Bunaqasi bo‘lmagan! "Paxtakor" o‘yinchisi O‘zbekiston Superligasini mundial tarixiga olib kirdi
Zayd Tahsin — Iroq milliy terma jamoasi va Toshkentning "Paxtakor" klubi himoyachisi — rasmiy O‘zbekiston Superligasi nomini jahon futboli tarixi sahifalariga yozdirdi.
25 yoshli futbolchi AQShdagi "Boston Stedium" arenasida o‘tayotgan jahon chempionatining guruh bosqichi ilk turida Norvegiyaga qarshi uchrashuvda Iroq terma jamoasining asosiy tarkibida maydonga tushdi.
Shu tariqa, u O‘zbekiston chempionatida to‘p surib turgan holda jahon chempionati final bosqichi o‘yinida qatnashgan tarixdagi ilk futbolchiga aylandi. Bunga qadar O‘zbekiston Superligasi vakillari mundial o‘yinlarida maydonga tushmagan edi.
Iroq terma jamoasi bosh murabbiyi Grem Arnold Tahsinga markaziy himoyada ishonch bildirdi. Ushbu chiziqda u dunyoning eng kuchli hujumchilaridan biri, "Manchester Siti" forvardi Erling Holandga qarshi o‘ynadi.
Ma’lumki, Iroq va Norvegiya "I" guruhidan o‘rin olgan. Ushbu kvartetda avvalroq Frantsiya va Senegal terma jamoalari o‘zaro to‘qnash kelgan, o‘sha bahsda Kilian Mbappe dubli hisobiga evropaliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozongan edi.
O‘zbekiston terma jamoasi esa o‘z tarixidagi ilk o‘ynini jahon chempionatida 18 iyun kuni Mexiko shahridagi "Atsteka" stadionida Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi.
Shunga qaramay, jahon chempionatida to‘p tepgan milliy ligamizning birinchi vakili O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari emas, "Paxtakor"ning iroqlik legioneri Zayd Tahsin bo‘lib qolaveradi.

Fikrlar