
Darvozabondan hujumchigacha yoxud Superliganing oxirgi turida eng yaxshilar kimlar?
Superliganing so‘nggi turi bir kunda o‘tkazildi va unda turli xil natijalar kuzatildi. Xo‘sh, chempionatning oxirgi uchrashuvlarida qaysi futbolchilar qahramonlik ko‘rsatishdi? Quyida shu xususida so‘z yuritamiz.
“Qizilqum” – “Turon” – 1:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Artyom Makosin
Hech nimani hal qilmaydigan uchrashuvda “Qizilqum” “Turon”ni 1:0 hisobida engdi. Oxirgi turgacha navoiyliklar 12-o‘rinni egallashi va ligada qolish uchun pley-offda maydonga tushishi aniq bo‘lib ulgurgandi. “Turon” esa pro ligaga ravona bo‘lganini bilasiz. Oxirgi bahsda esa navoiyliklar posboni Artyom Makosin o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalangan holda o‘zini ko‘rsatib, darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
“So‘g‘diyona” – “Surxon” – 0:2. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Silvanus Nimeli
So‘nggi turda “Surxon” Jizzaxda maydon egalari darvozasiga javobsiz 2 ta gol urgan holda mag‘lubiyatga uchratdi. Uchrashuvda ikkinchi gol muallifiga aylangan Silvanus Nimeli bellashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylandi va to‘purarlar orasida 12 ta gol bilan peshqadamlar safidan joy oldi. “Surxon” esa ushbu g‘alaba tufayli chempionatni 6-o‘rinda yakunladi.
“Andijon” – “Buxoro” – 1:0. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Sardor Abdunabiev
“Burgutlar” oxirgi turda “Bobur Arena”da tomoshabinlarsiz o‘tkazgan o‘yinida yagona gol evaziga g‘alaba qozondi. Iqtidorli yarim himoyachi Sardor Abdunabiev yakunda qahramonga aylandi. Chunki uning goli “Andijon”ga mavsumdagi oxirgi uchrashuvdagi oxirgi g‘alabani keltirdi.
“Metallurg” – “Olimpik” – 2:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Xusniddin G‘ofurov
Bekobodning “Metallurg” klubi “Olimpik”ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Xusniddin G‘ofurov bu uchrashuv qahramoniga aylandi. Boisi, futbolchi Kapadze jamoasi darvozasiga ikkita gol urdi va “Metallurg”ning g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.
OKMK – “Nasaf” – 1:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Valijon Rahimov
Yaqinda O‘zbekiston Kubogi finalida OKMKni mag‘lubiyatga uchratib muvaffaqiyatga erishgan “Nasaf” chempionatning oxirgi turida Olmaliqda OKMKga qarshi maydonga tushdi. Kuchlar teng kelgan bahsda OKMK darvozaboni Valijon Rahimov eng yaxshisi deb topildi va bunga uning seyvlari, mahorati sabab.
“Paxtakor” – “Bunyodkor” – 2:3. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi Shoxruh Abdurahmonov
Toshkent derbisida “Bunyodkor” “Paxtakor” maydonida chempionni mag‘lub etishni uddasidan chiqdi. 5 ta gol urilgan uchrashuv albatta qiziqarli kechdi. “Bunyodkor” safida Shoxruh Abdurahmonov faolligi bilan ajralib turdi. Gol urgani va gollarda ishtirok etgani ham jamoasiga g‘alabani taqdim etishda muhim rolni bajardi. Natijada Shoxruh mavsumdagi oxirgi bahsda eng yaxshi futbolchiga aylandi.
“Navbahor” – “Neftchi” – 1:1. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi: Oston O‘runov
Vodiy derbisida Oston O‘runov o‘yinni “yondirdi”. U haqida uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida “Neftchi” bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko alohida e’tirof etdi. “Navbahor” birinchi bo‘limdan so‘ng yutqazayotgandi, ikkinchi bo‘limda muvozanatni tiklay oldi. Ammo g‘alaba ikkala klubga ham nasib qilmadi. O‘runov esa doimgidek o‘z darajasida o‘ynadi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar