BUUUM! La Liga jamoasi o‘zbek futbolchisini sotib olish arafasida turibdi. Transfer so‘nggi bosqichda!
Yaqindagina "Rayo Valekano" yoshlari safida hamyurtimiz Islom Kenjaboevning gol urgani haqida xabar bergandik. U ayni vaqtda ispan klubida ijara asosida to‘p tepmoqda.
SPORTS.uz saytiga ma’lum bo‘lishicha, Kenjaboev tez orada "Rayo Valekano"ning to‘laqonli a’zosiga aylanadi. Bu haqda futbolchining agenti Doniyor Yusupov ma’lumot berdi.
"Hozirda ispan jamoasi Islomni o‘z safiga qo‘shib olish niyatida. Transfer masalalari yakuniy bosqichda.
Kenjaboev "Rayo"ga o‘tganidan so‘ng mavsumni yuqori notada yakunlashni reja qilmoqdamiz. Keyin esa jamoaning asosiy tarkibiga qo‘shilish ustia ishlaymiz.
Shu paytgacha ham hammasi rejadagidek bo‘ldi. Ko‘rik vaqtlari va qancha vaqtdan keyin taklif kutishimiz hozirgacha to‘g‘ri bo‘lib chiqdi", - dedi Yusupov.
Ma’lumot o‘rnida, Islom Kenjaboev — O‘zbekiston U-20 terma jamoasi a’zosi va “Nasaf” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Yarim himoyachi yozda Ispaniyaga yo‘l olib, “Rayo Valekano” ko‘rigidan muvaffaqiyatli o‘tgan va ayni paytda hamyurtimiz “Rayo”ning o‘rinbosarlar jamoasida o‘ynamoqda. Aytib o‘tganimizdek, u yangi jamoasi safida allaqachon gol ham urdi.
Sentyabrda 19 yoshni qarshilagan futbolchining “Nasaf” bilan 2025 yil oxirigacha imzolagan shartnomasi bor. Agar tomonlar kelisha olsa, Madrid klubi qishda Kenjaboevni transfer qiladi.
Fikrlar