"Buxoro" begona maydonlarda o‘ynab yuraveradimi? Davron Fayziev yana jamoaga qaytyaptimi? Klub bosh direktori stadion masalasi va o‘zgarishlar haqida

  • 12 yanvar, 2022, 21:24
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Buxoro” klubi o‘tgan yili Superligaga chiqish vazifasini uddalay olmagandi. Bunga etarlicha sabablar bor. Ammo endi bu xususida yana to‘xtalib o‘tmoqchi emasmiz.

Tecno

Bizni o‘ziga tortgani klubda yana o‘zgarishlar davom etayotganidadir. O‘tgan yilgi muvaffaqiyatsiz mavsumdan so‘ng rahbariyatda ham, murabbiylar shtabida ham yangiliklar kuzatildi.

Dekabr oyining boshlarida klub bosh direktori sifatida O‘tkir Olimovich Qodirov ish boshladi. U klubni Superligaga qaytarish yo‘lida astoydil ishga kirishdi. Sports.uz muxbiriga avvalo ko‘rilayotgan tayyorgarlik va rejalar haqida o‘rtoqlashdi.

- Oldimizdagi birinchi maqsad “Buxoro” jamoasini Superligaga olib chiqish. Niyatimiz jiddiy. Bilasiz, yangi murabbiy tayinlaganmiz, selektsiya ishlarini ham olib boryapmiz. 13 yanvar kuni birinchi nazorat uchrashuvini “Nasaf”ga qarshi o‘tkazamiz. Undan keyin qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inimizni Toshkentda o‘tkazamiz. 16 yanvar kuni “Neftchi” jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yinimiz bor. 20 yanvarda esa “So‘g‘diyona” bilan ham o‘yin o‘tkazish bo‘yicha kelishib qo‘yganmiz. Keyinchalik Qarshida hokim kubogi turniri bo‘lib o‘tadi. Agar hammasi aniq bo‘lsa, Toshkentdagi yig‘inimizni tugatib 22 yanvarda Qarshiga boramiz. “Nasaf”, “Mash’al”, “Sho‘rtan”, “Qizilqum”, “Dinamo”, “Xorazm” kabi jamoalar qatnasharkan, menimcha ajoyib turnir bo‘ladi. Biz ham musobaqada ishtirok etmoqchimiz. Maqsadlarimiz oliy, jamoani Superligaga olib chiqmasak bo‘lmaydi. Bu qanchalik qiyin bo‘lmasin, ortga chekinmaymiz. Shunga yarasha hamma jon kuydirib ishlayapti.

Jamoamizda yangi futbolchilar bor. O‘tgan yili “Dinamo”da to‘p surgan va to‘purar bo‘lgan Ro‘zimboy Ahmedov, shuningdek, Sardor Eminov, Obid Jo‘raboev, Jasur Hasanov kabi futbolchilar qo‘shilgan. “Mash’al”dan Jamoliddin Ubaydullaevni ham chaqirdik. Tojikistonda to‘p surgan Xurshid Olimovni ham jalb qilganmiz. Shavkat Salomov esa bizning asosiy o‘yinchimiz. Buxoro futbolining yulduzi hisoblanadi. Ukraina chempionatida o‘ynagan ikki nafar legioner ham tez orada tarkibga qo‘shilishadi. Kuni kecha serbiyalik darvozabon keldi. Sobit Sindarovni ham o‘z ostimizga olib qo‘yganmiz. Yana ayrim futbolchilar bilan ham gaplashib qo‘yganmiz.

qodirov1

Dekabr oyining o‘rtalarida “Buxoro”ga Hakim Fuzaylov bosh murabbiy etib tayinlandi. Rahbariyat tojikistonlik mutaxassisga ishonch bildirishdi. Hozirda murabbiy qizg‘in ish jarayonida. Klub bosh direktori nima uchun ushbu murabbiy taklif qilingani haqida gapirdi.

