Chirchiqda O'zbek jang san'ati bo'yicha O'zbekiston chempionati o'tkazildi

Joriy yilning 5-8 mart kunlari Chirchiq shahridagi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti manežida milliy sport turimiz sanalgan O‘zbek jang san’ati bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Mazkur mamlakat chempionatida  Qoraqalpog‘iston Respublikasi,  Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 2000 nafarga yaqin atletlar ishtirok etib, "Kompleks mashq", "Temuriylar jang usuli" "Ko‘rgazmali chiqish" va "Assalom tong" yo‘nalishlari bo‘yicha mahoratlarini namoyish etishdi.

Chempionat doirasida shuningdek,  8 mart- Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan  O‘zbek jang federatsiyasi tomonidan bir guruh hakamlardan iborat xotin -qizlar e’tirof etilib, munosib taqdirlandi. Yuqori saviyada o‘tgan mazkur bayramga bag‘ishlangan taqdirlash marosimida  O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov hamda O‘zbek jang san’ati federatsiyasi raisi Po‘lat Usmonov ishtirok etdi. 

Shu tariqa uch kun davom  etgan murosasiz bellashuvlarning yakuniy natijalariga ko‘ra umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Toshkent viloyati terma jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni andijonlik O‘zbek jang san’ati ustalari egalashgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Toshkent shahar sportchilariga nasib etdi. 
Ta’kidlash joiz, ushbu mamlakat chempionati 3-5 aprel kunlari O‘zbek jang san’ati bo‘yicha Qozog‘istonning Chimkent shahrida o‘tadigan Osiyo chempionatiga saralash vazifasini o‘tab berdi. 

                                                                                                                  Ilhom RAHMONOV tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!