
"Bunyodkor"ning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymagan "Buxoro" sardori durang natijani nega g‘alabaga tenglashtirdi?
Bugun Coca-Cola Superliganing 9-turidan o‘rin olgan “Buxoro” va “Bunyodkor” o‘rtasidagi qoldirilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “Paxtakor” stadionida kechgan bahsda 1:1 hisobi qayd etildi. Tajribaliroq hisoblangan “Bunyodkor”ning ushbu qarama-qarshilikda g‘alaba qozonish imkoniyati yuqoriroq baholanayotgandi hamda voqealar rivoji ham shunga qarab ketayotgandi.
Birinchi bo‘limdan keyin “Bunyodkor” hisobda oldinda borayotgandi. Biroq ikkinchi bo‘limning 79-daqiqasida “Buxoro” sardori Jasur Hasanov penaltidan gol urib hisobni tenglashtirgan holda “Bunyodkor”ning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymadi. Uchrashuvdan so‘ng ushbu o‘yinchi bilan suhbatda bo‘ldik.
- “Bunyodkor”ga qarshi o‘yin “Buxoro” uchun og‘ir bo‘lganini ko‘rdik. O‘zingiz bu borada qanday fikrdasiz?
- To‘g‘ri aytasiz, chindan ham qiyin o‘yin bo‘ldi. Bu ham etmaganidek, jamoamizda jarohat olgan va betob o‘yinchilarimiz bor edi. Ayniqsa, pandemiyadan keyin yana futbol o‘ynash oson emasdi. Baribir harakat qildik. O‘ylashimcha, durang yomon natija emas. “Bunyodkor”ning yaxshi jamoa ekanligini ham unutmaslik lozim.
- Bugungi durangni “Buxoro” uchun g‘alabaga tenglashtirsak bo‘ladimi?
- Ha, bo‘ladi. Baribir “Bunyodkor” ham pas orqali o‘ynaydigan, yaxshi murabbiyga ega jamoadir. Bunday raqibga qarshi bir ochkoni qo‘lga kiritish chakki emas.
- O‘yin oxirlariga yaqin penaltidan gol urib jamoangizni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldingiz. O‘sha vaziyatda xavotiringiz yo‘qmidi?
- Penalti – bu lotereya. Zarba berishdan oldin o‘zimga to‘liq ishongandim. Shunga yarasha gol urdim, hammasi yaxshi.
- Birinchi davraning so‘nggi o‘yinlari markazlashgan holda Toshkentda o‘tadi. Bu holat “Buxoro” uchun plyusmi yoki minusmi?
- Biz uchun plyus deya olaman. Axir shundoq ham jamoamizning maydoni yo‘q-ku. Buxorodagi stadionimiz ta’mirlanyapti. Shu sababli bungacha “Mash’al”ning maydonida o‘ynab kelayotgandik. O‘yinlarni Toshkentda o‘tkazishimiz esa “Buxoro” uchun yaxshi deb hisoblayman. Baribir barcha uchrashuvlarimizda safarda o‘ynagandek bo‘lyapmiz. Qolgan to‘rtta bellashuvda ochkolarni qo‘lga kiritishimiz muhim. Ko‘rib turibsiz, jamoamizda rahbariyat va murabbiylar almashgan. Asta-sekin ishlarimiz yaxshi ketmoqda.
- Qizig‘i, keyingi uchrashuvda “Qizilqum” bilan kuch sinashasizlar. Ikkala klub ham hali g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda...
- Juda qiziqarli o‘yin bo‘ladi. Ikkala jamoa turnir jadvalida yonma-yon ketyapti. Biz ushbu bahsga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz.
- Bosh murabbiy etib tayinlangan Jamshid Saidovning jamoada amalga oshirayotgan o‘zgarishlari sezilyaptimi?
- Bilasiz-ku, hamma murabbiyning ish uslubi har xil. Bundan oldin ishlagan Muhsin Muhammadievning futbolga qarashlari boshqacha bo‘lsa, Jamshid Saidovning ham o‘z uslubi bor. Unga Aleksandr Xomyakov yaqindan yordam beryapti. Ikkalasi maslahatlashib, jamoani yaxshilashga urinishyapti. Harqalay “Buxoro”da yaxshi o‘zgarishlar bor. Keyingi o‘yinda birinchi g‘alabani qo‘lga kiritishimiz shart.
- Muxlislar ham jamoadan xavotirdalar. Axir g‘alabasiz seriya ularni ham ranjitib kelyapti. “Buxoro”ni Superligada saqlab qola olasizlarmi?
- Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Jamoada barcha bir oila singari harakat qiladigan bo‘lsa, maqsadimizga erishamiz. Buni barcha tushunib turibdi. Oldimizda turgan to‘rtta bellashuv “Buxoro” uchun juda muhim. Bitta yutib olsak, keyin ishlarimiz yanada yurishib ketadi. Faqat bizda muammolar ko‘payib ketdi. Karantin sababli legionerlarimiz kela olishmadi. Boshqa futbolchilarimizda jarohatlar ko‘payib ketgandi. Asta-sekin yoshlarga imkoniyat berilyapti. “Bunyodkor”ga qarshi ham ilk bor o‘ynagan yoshlar bor. Shunga qaramay, o‘yin yomon emas.
Fikrlar