Chimyondagi yig‘in nega erta tugagani, tarkibga nima uchun hech kim jalb qilinmayotgani va OAVda chiqayotgan turli gap-so‘zlarga Baxtiyor Ashurmatovning fikrlari

  • 16.07.2021 22:28
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

“Qo‘qon-1912” klubi turnir jadvalida 15 ochko bilan 9-o‘rinda. Bu klub ikkichi davraga tayyorgarlikni Chimyon tog‘ yon bag‘rlarida olib bordi.

Baxtiyor Ashurmatov bosh murabbiyligidagi jamoa mavsumning ikkinchi qismiga jiddiy tayyorlanyapti. Bunga asoslar etarli. Klubning o‘z maqsadi bor. Qolaversa, birinchi davrada yo‘qotilgan ochkolar o‘rnini qoplash ham zarur.

“Baribir yig‘inimiz foydali bo‘ldi”

Sports.uz muxbiri “Qo‘qon-1912” ustozi bilan bog‘landi. Ashurmatov dastlab Chimyondagi yig‘in qanday o‘tgan haqida so‘zladi.

- Ikkinchi davraga tayyorgarlik jarayonida biz tog‘da 10 kun davomida tayyorgarlik ko‘rishni rejalashtirgandik. O‘ylaymanki, bu erda futbolchilarning jismoniy holatini tayyorlab olish va ikkinchi davra davomida ularning bu boradagi holatini bir maromda ushlab turish uchun ham bu yig‘inimiz biz uchun muhim edi. Mashg‘ulotlarimizni 10 kunga rejalashtirgandik. Afsuski, mehmonxona bilan bog‘liq muammo yuz berdi. Ya’ni, xordiq chiqaruvchilar oldindan buyurtma qilib qo‘yishgan ekan. Shuning uchun uch kun vaqtliroq qaytishimizga to‘g‘ri keldi. Endi tayyorgarligimizni Toshkentda davom ettiramiz. Agar 10 kun davomida tog‘da bo‘lganimizda birinchidan, futbolchilarni jismoniy holatini, ikkinchidan, birinchi davrada yaxshi, yomon va omadsiz o‘yinlarimiz bo‘ldi. Shularning barchasini tahlil qilib, futbolchilarning kayfiyatini yaxshilab, jismoniy yuklamalarni berish bilan birgalikda, Chorvoqda suvga tushib o‘yinchilarning ko‘nglini yozishni rejalashtirgandik. Baribir shunga qaramay, bu erdagi yig‘inimiz ancha foydali bo‘ldi hamda futbolchilarimiz jismoniy holatini bir muncha yaxshilab olishga erishdilar. Bu harakatlarimiz ikkinchi davra o‘yinlarida yordam beradi deb umid qilamiz. Boya aytganimdek, tayyorgarligimizning ikkinchi qismini Toshkentda davom ettiramiz. 19 iyul kuni “Surxon” jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazganimizdan keyin Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan futbolchilarni ikki kunga oilalari davrasiga borib kelishlariga ruxsat beramiz. 22 iyuldan yana mashg‘ulotlarni poytaxtda davom ettiramiz. Yana nazorat o‘yinini tashkillashtirmoqchimiz. Keyin Qo‘qonga qaytib, chempionat doirasida “Navbahor” hamda “Turon”ga qarshi bahslarga tayyorlanamiz.

ashurmatov4_1

“Tarkibimizdan hech kim ketmadi va hech kim kelmadi”

Shu o‘rinda, qo‘qonlik muxlislarni tarkibda biror o‘zgarish bo‘lishi mumkin, degan savol ham qiziqtiryapti. Ma’lumki, Ashurmatov bungacha bildirgan fikrlarida bu yilgi yozgi transfer oynasi ochilgan vaqtda bu borada faol bo‘la olmasliklariga to‘xtalgandi. Shunday bo‘lsa ham murabbiy ushbu vaziyat haqida fikr bildirdi.

- Jamoaga birorta futbolchini taklif qilmadik. Bunga ikkita sabab bor. Birinchisi, tarkibimizdagi o‘yinchilarning ishga vijdonan yondashishi ajoyib. To‘g‘ri, qaysidir o‘yinlarda kerakli ochkolarni yo‘qotgandirmiz. Baribir futbolchilarning o‘yinga bo‘lgan munosabati, jangovorligi, oxirigacha kurashishi bizni qoniqtiryapti. Ikkinchisi, kuchliroq o‘yinchilarni jamoaga jalb qilish – bu oson jarayon emas. Yaxshi futbolchilarni o‘z klublari bilan shartnomalari bor. Ularni katta mablag‘ evaziga sotib olish yoki ijaraga olish kerak bo‘ladi. To‘g‘ri, selektsiya kerakli jarayon. Bu qishda ham, yozda ham amalga oshirishi kerak bo‘lgan holat. Yuqoridagi ikkita sabab tufayli, tarkibda aytarli o‘zgarish qilmayapmiz. Tarkibimizdagi yigitlarni saqlab qolib, umid qilamanki, birinchi davradagidan ko‘ra yaxshiroq o‘yin ko‘rsata olamiz. Yigitlarga ishonamiz. Hozircha tarkibimizni hech kim tark etgani yo‘q va birorta ham yangi o‘yinchi kelmadi.

ashurmatov1

“Futbolchilarning pullari Qo‘qonda qolib ketmaydi”

Lekin oxirgi paytlarda matbuotda qo‘qonliklarning ayrim etakchilariga boshqa klublardan jiddiy qiziqishlar bo‘layotgani xususidagi gap-so‘zlar ham yo‘q emas. O‘z o‘rnida Ashurmatov vaziyatning shu tomoniga ham to‘xtalishni lozim topdi.

