"Buyukdor" - "Lokomotiv" o'yinidan keyin nima bo'lgandi?
Chempionatimizning o‘tgan turida Toshkent derbi doirasida "Bunyodkor" hamda "Lokomotiv" klublari o‘zaro bellashishganidan xabaringiz bor va unda maydon egalari 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Biroq uchrashuvdan keyin har ikkala jamoa a’zolari o‘rtasida o‘zaro kichik janjal yuzaga kelgani ma’lum bo‘ldi. Bu xususida O‘zPFL matbuot xizmati quyidagicha bayon qildi:
"Superliga 5-turidan o‘rin olgan Bunyodkor — Lokomotiv uchrashuvi yakunlangach, mikst-zona yaqinida ikki klub futbolchilari ishtirokida janjal kelib chiqdi. Unda klublardan ikki nafar vakil engil tan jarohati olgan.
Milliy gvardiya vaziyatga yaqin ekanligidan kelib chiqib, mojaro tezda bartaraf etilgan. Ichki ishlar organlari tayanch punktida o‘tkazilgan surishtiruvda tomonlar bir-biriga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Mazkur holat komissar tomonidan bayonlashtirilgan. Shundan kelib chiqib, Liga vaziyatni to‘liq o‘rganish maqsadida Assotsiatsiya qoshidagi Futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspeksiyaga rasmiy murojaat qildi. Ayni vaqtda inspeksiya mojaro ishtirokchilari bilan suhbat o‘tkazib, Bunyodkor stadionida ro‘y bergan holatni stadion kameralari tasvirlari, Komissar bildirgisi va albatta uchrashuv davomida ro‘y bergan kichik to‘qnashuv va epizodlar yordamida o‘rganmoqda. O‘rganish ishlari yakunlangach, inspeksiya holatning kelib chiqish sabablari va uning oqibatlari to‘liq bayonlashtirilgan materialni Ligaga taqdim etadi.
O‘z navbatida Liga tayyor materialni Tartib-intizom qo‘mitasiga oshiradi va mojaroning har qanday ishtirokchisi sportchilarga xos bo‘lmagan harakatlari uchun tegishli tartibda jazolanishini ta’minlaydi", - deyiladi rasmiy xabarda.
Fikrlar