
"Buxoro" va "Paxtakor"ni bog‘lab turadigan 57, 41, 9 va 7 raqamlari
"Paxtakor" Coca Cola Superligasi 15-turida "Buxoro" bilan safar o‘yinida maydonga tushadi. Toshkentliklar matbuot xizmati o‘yinga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Jamoalar safida o‘yinni diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuboradigan futbolchilar mavjud emas.
Chempionatlar tarixida ushbu jamoalar 57 bor o‘zaro bellashgan. 41 bahsda "Paxtakor", 7 bellashuvda "Buxoro" g‘alaba qozongan. 9 to‘qnashuv durang bilan yakunlangan. Raqib darvozasi "sherlar" tomonidan 130 bor ishg‘ol etilib, buxoroliklar 38 gol urgan. 15 uchrashuvda "sherlar" raqibni yirik natija bilan taslim qilgan. 2005 yil eng yirik natija kuzatilgan. Safarda poytaxtliklar 8:0 hisobida zafar quchgan.
Mehmondagi o‘yinlarda "Paxtakor" ko‘rsatkichi shunday ko‘rinish olgan: 15 g‘alaba, 7 durang va 6 mag‘lubiyat. "Buxoro" darvozasiga 53 gol urilib, 21 to‘p o‘tkazib yuborilgan. Safarda oxirgi ikki bellashuvda Shota Arveladze shogirdlari yirik hisobda muvaffaqiyat qozongan.
O‘zaro o‘yinlar to‘purari Server Jeparov sanaladi. U buxoroliklar darvozasiga 10 gol urgan. Dragan Cheran hisobida 9 gol mavjud. Igor Shkvirin 8, Igor Sergeev 7 to‘p muallifi bo‘lgan. Anvar Solievda 6, Mirjalol Qosimov, Vladimir Kozak va Zayniddin Tojievda 5tadan gol bor. Andrey Streltsov va Leonid Koshelev esa 4tadan gol muallifiga aylangan. Raqibdan Ilhom Qurbonov hisobida 3 gol bor. Gennadiy Sharipov va Bahodir Pardaev har ikki jamoa safida to‘p kiritishga erishgan.
"Buxoro" va "Paxtakor" jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bugun soat 18:00da "Lokomotiv" stadionida boshlanadi.
Fikrlar