
"Bu erga kelishimni tasodif desa ham bo‘ladi, murabbiyning menga ishonchi katta" - yangi legionerga aylangan hamyurtimizning debyut o‘yini qanday o‘tdi?
Yaqinda hamyurtimiz Odil Abdumajidov klubini o‘zgartirgani haqida xabar bergandik. Bir necha yillar mobaynida “Metallurg” sharafini himoya qilgan futbolchimiz endi Qozog‘iston chempionatida “Ordabasi” uchun to‘p suradi.
2001 yilda tavallud topgan ushbu futbolchimiz uchun bu o‘ziga xos yangi chaqiruv bo‘ldi. Sports.uz muxbiri legionerga aylangan hamyurtimiz bilan bog‘landi.
- Avvalambor, “Metallurg” jamoasiga katta rahmat aytaman. Meni hali bu klub bilan amalda yana ikki yillik shartnomam bor. “Ordabasi” klubiga ijara hisobida keldim. “Metallurg” jamoasi bilan Turkiyadagi yig‘inda ishtirok etayotgan chog‘imizda shunday variant yuzaga kelib qoldi. Xudoga shukr, nasib qilgan ekan, Qozog‘iston klubiga o‘tdim, - dedi Odilbek.
Shu o‘rinda asli Andijon futboli tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Abdumajidov bu yil klubini o‘zgartirish niyati bormidi yoki barchasi kutilmaganda ro‘y berdimi? Bu haqda uning o‘zi quyidagicha javob berdi.
- To‘g‘risi, mening “Ordabasi” a’zosiga aylanishimni tasodif desa ham bo‘ladi. Xudo peshonamga shu erda o‘ynashimni yozgan ekan. Yaratganga shukr qilaman, faoliyatimda birinchi marta legioner bo‘ldim. Albatta, legioner sifatida o‘zimni ko‘rsatishga har tomonlama tayyorman deb o‘ylayman. To‘g‘ri, boshida baribir biroz qiyinchiligi bo‘ladi. Barchasini sabr va mehnat qilib engib o‘taman. Ko‘z tegmasin, meni yangi klubimda nihoyatda yaxshi kutib olishdi. Shu sababli u erdagi taassurotlarim a’lo darajada. Asta-sekin moslashib boryapman. Bosh murabbiy ham juda yaxshi ekan, men bilan munosabati iliq.
Futbolchimizni oldida yana qanday takliflar bor edi? Yoki “Ordabasi” uning uchun yagona va aniq variantmidi?
- Oldimda boshqa 100 foizli takliflar bo‘lmadi-yu, ammo vaqti-vaqti bilan qiziqishlar bo‘lib turdi. Lekin sizga yuqorida aytib o‘tganimdek, “Metallurg” bilan amalda shartnomam bor edi. “Ordabasi” esa meni bekobodliklardan ijaraga oldi, - deya javob berdi futbolchi.
Shu tarzda legionerimizning qozoq klubidagi hayoti boshlandi. Endi u erda yangi do‘stlar va muxlislar orttiradi. O‘zi aytganidek, klubi ham to‘liq ishonch bildirmoqda.
- Yangi jamoamdagilar menga qo‘lidan kelganicha qo‘shilib ketishim uchun yordam berishyapti. Raqobat esa hamma joyda bor va shu jumladan “Ordabasi”da ham. Bu erda ko‘proq taktik tomonga e’tibor berilyapti. Shuni aytishim kerakki, bu yil “Ordabasi” o‘tgan yilgiga nisbatan ancha yoshardi. Agar adashmayotgan bo‘lsam, Qozog‘iston chempionatidagi eng yosh jamoa bo‘lsa kerak. Klub mendan tezroq kirishib ketishimni va o‘zimni ko‘rsatishimni so‘rashdi. Men shunga harakat qilyapman.
Shuningdek, Odil “Ordabasi” bosh murabbiyi bilan ilk suhbati qanday o‘tgani xususida ham gapirdi.
- Ha, bosh murabbiy bilan gaplashdim. Belaruslik Aleksandr Sednev. U bilan jamoa haqida suhbatlashdik. Shuningdek, o‘zim haqimda ham gaplashdik. Yaxshi murabbiy ekan, menga katta ishonch bildirishini ma’lum qilib o‘tdi.
Bungacha bor e’tiborini faqat “Metallurg” klubiga qaratib kelgan futbolchimizning sobiq jamoasini tark etishi qiyin kechmadimi?
- “Metallurg” mening ikkinchi uyim bo‘lib qolgan. U erda ham barchasi a’lo darajada. Murabbiy bilan ham munosabatlarimiz juda yaxshi holatda edi. Faqat oilam bilan maslahatlashganimdan so‘ng, ketishga qaror qildim. Xudo xohlasa, barchasi yaxshilikka bo‘ladi. Garchi u erdan ketgan bo‘lsam-da, “Metallurg”dagilar bilan ham har kuni aloqadamiz, - dedi legionerimiz.
Darvoqe, Abdumajidov kecha “Ordabasi” safida debyut o‘yinini o‘tkazdi. Qozog‘iston chempionatining ilk turida hamyurtimiz maydonga tushirildi. Jamoasi esa durang natijani qayd etdi. Futbolchimiz “Ordabasi”da 2-raqam ostida harakat qilyapti. O‘yinda ishtirok etgan Odil ilk taassurotlarini bildirdi.
- Ha, yangi jamoamdagi debyut o‘yinimni o‘tkazib oldim. Birinchi turda “Maxtaaral” jamoasiga qarshi bahsda 1:1 hisobida durang o‘ynadik. Maydonga tushishimni kutgandim. Ilk o‘yinimiz yomon kechmadi. Faqat o‘zimiz yaratgan vaziyatlarni golga aylantira olmadik. Bu erda ham men 4-raqamni olmoqchi edim. Lekin qarasam, bo‘sh emas ekan. Shundan keyin 2-raqamni tanlab oldim.
Fikrlar