
"Bu jamoaning natijalari hayratlanarli". Derbilar, favorit va autsayderlar yoxud O‘zbekiston Kubogi 1/8 final bosqichini o‘tkazib yubormang, chunki...
21-25 avgust kunlari O‘zbekiston Coca-Cola Kubogi 1/8 final uchrashuvlari o‘tkaziladi. Shu sababli e’tibor oldimizda turgan 8 ta juftlikka qaratiladi.
Bu erda Superliga klublaridan tashqari pro liga vakillari ham bor. Muxlislarga tanish bo‘lgan mutaxassislardan biri Bahrom Haydarov 1\8 final oldidan jamoalarning imkoniyatlari xususida gapirdi.
21 avgust (yakshanba)
“Bunyodkor” – “Lokomotiv”
- “Bunyodkor”ning o‘yini yangitdan shakllanyapti. Boisi, u erda yangi murabbiy ishlayapti. Bu jamoalar yaqinda chempionat doirasida ham o‘ynashdi. Ikkala jamoa o‘rtasidagi uchrashuv derbi hisoblanadi. Menimcha, “Bunyodkor” klubi g‘alaba qozonsa kerak. Bu jamoada asta-sekin rivojlanish bo‘lyapti. “Lokomotiv”ning asosiy e’tibori chempionatga qaratilgan. Klub ko‘proq iqtidorli yoshlarga tayanmoqda. Aslida ikkala jamoada ham yoshlar anchagina. Baribir “Loko”da asosiy e’tibor chempionatga. Nazarimda, “Bunyodkor”ning qo‘li baland kelsa kerak.
22 avgust (dushanba)
“Andijon” – “Turon”
- Bu yilgi pro liganing ikki etakchi jamoalari o‘rtasidagi asosiy o‘yinlardan biri. Bu Kubok bahsiga ham tegishli. Ikkala jamoaga juda qiyin. Shu sababli imkoniyatlar 50x50. Kubok o‘yini g‘olibi bitta o‘yinda hal etilishi kerak. “Andijon” jamoasi pro ligada 1-o‘ringa chiqib oldi. Balki shuning uchun jamoada endi biroz bo‘shashlik ham kuzatilishi hech gap emas. Bilaman, “Andijon” Kubokda ham jiddiy kurashadi. Ammo, baribir chempionatda peshqadamga aylanib olgani biroz bo‘lsa ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ikki klubda ham imkoniyat teng.
23 avgust (seshanba)
“Paxtakor” – “Sho‘rtan”
- “Sho‘rtan” jamoasi uchun bu o‘yin katta sinov. Asror Aliqulov boshchiligida yoshlardan tashkil topgan jamoa sanaladi. Lekin “Paxtakor” iloji yo‘q, keyingi bosqichga chiqishini va yutishini hammamiz bilamiz. Lekin Rossiya Kubogida adashmasam blogerlar jamoasi professional klubni yutib, keyingi bosqichga chiqdi. Futbolda mana shunday kutilmagan natijalar bo‘lishi mumkin. Ammo “Paxtakor” – “Sho‘rtan” bahsida buning imkoni juda kam. Ammo hamma narsa bo‘lishi mumkin.
“Surxon” – “Nasaf”
- “Nasaf”da hammasi yaxshi, faqat ba’zida natija o‘zi kutganchalik o‘xshamay qolyapti. Kubokda g‘alaba qozonib ishonchni qaytarib olmoqchi. “Surxon”da ham shunday, jamoaning natijalari pastga qarab ketyapti. Juda qiyin o‘yin bo‘ladi. Fikrimcha, “Nasaf” imkoniyatni qo‘ldan chiqarmasa kerak.
“Olimpik” – “Navbahor”
- Bu juftlikda kim chiqishini aniq ayta olmayman. Samvel Babayan va Timur Kapadze jamoalari O‘zbekistonda o‘ziga yarasha shov-shuv uyg‘otishyapti. Masalan, bungacha Babayan to‘g‘risida har xil gap-so‘zlar bo‘lgan. Ammo bugungi kunga kelib, Samvel Babayan boshchiligidagi klub chempionatimizni boshqarib boryapti. Bu tomonda esa Superligaga ilashib qolgan Kapadze jamoasi ham hayratlanarli natijalar ko‘rsatyapti. Ikkalasini imkoniyati 50x50.
24 avgust (chorshanba)
“So‘g‘diyona” – “Mash’al”
- “So‘g‘diyona”ni “Neftchi” bilan o‘yinidan keyin chempionatda 1-o‘ringa chiqib olish imkoniyati bor. Ulug‘bek Baqoev shu bahsga asosiy e’tiborini qaratadi. Undan keyin OFK Kubogidagi jiddiy o‘yini bor. Lekin Baqoevni xarakterini bilamanki, unga qaysi o‘yin ekanligini farqi yo‘q. Chunki qanday o‘yin bo‘lmasin jamoasini faqat g‘alaba uchun undaydi. Ushbu juftlikda imkoniyatlar 70x30
“Qizilqum” – “Qo‘qon-1912”
- “Qizilqum”ning oxirgi o‘yinlarini kuzatadigan bo‘lsak, tajribali futbolchilarining hisobiga holatini yana yaxshilab olyapti. “Qo‘qon-1912”da murabbiy almashdi. Qo‘qonliklar oldindan qanaqa o‘yin bo‘lishidan qat’iy nazar faqat g‘alaba uchun kurashadi. Bu erda ham imkoniyatlar 50\50.
25 avgust (payshanba)
AGMK – “Metallurg”
- O‘ylashimcha, AGMKning alami bor. Chunki chempionatda “Metallurg”ga yutqazib qo‘ygan. “Metallurg” oxirgi turda “Surxon” ustidan g‘alaba qozongan. Agar “Metallurg” murabbiylari o‘yinchilarini bo‘shashishiga yo‘l qo‘ymasa imkoniyatlar 50x50. Aks holda AGMKning imkoniyati oshib ketadi. Umuman olganda, 60x40 olmaliqliklar foydasiga.
Fikrlar