Britaniyada O‘zbekiston boksi muvaffaqiyatining asosiy sababi ochildi

  • 25.08.2026 07:51
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Britaniyadagi Boxing Media portali Oʻzbekiston boks maktabi muvaffaqiyatining asosiy omillaridan birini yoritdi. 

Nashrga koʻra, oʻzbek boksida eng katta ustunliklardan biri – bu ringdagi harakat, aniqrogʻi, oyoq ishlash texnikasidir.

«Oʻzbekcha oyoq ishlash uslubi.

Oʻzbekiston boks maktabida oyoq harakatiga alohida eʼtibor beriladi. Bokserlar engil qadam saqlash, muvozanatni yoʻqotmaslik va istalgan burchakdan hujumga tayyor turishga oʻrgatiladi. Sportchilar doimiy ravishda oldinga-ortga tez siljish, keskin burilishlar, yon tomonga mayda qadamlar ustida ishlaydi. Shu orqali ular raqibga yaqinlashish, kombinatsiyalar urish va javob zarbasi kelguniga qadar hujumdan chiqib ketishni puxta oʻzlashtiradi.

Koʻplab mashqlar oyoq ishlashni soya bilan jang, konuslar bilan mashqlar yoki sherik bilan ishlash bilan uygʻunlashtiradi. Bu esa bokserni harakatda turib zarba berishga majbur qiladi, oyoqlarni bir joyda qotirib qoʻymaslikka oʻrgatadi.

Aynan shunday tayyorgarlik Oʻzbekistonni dunyodagi eng kuchli boks maktablaridan biriga aylantirgan tezkor va texnik uslubning asosiy qismi hisoblanadi», — deya taʼkidlaydi portal.

Mutaxassislar fikricha, Oʻzbekiston terma jamoasi tarixidagi eng muvaffaqiyatli davr 2016–2024 yillarga toʻgʻri keladi. Rio-2016 Olimpiadasida oʻzbek bokserlari 3 ta oltin medal qoʻlga kiritib, ilk bor umumjamoaviy hisobda gʻolib chiqqan. 2023 yilda Toshkentda oʻtkazilgan jahon chempionatida esa Oʻzbekiston vakillari 5 ta oltin medalni qoʻlga kiritgan.

Parij-2024 Olimpiya oʻyinlarida esa erkaklar terma jamoasi 7 ta mumkin boʻlgan oltin medaldan 5 tasini yutib, mamlakatning boksdagi nufuzini yanada mustahkamladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!