“Bunyodkor” Rivaldo ishi bo‘yicha bayonot berdi

  • 14.05.2026 16:44
  • Ali Ahmadxo’jayev
  • 1
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Maʼlumki, “Bunyodkor” futbol klubi hamda uning sobiq futbolchisi Rivaldo Ferreira (2008-10 yillarda) oʻrtasidagi nizo Lozannadagi Sport arbitraj sudi tomonidan koʻrib chiqilib, 2023 yil 6 noyabr kuni hal qiluv qarori chiqarilgan. Bunga koʻra, “Bunyodkor” futbol klubiga mazkur sobiq futbolchisi oldidagi qarzdorlikni toʻlab berish boʻyicha majburiyat yuklangan. “Oʻzbekneftgaz” AJning oʻsha davrdagi rahbariyati topshirigʻiga binoan 2024 yil 30 mart kuni “Bunyodkor” futbol klubi tomonidan ushbu futbolchi bilan qarz majburiyatlari miqdorini kamaytirish, uni boʻlib-boʻlib toʻlash muddatlari boʻyicha kelishuvga erishilgan.

Mazkur kelishuvga muvofiq, qarzdorlik oʻz vaqtida toʻlanmagan taqdirda “Bunyodkor” futbol klubiga katta miqdordagi qoʻshimcha moliyaviy majburiyatlar vujudga kelishi qayd etilgan. Oʻtgan ikki yil davomida “Oʻzbekneftgaz” AJning moliyaviy koʻmagi bilan Rivaldo Ferreira oldidagi qarzdorliklar oʻz vaqtida bartaraf etib kelindi.

Joriy yil uchun Rivaldo Ferreira oldidagi qarzdorlik boʻyicha toʻlovlar 2026 yil 15 aprelga qadar amalga oshirilishi lozim edi. Biroq, unga joriy yil uchun belgilangan toʻlovlar futbol klubidagi moliyaviy qiyinchiliklar tufayli hozirgi kunga qadar amalga oshirilmasdan kelinmoqda. Joriy yilning 6 may kuni mazkur futbolchining qonuniy vakillari tomonidan “Bunyodkor” futbol klubiga rasmiy ogohlantirish xati yuborildi. Unga koʻra, 48 soat ichida belgilangan qarzdorlikni bartaraf etish soʻralgan boʻlib, agar qarzdorlik ushbu muddatda bartaraf etilmasa, oʻzaro kelishuvlarda belgilangan qarzdorlik boʻyicha chegirmalar bekor boʻlishi, qarzdorlik kechiktirilgani uchun kompensatsiya va boshqa toʻlovlar undirish yuzasidan FIFAgа murojaat qilinishi bayon etilgan.

Yuqoridagi qayd etilgan holatlar boʻyicha 2026 yil 7 may kuni 01/228-sonli xat bilan “Oʻzbekneftgaz” AJ hamda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyatlariga maʼlum qilindi.

Shundan soʻng, joriy yilning 14 may kuni mazkur futbolchi ishi boʻyicha FIFA tomonidan “Bunyodkor” futbol klubiga rasmiy ogohlantirish va jarima qoʻllash borasida xat yuborildi. Unga koʻra, 30 kun ichida Rivaldo Ferreira oldidagi belgilangan qarzdorlikni bartaraf etish soʻralgan boʻlib, agar qarzdorlik ushbu muddatda bartaraf etilmasa, FIFA tomonidan klubga nisbatan transfer taqiqi qoʻllanilishi bayon etilgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Mr. Azimov
14/05/2026 22:32
Qani Bunyodkorning bayonoti?