
"Bu erda kutganimizdan yaxshiroq" - "Andijon" va "Benfika" o‘rtasidagi hamkorlik qanday rivojlanyapti?
Yaqinda xabar berganimizdek, “Andijon” klubi Portugaliyaning “Benfika” jamoasi bilan hamkorlik qilish uchun dastlabki qadamni tashladi.
Bir necha kun davomida “Benfika” klubidan ikki nafar mutaxassis – Ugo Ribeyro hamda Davide Gomes Andijonda bo‘lib, bu erdagi futbolga bo‘lgan e’tibor, bolalar futbolidagi sharoitlar, umuman yaratilgan infrastrukturani ko‘zdan kechirdilar.
Sports.uz muxbiri “Benfika” klubi vakillari bilan safar taassurotlari haqida suhbatlashdi.
- Ilgari o‘zbek klublari bilan “Benfika” o‘rtasida hamkorlik qilish uchun qadam tashlanmagandi. Sizlar uchun bu tashrifdan ko‘zlangan maqsad nimalardan iborat?
Ugo Ribeyro: - Avvalo, suhbat uchun rahmat. Birinchi o‘rinda biz klub rahbari tomonidan taklif qilindik. Bundan maqsad albatta o‘zaro hamkorlik qilish va buning bandlarini kelib olish. Yoshlar futbolini rivojlantirish maqsadida bu erdagi infrastrukturani ko‘rish vazifamiz edi. Nimalar kam, qanday qo‘shimchalar qilish kerak, barchasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgani keldik. Bizning asosiy strategiyamiz yoshlar futboliga e’tibor berish, ularni tarbiyalash hamda iste’dodlarni etishtirib chiqarish. Bularni ham maqsadi shunday. Natijada gapimiz bir joydan chiqib, hamkorlikni boshlayapmiz.
- Uch kun davomida Andijonda stadion, baza, bolalar futbol maktabi, umuman barchasini ko‘rdinglar. Dastlabki taassurotlaringiz qanday? Muammolar ko‘pmi yoki....
Ugo Ribeyro: - Biz faqat O‘zbekistonda emas, butun dunyo bo‘yicha ishlaymiz. Shu bois boshqa mamlakatlardagi holatlarni ham ko‘rganmiz. Bu erda o‘zimiz kutganimizdan ko‘ra yaxshiroq. To‘g‘ri, hali o‘zgartiradigan, yangilik kiritadigan ishlar bor. Shunday bo‘lsa-da, yaratilgan sharoitlar chakki emas.
David Gomes: - Futbolni yaxshilash uchun bolalar sportiga e’tiborni albatta yaxshilash kerak. Bu erda har xil yoshdagi bolalarning maktab to‘garaklarini ko‘rdik. Tumanlarda 13 ta futbol maktabining filiallari bor ekan. Ko‘rdikki, sizlarda yosh bolalarga e’tibor bor. Qachonki, yoshlarga mana shunday e’tibor yuqori bo‘lsa, yaxshi futbolchilar chiqadi. Mana shu yoshlarga sharoitlarni yanada yaxshiroq qilishni xohlayotganinglar biz uchun quvonarli.
- Sizlarning tashrifinglar haqida matbuotda ham yoritib borildi va katta qiziqish uyg‘otdi. Andijonda “Benfika” futbol akademiyasining filialini ko‘rishimiz mumkinmi?
Ugo Ribeyro: - Kelishimizning asosiy maqsadi ham shu. Bu bir tomondan sizlarga ham bog‘liq. Harakat bo‘lsa, buni albatta amalga oshiramiz.
- “Andijon” tomonidan hamkorlik bo‘yicha taklif bildirilgan dastlabki paytda bunga qanday qaragansizlar? Hamkorlikka rozi bo‘lish uchun ikkilanish kuzatilmaganmi? Eshitishimcha, muzokaralar murakkabroq kechgan ekan...
