"Mash’al" ustozi: "Nasaf" chempion bo‘lishini xohlaymiz-da"
Superliganing 26-turida “Bunyodkor” klubi Muborakning “Mash’al” jamoasini qabul qildi. Uchrashuv 2:1 hisobida mezbonlarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Bellashuvdan keyin “Mash’al” ustozi Otabek Narzullaev matbuot anjumanida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Uchrashuvni yaxshi boshladik. Yaratilgan imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Yana xatolar evaziga gollar o‘tkazib yubordik. Ikkinchi taymda vaziyatni o‘nglashga harakat qildik. Afsuski, yana oxirgi nuqtani qo‘yishga oqsayapmiz. Quvonarlisi, ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushgan yosh futbolchilarimiz o‘yinni kuchaytirishdi. Yoshlarga imkon berdik, ular o‘zlarini ko‘rsatishdi. Mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsak-da, ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushganlar o‘yinni kuchaytirdi. Gollarimizni urganimizda ochko olib ketardik.
- “Mash’al”ni g‘alabasiz seriyasi beshtaga etdi. Jamoaga ligada qolish uchun g‘alaba suv va havodek zarur. Oldinda “Mash’al”ni “Nasaf” va OKMKga qarshi og‘ir bahslar kutib turibdi. Jamoa bo‘lajak o‘yinlarda syurpriz ko‘rsata oladimi yoki shunchaki bor kuchi bilan kurashadimi?
- Har uchrashuvga g‘alaba uchun chiqyapmiz. Qandaydir omadimiz kelmayapti. Qaerdadir kichkina xatolardan gol o‘tkazib yuboryapmiz. Mag‘lubiyatlarga uchrayapmiz, biroq yaxshi harakat qilyapmiz. Bu o‘yinni tahlil qilgan holda keyingi uchrashuvga yaxshi harakat qilamiz. Oldimizdagi vazifa - jamoani Superligada olib qolish uchun kurashamiz.
- Chempionlik uchun “Nasaf” va “Neftchi” asosiy da’vogarlar bo‘lib turishibdi. “Nasaf”ning chempion bo‘lishini xohlaysizmi yoki aksinchami?
- Albatta, “Nasaf”ni chempion bo‘lishini xohlaymiz-da. “Neftchi” ham yaxshi, sifatli futbolchilar bilan kuchaygan. Sharoitlari yaxshi. O‘zbekistonda o‘z o‘yiniga ega jamoa. Taqvimni qarasak “Nasaf”ga biroz qiyinroq. Qolaversa, ularni oldida OChL bahslari ham bor. Ular qaerdadir charchoq bilan chiqib o‘ynashyapti. Balki shuning uchun yutolmayotgan bo‘lishi mumkin. Albatta, biz chempionlik Qashqadaryoda qolishini xohlaymiz.
- Aliqulov, Ochilov kabi etakchilarni shartnomalari yil yakunida tugaydi. “Mash’al” ularni saqlab qola oladimi? Tarkib yangilanadimi?
- Baribir tarkibni ancha yoshartirib, yangilashga harakat qilamiz. Kelasi yil uchun selektsiyada ishlar ketyapti. Qiziqqon yosh futbolchilarni yig‘ib, yaxshi jamoa tashkil qilmoqchimiz.
- Siz “Mash’al” yoshlarida ham ishlagansiz. Avvaligdek klub akademiyasidan terma jamoa darajasigacha o‘yinchilar etishib chiqmayotganiga nima sabab?
- Yaxshi futbolchilar albatta bor. Terma jamoa murabbiylari ko‘rish kerak. Bitta o‘yin bilan kifoyalanmaslik lozim. Akademiyamizda saviyali yoshlar etishib chiqyapti. Ularni jalb qilib ko‘rish kerak. Shunda murabbiylar terma jamoada o‘ynab keta oladimi yoki yo‘q, bilishadi. Shundan keyin aytsak bo‘ladi, hozir esa bilmaymiz.



Fikrlar