
"Bunyodkor"ning yangi ustozi klub tizimidagi yoshlar jamoalari murabbiylari bilan uchrashdi
Akademiya jamoalaridan boshlab bir tizimda ishlashni yo‘lga qo‘ya olgan klub ko‘plab yutuqlarga erishganiga guvoh bo‘lganmiz. Zero, yoshlikdan bir tizim asosida shakllantirilgan mashg‘ulotlarda shug‘ullanib katta bo‘lgan futbolchi bosh jamoaga moslashishi qiyin kechmaydi.
“Bunyodkor” bosh murabbiyi, UEFA va OFK Pro litsenziyasiga ega mutaxassis Ivan Bubalo kuni kecha uch nafar “yordamchisi” bilan uchrashdi va yaqindan tanishdi. Ya’ni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosh jamoaga o‘yinchi etkazib beradigan “Bunyodkor” U-21, “Bunyodkor” U-19 va “Bunyodkor-2” bosh murabbiylari Jamoliddin Rahmatullaev, Bobur Zuhriddinov hamda Anvar Rahimov bilan uchrashgan xorvatiyalik mutaxassis o‘z ish uslubini tanishtirdi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Ivan Bubalo futbolga bo‘lgan qarashi, taktikasi, ish uslubi, selektsiyada nimalarga e’tibor qaratishini tushuntirib, murabbiylar uchun doimo ochiqligini, istalgan vaqtda o‘z maslahati bilan yordam berishini ta’kidladi. Shuningdek, evropalik mutaxassis mavsum davomida “yordamchilari”ga yanada yaqin bo‘lishini ma’lum qildi. O‘z navbatida murabbiylar albatta xorvatiyalik hamkasbi bilan hamkorlikda ish olib borishlarini bildirishdi.
"Bunyodkor" matbuot xizmati.
Fikrlar