Ugo Ribeyro: - Bunga sabab birinchi navbatda Covid-19! Bo‘lmasa, bunchalik cho‘zilmagan bo‘lardi. Boshidayoq kelib o‘z xulosalarimizni aytardik. Biz ham vaktsina oldik. Uni bosqichma-bosqich olish uchun ham vaqt kerak edi. Bizda sizlarni halolliginglarga, maqsadinglar aniqligiga hech qanday shubha yo‘q.
- “Benfika” rahbariyatining bunday hamkorlikka munosabati qanday?
Ugo Ribeyro: - Bu odatiy qiladigan ishimiz. Biz dunyoga tarqatmoqchimiz. Bizga qandaydir chuqur vazifa berilgani yo‘q. Doimgidek, imkoniyat bo‘ldi va shundan foydalanyapmiz. Ikki tomon rozi bo‘lib tursa, nimaga borib ko‘rmasligimiz kerak?
- Bungacha o‘zbek futboli haqidagi tasavvurlaringlar qanday edi? Futbolimizga oid nimalarni bilasizlar?
Ugo Ribeyro: - O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, Janubiy Koreyada o‘ynayotgan o‘zbek o‘yinchisi bor. U zo‘r o‘ynarkan. O‘z vaqtida Skolari “Bunyodkor”ni boshqarganini bilamiz. Shunga o‘xshagan yangiliklarni va O‘zbekistondan etishib chiqayotgan iqtidorli o‘yinchilarni ham bilardik. Qisman mana shunday ma’lumotlarga egamiz.
- 2019 yili Portugaliyaning “Nasonal” klubida o‘zbekistonlik futbolchi Sardor Rashidov to‘p surgan. Bundan xabardormisiz? Darvoqe, o‘sha paytda “Nasonal” safarda “Benfika”ga 10:0 hisobida yutqazgandi...
Davide Gomes: - Ha, uni bilamiz. Faqat o‘shanda uni o‘zbekligini bilmasdik, biroq Osiyo tomonlardan kelganini eshitganmiz. Albatta, “Benfika” “Nasonal”ni 10:0 hisobida yutganini juda yaxshi bilamiz.
- Endi bundan keyingi reja qanday bo‘ladi?
Davide Gomes: - Bu masala sir bo‘lib tursin. Chunki o‘z strategiyalarimiz bor.
- Bu sizlar uchun Markaziy Osiyodagi birinchi hamkorlik ishimi?
Ugo Ribeyro: - Markaziy Osiyoda birinchi marta. Ungacha Xitoyda ham ayrim qilgan ishlarimiz bor.
- Dunyo bo‘yicha “Benfika”ning 13 ta akademiyasi bor. Klub bundan kerakli darajada manfaat ko‘ryaptimi?
Davide Gomes: - Ularning ko‘pi hozircha yangi. Bunda uzoq vaqt talab qilinadi. Hech nimaga shoshilmaslik kerak. Birgina talantli futbolchini etishib chiqishiga yillar kerak. Ko‘p akademiyalarni ish boshlaganiga ikki-uch yil bo‘ldi. Keyin esa pandemiya boshlanib qoldi.
Ugo Ribeyro: - Imidj haqida gapiradigan bo‘lsak, hozir urug‘ ekyapmiz. Nasib bo‘lsa, buni mevasini ko‘ramiz.
- Andijonda ko‘rgan-kechirganlaringlar orasida sizlarni yoqimli ma’noda hayron qoldirgan narsa nima bo‘ldi?
Davide Gomes: - “Andijon” jamoasining fan-klubi bizni hayron qoldirdi. Ular o‘yin boshlanmasidan oldinoq qo‘llab-quvvatlashni boshlashdi. Ularning faolligi bizni o‘ziga jalb qilyapti. Bu vaziyatda maftunkorlikni ko‘ryapmiz. Futbolda bu narsa juda muhim. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi o‘yinchilarning ruhini ko‘taradi.
Fikrlar
Зенит,Спартак,ЦСКА
МДХ давлатлари чемпионлари билан алока килиш керак...