- To‘g‘ri, OAVda “Qo‘qon-1912”ning etakchilari jamoani tark etyapti, degan turli gap-so‘zlar chiqyapti. Murabbiy sifatida shuni aytishim mumkinki, to‘g‘ri, “Qo‘qon-1912” ayrim jamoalarga o‘xshab yuqori byudjetga ega emasdir. Lekin hech qachon futbolchilarni aldamagan. Ularning pullari Qo‘qonda qolib ketmagan. Aytaylik, maosh borasida ozgina kechikish bo‘lishi mumkin. Ammo har doimgidek rahbariyat o‘yinchilarning oylik maoshlarini berishga harakat qilishyapti. Katta qarzdorlik yig‘ilib qolgani yo‘q. Yaqin kunlarda bu masala ham bartaraf etiladi. Futbolchilar o‘z ishiga vijdonan yondashishyapti. Ko‘z tegmasin, Qo‘qonda juda ahil jamoa to‘plagannmiz. O‘yinchilarimizning boshqa klublarga o‘tib ketish niyatlari yo‘q. Faqat yuqoridagi xabar chiqqach, ayrim klublar futbolchilarimizga taklif bilan chiqishgan. Yig‘ilishlardan birida yigitlarga agar pullaringlarni qilib bera olmasak, sizlarni majburan ushlab turmaymiz, boshqa klublarga qo‘yib yuborish ehtimolimiz bor, deb aytgandik. Lekin o‘ylaymanki, vaziyat bu darajaga etib kelmaydi. Yig‘inlarda yigitlar yaxshi ishtirok etishyapti, ikkinchi davraga munosib tayyorlanyapmiz. Futbolchilarimiz jamoamiz rahbarlariga ishonishadi. Ular hech qachon o‘yinchilarning ishonchlarini suiste’mol qilmaydilar. Shuning uchun vaziyat u qadar xavotirli emas. Bundan muxlislarimiz ham xavotir olishmasa bo‘ladi. Har bir o‘yinchimiz hozirgi ahil oilamizni saqlab qolish tarafdori. Shu o‘rinda futbolchilarimizga vaziyatni tushunib, mehnat qilishayotgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Umid qilamanki, mana shu ahil jamoamiz bilan birinchi davraga nisbatan ikkinchi davrada yaxshiroq natijalar ko‘rsata olamiz.

ashurmatov3_4

“Ikkinchi davrada muxlislarni o‘z uyimizdagi g‘alabalar bilan ham quvontiramiz”

Qiziq jihati shundaki, qo‘qonliklar hali o‘z maydonida g‘alaba qozona olmadi. Qo‘lga kiritgan to‘rtta g‘alabasini asosan safardagi uchrashuvlarda qo‘lga kiritdi. Ashurmatov buning sababini quyidagicha izohlaydi:

- Gapning ochig‘i, o‘zim ham birinchi marta shunday vaziyatga duch kelyapman. O‘tgan yilgi mavsumda “Qo‘qon-1912” jamoasi ko‘plab ochkolarini o‘z maydonidagi o‘yinlarda qo‘lga kiritgandi. Birinchi davrada safardagi o‘yinlarda ochkolarni qo‘lga kiritishimiz qiyin bo‘lgandi. Bu yil esa mehmondagi uchrashuvlarda g‘alabalarni qo‘lga kirita boshladik. Aksincha, endi o‘z maydonimizdagi uchrashuvlarda ochkolarni yig‘ishga qiynalyapmiz. Buning asosiy sabablaridan biri, mehmonda va uyda har xil taktikalarda o‘ynayotganimiz bilan bog‘liq. Safarda qarshi hujum taktikasida o‘ynayapmiz. O‘z maydonimizda esa raqiblar ko‘proq himoyaviy o‘yin ko‘rsatishyapti. Ularni durang ham qoniqtiradi. Pozitsion hujumlar ustida ko‘proq ishlashimiz kerak. Umid qilamizki, ikkinchi davrada uydagi o‘yinlarda ham muxlislarimizni g‘alabalar bilan xursand qilishni boshlaymiz.

ashurmatov_17

“O‘tgan yilgidan yuqori o‘rinni egallamoqchimiz”

Yuqorida “Qo‘qon-1912”ning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi borligi xususida to‘xtaldik. Bosh murabbiy ikkinchi davradan nima kutayotgani hamda jamoasining qaysi o‘ringa qodirligi yuzasidan ham munosabat bildirdi.

- O‘tgan yili 5-o‘rinni qo‘lga kiritdik. Shu sababli bizning asosiy maqsadimiz o‘tgan yilgidan ko‘ra yuqori o‘rinni egallash. To‘g‘risi, o‘z maydonimizda yo‘qotilgan ochkolar evaziga biroz grafikdan kech qolyapmiz. Ammo 3- va 4-o‘rindagi jamoalar hali u qadar uzoqlashib ketganlari yo‘q. Agar biz o‘z maydonimizda ham barqaror o‘ynab, muxlislarni xursand qilib, ochkolarni qo‘lga kiritishin boshlasak, o‘z oldimizga qo‘yilgan maqsadga erishsak bo‘ladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!