“Buxoro” yangi futbolchilarning tanishtiruv marosimini o‘tkazdi (Foto)
Avval xabar berganimizdek, «Buxoro» jamoasi davralar oralig‘ida o‘z safiga qo‘shib olgan yangi futbolchilarini keng jamoatchilikga tanishtirdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, tadbir ikki qismdan iborat bo‘ldi. Dastlab "Buxoro sport majmuasi"ning anjumanlar zalida yangi futbolchilarni klub rahbariyati va bosh murabbiy ommaviy axborot vositalariga tanishtirib, ular haqida ayrim ma’lumotlarni berib o‘tdi. So‘ngra ikkinchi qism stadionda tashkil etildi. Unda jamoaning ashaddiy ishqibozlari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoevga va shuningdek tarkibdagi futbolchilarga murojaat qilishdi. Quyida ana shu tanishtiruv marosimidan olingan sur’atlar bilan tanishing.
Tanishtiruv marosimining dastlabki qismida "Buxoro" klubi mutasaddilarining barchasi ishtirok etib, jurnalistlar savollariga javob berib o‘tishdi.
"Buxoro"ning yangi xaridlari oldi qatorni to‘ldirib o‘tirdi.

Klub rahbariyati jamoani har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Ijobiy natijalar qayd etilishida ularning ham hissasi beqiyos.
Odatga ko‘ra anjumanning birinchi qismida yangi futbolchilarga raqamlar topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. E’tiborlisi, Sanoev o‘tgan yilgi kabi bu mavsum ham "Buxoro"da 87-raqamli libosda xarakat qiladigan bo‘ldi.

Rahbariyat bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev va umuman murabbiylar shtabiga bo‘lgan ishonchi yuqori ekanligini bildirdi.
Bosh murabbiy davralar oralig‘ida jamoa safiga yangi kelib qo‘shilgan futbolchilar to‘g‘risida ayrim ma’lumotlar o‘qib eshittirdi.

"Buxoro" yozgi transfer oynasida o‘z safiga olti nafar yangi futbolchini qo‘shib oldi.
Tadbirning ikkinchi qismi stadionda o‘tkazildi. Unda tribuna ashaddiy ishqibozlar bilan gavjum bo‘ldi.
Muxlislar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Salamat Qutiboev yana "Buxoro"ga qaytib kelganidan xursand ekanligini yashirmadi va muxlislar tomonidan bo‘layotgan ishonch unga qo‘shimcha kuch bag‘ishlayotganini hamda buning uchun astoydil mexnat qilishini ta’kidladi. Buxorolik muxlislar ham o‘z navbatida jamoa ishtirokidan mamnun ekanliklarini va kelgusida ham ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatlab turishlarini bildirishdi.

Qisqa fursat ichida mahalliy ishqibozlarning yoqimtoyiga aylanib qolgan legioner himoyachi, klub sardori Vladimir Baenko ham tadbirda so‘z olib, "Buxoro"ni kelgusida yanada yuqori o‘rinlarda bo‘lishi uchun bor mahoratini ishga solishini aytib o‘tdi.
Muxlislar "Buxoro"ni yanada yuqori o‘rinlarda bo‘lishini istamoqda.
Ulug‘bek Baqoev: O‘zim ham jamoamni chempion qilishni istayman!

Artyom Filiposyan: "Buxoro"ni ham sovrindorlar qatoriga kirishiga oz qoldi.
Azamat Allaniyozov "Buxoro"ga o‘tganidan xursand. Mahoratli hujumchi sermahsullik ko‘rsatib, jamoa g‘alabalariga o‘z hissasini qo‘shishga xarakat qilishini aytib o‘tdi. Umid qilamizki, Allaniyozov sobiq jamoasi bo‘lmish "Nasaf"ga qarshi kechadigan bahsda o‘z gollari bilan "Buxoro"ga g‘alaba keltiradi.



Fikrlar