
U-23 Osiyo kubogi saralash bosqichiga qur’asi haqida batafsil. Kapadze jamoasi Olimpiada sari ilk qadamni
Bugun 2024 yilning aprel-may oylarida Qatarda o‘tkaziladigan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogining saralash bosqichiga qur’a tashlanadi
Marosim Toshkent vaqti bilan soat 12:00 da start oladi. Jamoalar qur’adan oldin savatchalarga quyidagicha taqsimlangan (savatchalarni shakllantirishda 2022 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan U23 Osiyo kubogi natijalari asos qilib olingan):
1-savat: Saudiya Arabistoni (mezbon), O‘zbekiston (mezbon), Yaponiya, Avstraliya, Janubiy Koreya (mezbon), Iroq, Vetnam (mezbon), Turkmaniston, Tailand (mezbon), Iordaniya (mezbon), Birlashgan Arab Amirliklari;
2-savat: Eron, Kuvayt (mezbon), Malayziya, Tojikiston (mezbon), Bahrayn (mezbon), Myanma, Suriya, Kamboja, Indoneziya (mezbon), Hindiston, Singapur;
3-savat: Yaman, Xitoy Taypeyi, Bangladesh, Qirg‘iziston, Sharqiy Timor, Gonkong, Livan, Maldiv orollari, Laos, Falastin, Ummon;
4-savat: Mo‘g‘uliston, Afg‘oniston, Filippin, Bruney, Xitoy (mezbon), Guam, Makao, KXDR, Pokiston, Qatar.
Qur’ada jamoalar 11 guruhga bo‘linadi (10 ta guruhda 4 tadan, 1 guruhda 3 ta jamoa bo‘ladi). Guruh g‘oliblari va guruhda 2-o‘rinni egallaganlar orasida eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 4 jamoa Osiyo kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. (Qatarning saralash bosqichida o‘yinlari o‘rtoqlik maqomida bo‘ladi — uning natijalari jadvalda aks ettirilmaydi).
Saralash bosqichi o‘yinlar joriy yilning 4-12 sentyabr kunlari markazlashgan holda mezbon mamlakatda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Temur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi joylashadigan guruh uchrashuvlari yurtimiz maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Demak, O‘zbekiston 1-savatcha jamoalari va mezbon sifatida ajratib olingan jamoalar bilan bir guruhdan o‘rin olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, U-23 Osiyo kubogi musobaqasi Parij-2024 olimpidadasi uchun yo‘llanmasi beruvchi turnir hisoblanadi.
Fikrlar