
"Bunyodkor" Qarshida "Nasaf"ni qanday mag‘lub etdi? O‘yin qahramoni nimalarni aytdi?
“Bunyodkor” klubi 19-turda Qarshida “Nasaf” mehmoni bo‘ldi va yagona kiritilgan gol evaziga mehmonlar juda qimmatli g‘alabani qo‘lga kiritdilar.
“Bunyodkor”ning andijonlik futbolchisi Usmonali Ismonaliev oxirgi daqiqalar o‘tib borayotganida jamoasining tezkor hujumini gol bilan yakunlashga muvaffaq bo‘ldi. Iqtidorli o‘yinchi esa “Nasaf”ga qarshi uchrashuv va yana boshqa ayrim masalalarda o‘z fikrlarini bidirdi.
“Zo‘r tayyorlangandik”
- Taassurotlarga kelsak, Xudoga shukrki, o‘yinga zo‘r tayyorlangandik. Buning uchun bizda etarlicha vaqtimiz bo‘lgandi. “Nasaf”dek kuchli raqibni o‘z maydonida mag‘lub etish har bir jamoaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Ortga yuzimiz yorug‘ holatda qaytganimizdan xursandmiz.
“Gol urish niyatim kuchli edi”
- Har bir futbolchi – u hujumkor o‘yinchi yoki himoyachi bo‘ladimi, baribir ko‘nglida o‘ziga yarasha hissiyot yuzaga keladi. Ayniqsa, mana shunday qiyin uchrashuvlarda gol urishga ishtiyoq kuchli bo‘ladi. Maydonga 100 foiz gol uraman deb tushganim yo‘q. Ammo ichimda baribir gol urish niyatim kuchli edi. Xudoga shukr, niyatimizga erishdik va g‘alaba bilan qaytdik.
“Jamoamga yordam berdim, deb o‘ylayman”
- Har bir xursandchilikni o‘ziga yarasha sababi bor. Goldan keyin ichidan qanday xissiyotlar o‘tishini aynan gol urgan o‘yinchining o‘zi biladi. Buni shunchaki so‘z bilan ayta olmayman. Albatta, g‘alaba golini kiritganimdan juda quvondim. Bu bilan jamoamga yordam berdim, deb o‘ylayman.
“Nasaf” kuchli o‘yin ko‘rsatdi”
- Aytib o‘tganimdek, “Nasaf” kuchli jamoa. Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichining ilk turini mehmonda o‘tkazib g‘alaba bilan qaytib keldi. OChLda o‘ynab kelgani bizga ozgina bo‘lsa ham qo‘l keldi. Chunki xalqaro maydonda va boz ustiga safarda o‘ynash oson emas. “Nasaf” kuchli o‘yin ko‘rsatdi. Biz ham ularga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Oxirgi daqiqalarda omadimiz keldi.
“Nasaf”ning har bir chizig‘ida kuchli o‘yinchilar bor”
- “Nasaf” jamoasining har bir chizig‘ida kuchli o‘yinchilar bor. Shunday ekan, barcha futbolchilari tajribaga ega. Shu bois hammasidan xavfsirash mumkin. Ular individual tomondan ham va jamoaviy o‘yin bo‘yicha ham kuchlilar. Bu biz uchun esda qolarli o‘yin bo‘ldi. Negaki, oxirgi daqiqalarda gol urib “Nasaf”ni yutdik. Har bir futbolchiga ayniqsa, oxirgi daqiqalarda gol urib yutib ketganlari yoqimli tuyuladi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar