Chempionlar ligasida butun Evropani hayratda qoldirgan bu vunderkind kim? U "Barselona" himoyasini parchalab tashladi va Neymarning merosxo‘ri hisoblanadi

  • 27.11.2025 04:56
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol

EChLning 5-turida “Chelsi” o‘z maydonida “Barselona”ni yirik 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Mazkur bahsning eng yorqin futbolchilaridan biri 18 yoshli Estevao bo‘ldi. U kataloniyaliklar himoyasini o‘z driblinglari bilan parchalab tashladi.

Braziliyada unga “Neymarning merosxo‘ri” deb qarashadi. Quyida esa Estevaoning futbolga kirib kelishi va tez sur’atda yulduzga aylanish tarixi bilan tanishasiz.

Futbolga ilk qadamlar:

Estevao atigi 10 yoshida “Kruzeyro” akademiyasiga qo‘shilgan va shu paytning o‘zida Nike bilan shartnoma imzolagan. U bu borada boshqa braziliyalik yulduzlardan ham oldin bo‘ldi: masalan, Neymar va Rodrigo mos ravishda 13 va 11 yoshlarida yirik brend bilan kontraktga ega bo‘lishgan.

Uning ilk driblinglari va maydondagi o‘yin uslubi tufayli bolaligida “Messino” deb atashgan. Biroq Estevao o‘sib-ulg‘aygach, bu laqabdan voz kechdi va faqat o‘z nomi bilan tanilishni maqsad qildi.

“Meni boshqalar bilan taqqoslashlarini yoqtirmayman. Menga Estevao bo‘lish yoqadi”, — degan edi futbolchi ESPNga bergan intervyusida.

Estevao 14 yoshida “Palmeyras” safiga o‘tdi. U tez orada mamlakatning eng katta iste’dodlaridan biri sifatida e’tirof etildi. 15 yoshidagi debyutidan so‘ng U-15 va U-17 jamoalari bilan bir qator sovrinlarni qo‘lga kiritdi.

Uning porlashi Evropani ham befarq qoldirmadi. Yirik top-klublar uni balog‘at yoshiga etmasdanoq sinab ko‘rishga harakat qildi.

“Chelsi”ga o‘tish va Tiago Silvaning roli

2024 yil iyun oyida “Chelsi” “Palmeyras” bilan kelishuvga erishdi va 45 million evro evaziga Estevaoni sotib oldi. O‘sha paytda vunderkind 17 yoshda edi, shu bois transfer qoidalarga ko‘ra, u 18 yoshga to‘lganidan keyin klub a’zosiga aylandi.

Estevao o‘z tanlovida “Chelsi”ning sobiq himoyachisi Tiago Silva maslahatlari katta rol o‘ynaganini ta’kidlagan.

“Tiago Silva menga klub haqida juda iliq gaplar aytdi. Shundan so‘ng men qarorimda ishonch hosil qildim”, — deydi vinger.

Evropadagi ilk mavsum: rekordlar va statistika

Estevao joriy mavsumda 17 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol va 1 ta assist qayd etdi. Bu — debyut mavsumi uchun juda yaxshi ko‘rsatkich. E’tiborlisi, u EChLda ketma-ket uchta uchrashuvda gol kiritdi:


“Ayaks” — 5:1
“Qorabog‘” — 2:2
“Barselona” — 3:0

Shu tariqa u musobaqada ketma-ket uch o‘yinda gol urgan eng yosh braziliyalik sifatida tarixga kirdi.

Braziliyalik futbolchi eng yorqin o‘yinini "Barselona"ga qarshi ko‘rsatdi. Uchrashuv ikki 18 yoshli vunderkind o‘rtasidagi duel sifatida muxlislar e’tiborini tortdi. Evropa futbol xavosiga endigina ko‘nikib qolgan Estevao tajribali Lamine Yamalga qarshi maydonga tushdi va g‘alaba qozondi.U nafaqat gol urdi, balki besh marotaba muvaffaqiyatli dribling amalga oshirdi. Shuningdek, u “Chelsi”ning xavfli hujumlarida asosiy figura bo‘ldi. Shu o‘yindan so‘ng Evrpoa futboli unga yanada jiddiy e’tibor qaratmoqda.

Estevao hozirning o‘zida Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti tomonidan yig‘inlarga taklif etilmoqda. U klub va terma jamoa safida jami 9 ta gol urgan — bu ko‘rsatkich bo‘yicha u Yamal va Vinisiusni ham ortda qoldirmoqda.

Xulosa
Estevao — braziliyalik super iste’dodlarning navbatdagi yorqin vakili. Uning kamtarligi, mehnatsevarligi va texnik mahorati uning karerasida katta o‘sishga olib kelishi mumkin. Muxlislar esa undan Neymar darajasidagi yulduzni ko‘rishni intizorlik bilan kutmoqda.

                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                            Artemiy Kuteynikov maqolasi
                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                        Ruzmatov Muxammadqodir tarjimasi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!