- Albatta, bosh murabbiy masalasida 3-4 ta variantlarimiz bor edi. Men Hakim Qayumovich nomzodini berganimdan keyin rahbariyatga ham bu variant ma’qul keldi. Chunki Fuzaylov “Dinamo”ni Superligaga olib chiqdi. O‘z vaqtida kuchli jamoalarda ishlagan, tajribasini inobatga olib, jamoaga taklif qildik va ishonch bildirdik. Murabbiy ham “Dinamo”ni olib chiqdim, endi navbat “Buxoro”ga va klubni Superligaga qaytaramiz, deya va’da berdi. Murabbiy bilan bir yilga shartnoma tuzdik. Hamma futbolchilar bilan iloji boricha bir yillik shartnomalar qilamiz. Lekin 17-19 yoshli o‘yinchilarimiz bilan 2-3 yillik shartnomalar imzolaymiz.

Ammo klubda hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bor. Ayniqsa, “Buxoro”ning uy stadioni haligacha foydalanishga topshirilmagan. Jamoa esa chempionat davomida sarson bo‘lib yurdi. Haligacha asosiy stadion chimi tayyor bo‘lmagan. Xo‘sh, qachon bu masala hal qilinadi yoki “Buxoro” jamoasi yana begona maydonlarda o‘ynab yuradimi?

- O‘rinli savol berdingiz. Klubda ish boshlashimdan avval rahbarlar bilan gaplashganimda ham stadion masalasini o‘rtaga tashlagandim. Maydon sifatini yaxshilash uchun hamma bunga jiddiy qarayapti. Qaytadan rekonstruktsiyani boshlab yuborganmiz. Katta bir ishchi jamoa stadionda keng ko‘lamli ishlarni olib borishyapti. Nasib bo‘lsa, 21 mart navro‘z bayramiga stadion ochilishini o‘tkazish rejamizda bor. Xudo xohlasa, bu yilgi mavsumni o‘z maydonimizda o‘tkazamiz, deb niyat qilib qolaman, - deya javob berdi O‘tkir Qodirov.

Shuningdek, har yili klubda ayniqsa, rahbariyat va murabbiylar tizimida turli o‘zgarishlar yuz beraveradi. Yil davomida bir nechtasi kelib-ketganiga guvoh bo‘lamiz. Bunday omillar ham klubning natijalariga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. O‘z navbatida bosh direktor shu masalaga ham to‘xtalar ekan, e’tiborimizni tortadigan bir jihatga to‘xtaldi.

qodirov2 

- Klubda rahbariyatning tez-tez almashishi mening qo‘limda emas. Kim qanday kamchilikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, har kim javobini beradi. Lekin menga ishonch bildirishganida hammamiz birgalikda klubni Superligaga olib chiqishimiz asosiy vazifamizga aylangan.

Murabbiylarni almashtiraverish ham yaxshi emas. O‘tgan yili dastlab Davron Fayzievga jamoa ishonib topshirildi. Ajoyib mutaxassis, o‘z vaqtida yaxshi o‘yinchi bo‘lgan. Bu murabbiyni yana jamoamizga taklif qilish rejamda bor. Yashirmayman, u bilan aloqada bo‘ldik. “Buxoro”da ishlagan chog‘ida Davronning xatosi yo‘q, buni o‘ziga ham aytdim. Vazifa bajarilmay qolishida esa Fayziev aybdor emas. Uni “Qo‘qon-1912” bilan shartnomasi bor yoki yo‘qligidan xabarim yo‘q. Lekin Davron Fayziev bilan gaplashganmiz. Agar hammasi reja bo‘yicha ketsa, Hakim Qayumovichga yordamchi bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas.

Shuningdek, o‘tgan yili klub nomi ham o‘zgargan bo‘lib, oldingi “Nurafshon” deya yuritila boshlandi. Bu yil esa klub yana “Buxoro” nomiga qaytarildi. Bu kimdan chiqqan tashabbus, nima sababdan yana nomi o‘zgartirildi? Bosh direktor shu masalaga ham javob berdi.

- O‘zim Buxoro farzandiman. Klubda ilk ish boshlagan kunimdanoq yo “Nurafshon” nomida qolish yoki “Buxoro”ga qaytish haqida o‘ylagandim. Bir o‘zim qaror chiqarmaslik uchun so‘rovnoma o‘tkazdik. Buxoro xalqi qanday fikrda? So‘rovnoma o‘tkazgan paytimizda 52 foiz muxlislar “Buxoro” nomini xohladilar. Keyin biz kengash o‘tkazdik. Futbol faxriylari, sobiq o‘yinchilar va rahbarlar bilan uchrashib, ularning ham fikrlarini o‘rgandik va yakunda “Buxoro” nomiga qaytdik.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!