"Chelsi"ning taklifi MYu darvozabonini o‘ylantirib qo‘ydi
“Chelsi” bosh murabbiyi Frenk Lempard “Manchester Yunayted” darvozaboni Din Xendersonni olishni istamoqda. Londonliklar 23 yoshli golkiperni Sulsher jamoasiga qaytmasligi uchun unga katta miqdordagi maosh va’da qilmoqda.
Xenderson joriy mavsumni “Sheffild”da o‘tkazib, ishonchli o‘yinlari bilan qator klublar e’tiborini qozondi. Darvozabonning o‘zi agar asosiy tarkibdan joy berilmasa, boshqa jamoaga ketishi haqida “Manchester Yunayted” rahbariyatini ogohlantirdi. David de Xeaning ko‘p xato qilayotganini inobatga olgan muxlisu mutaxassislar kelasi mavsumda birinchi raqam Xendersonga topshirilishini kutmoqda.
Ayni paytda Xenderson haftasiga 70 ming funt maosh oladi. “Chelsi” bu darvozabonga har hafta uchun 170 ming funt to‘lashni va’da qilmoqda.
Din Xenderson kelasi hafta “Manchester Yunayted”ga qaytadi va shunda kelajagiga oydinlik kiritib olishi kutilmoqda.




Fikrlar