talab keskin kamayib ketdi. Gap shundaki, ularning o‘rnini osonlik bilan kurashuvchan va tartibli ispan futbolchilari egallab bormoqda. Ayrim klublar futbolchilar bilan shartnoma imzolayotganda, ularning qonidan spirtli ichimliklar aniqlansa, maoshsiz qolishi haqidagi bandlarni kiritadi. Negadir, «Selesao» a’zolari bunday bandlari mavjud shartnomalarga qo‘l qo‘yishni istamaydi.
Boshqacharoq qilib aytganda, ulardan tartib-intizom ustiga qurilgan hayot tarzini kutish kulgili. To‘g‘ri, 2002 yilda chempion bo‘lgan tarkibdagilarning bugungi kundagi ahvoli havas qilib bo‘lmas darajada. Karlosning 10 ta farzandi bor. Kafu bo‘ynigacha qarzga botib qolgan. U ham Ronaldino singari qanday qilib bo‘lsa-da, pul ishlab olish ilinjida. Shunday bo‘lsa-da, o‘sha jamoaning tarkibida og‘riq qoldiruvchi ukol bilan maydonga tushadigan Ronaldo ismli futbolchisi bor edi. Hozirgi Braziliyada esa, etakchilikni qo‘lga oladigan futbolchi yo‘q. Koutino va Neymar hali-hamon o‘zini bolalardek tutadi. Danilo va Lodi Kafu va Karlosdan kuchli emas. Firmino, Risharilson va Neymar uchligi Rivaldo, Ronaldo va Ronaldinoga hech qachon bas kela olmaydi.
Xo‘sh, Braziliya uchun JChda oltin medal yutib berishi kerak bo‘lgan Neymar umri davomida birorta katta finalda g‘alaba qozondimi? Uning bor imkoniyatini o‘tgan mavsumda Istanbulda bo‘lgan finalda Noyer yo‘qqa chiqardi. Bundan bir necha yillar ilgari super yulduz bo‘lishi taxmin qilingan nomlarga e’tibor qarating:Kenedi, Jerson, Malkom, Gabriel, Danilo Barbosa, Kleytino, Marlon, Natan, Uolas...
Bu yigitlarning hammasi yuqorida zikr qilingan kamchiliklar sababli erta so‘nib ketdi. Ulardan hech biri buyuk futbolchi bo‘lib etishgani yo‘q. Hozirgi Braziliyaning umidi sanalgan Neymar esa, etakchilikni qo‘lga olishiga ishonish mushkul.
Butun boshli Braziliya terma jamoasi birgina Tite boshqarib turishi mushkul. Ayollar, ichkilik va engil hayotga o‘rganib qolgan futbolchilarni Germaniya terma jamoasi mundialda qay ko‘yga solgani yodingizdan ko‘tarilmagan bo‘lsa, ajab emas.
Ushbu yurt futbolchilarining xarxashalaridan charchagan dunyo futboli, 20 yildan beri ularni eng nufuzli musobaqadan mahrum qilib kelmoqda. Boshqacharoq qilib aytganda, boshqa termalar shunchaki, Braziliyani engish yo‘llarini o‘ylab topishdi. «Selesao» esa, hali-hamon o‘zini sayyoramizdagi eng kuchli terma jamoa, deb hisoblashda davom etmoqda.
Fikrlar