
Bugun Shomurodov transferi bo‘yicha muhim uchrashuv. Belotti esa xavotirda!
“Roma” Joze Mourinoga kerak bo‘lmay qolgan Eldor Shomurodov masalasini hal qilishi uchun tobora kam vaqt qolmoqda. Legionerimiz katta ehtimol bilan A Seriyada qoladi, shuning uchun ham, Angliya, Germaniya, Turkiya, Frantsiya, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlar vakillaridan bo‘lgan chorlovlar hech qanday ahamiyat kasb etmadi.
O‘zbek futbolchisiga haqiqatan jiddiy qiziqish bildirayotgan yagona jamoa “Bolonya” hisoblanadi. Sinisha Mixaylovich jamoasi bir necha urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlanganiga qaramay, hamon Shomurodovni olishdan umidvor.
“Bolonya” o‘zbek futbolchisini bir mavsum ijaraga olib, keyin uni 10-11 million evroga to‘liq transfer huquqini so‘rayapti. Rimliklar transfer huquqi o‘rniga o‘yinchini olish majburiyatini yuklamoqchi. Qolaversa, poytaxtliklar bir yil muqaddam 18 million evroga xarid qilingan hujumchini 13-14 million evroga baholamoqda.
Tomonlarning so‘nggi uchrashuvi mana shu nuqtada to‘xtagan edi. Evropada milliy chempionatlar boshlandi va yozgi transferlar vaqti oxirlab qolgani bois, Eldorning xaridorlari safi ham ancha cheklanib qoldi.
Italiya futbolini yorituvchi bir necha manbalar, xususan, https://www.calciomercato.com saytining ma’lum qilishicha, bugun 16 avgust kuni “Bolonya” va “Roma” Shomurodov transferi bo‘yicha hal qiluvchi uchrashuvni o‘tkazadi.
Shomurodov masalasini hal bo‘lishini Italiya terma jamoasi hujumchisi Andrea Belotti ham diqqat bilan kuzatib bormoqda. 29 yoshli to‘purar rimliklar bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishib bo‘lgan lekin Eldor Rimni tark etmagunicha Andrea poytaxt klubiga kela olmaydi. Moliyaviy feyr-pley shuni taqozo etmoqda.
Andrea Belotti ilk bor A Seriya startini besabab o‘tkazib yubor. Shundan so‘ng uning xavotiri yanada ortdi. Jamoasiz qolib ketishidan xavotirga tushgan Belotti “Roma” rahbariyatiga shart qo‘ydi. Unga ko‘ra, rimliklar Shomurodov transferini shu hafta ichi hal qilmasa, italiyalik hujumchi o‘ziga “Galatasaroy” va “Nitstsa”dan bo‘layotgan takliflardan birini qabul qilishiga to‘g‘ri kelishini uqtirmoqda.
Qizig‘i shundaki, hujumchi qidirayotgan bu ikki jamoa Eldor Shomurodovga xam og‘iz solgani haqida xabarlar chiqqan edi.
Demak, “Roma”ning uchun transferlar bozori hali yopilgani yo‘q. Joze Mourino o‘zi ko‘zlagan Mile Svilar, Mehmet Zeki Chelik, Nemanya Matich, Jorjino Veynaldum va Paulo Dibalani qo‘lga kiritib bo‘ldi. Faqat Belotti qoldi.
Shu bois, sport direktori Tyagu Pinto oldida turgan asosiy masala Shomurodovni jamoaga maqbul narxda boshqa jamoaga o‘tkazib, uning o‘rniga Belotti transferini rasmiylashtirish bo‘lib turibdi.
Shomurodov “Roma” tarkibida jami 40 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga beshta gol va oltita assist rasmiylashtirgan. Hamyurtimiz jamoa bilan birga Konferentsiyalar ligasida g‘olib chiqib, birinchi sovriniga ega bo‘ldi.
Vaziyatni kuzatishda davom etamiz!
Fikrlar