
David Diamante: "Isroil Madrimov har qanday chempion uchun xavfli raqib!"
- Avvalo, O‘zbekistonga xush kelibsiz.
- Rahmat! Bu erda bo‘lish juda yoqimli.
-O‘zbekiston haqidagi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?
-Albatta, O‘zbekistondagi boks kechasida ishlashimdan juda xursand bo‘ldim. Men bu yigitlar bilan oldindan tanishman. Ular juda mehnatkash, ishtiyoqmand va ochiqko‘ngil insonlar. Men oldin Rossiyaga ham tashrif buyurganman. Albatta, ba’zi farqli jihatlari bor, lekin bir-biriga yaqin bo‘lgan mintaqalar. Insonlar menga juda yaxshi munosabatda bo‘lishmoqda. Ular boksni juda sevishadi. Qolaversa, xalqingiz juda ham mehmondo‘st. Ayniqsa, taomlari ajoyib. Biz bu erda buyuk ipak yo‘lining asosiy qismlaridan bo‘lgan, Samarqanddek tarixiy shaharga sayohat qilish baxtiga musharraf bo‘ldik. Bu erda juda chuqur tarix mujassam. “Matchroom” kompaniyasi global kengaymoqda va biz uchun O‘zbekistonda bo‘lish sharaf!
- Siz oldin ham o‘zbek bokschilarini janglarida anonser sifatida ishlagansiz va ular bilan yaxshi tanishsiz. Ammo, aytingchi ulardan qaysi biri alohida siz uchun yoqadigan uslubga ega?
- To‘g‘risi ularning barchasi men uchun birdek. Chunki, har biri ulkan olimpiya tajribasiga ega. O‘zbekistonda aynan boks sport turiga e’tibor katta. Men ularning Amerikadagi debyut janglarida ham qatnashganman. Garchi, biz ilk bora ko‘rishgan bo‘lsak-da, bir-birimizga juda manzur bo‘lganmiz. Keyinchalik ham ular bilan bog‘lanib, aloqani saqlab qolganman. Shu bilan birgalikda, ularning murabbiyi Joel Diasni ham e’tirof etish joiz. Biz tezda do‘stlar bo‘lib oldik.
- Murodjon Ahmadalievning chempionlik jangidagi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?
- Mayamida Murodjon ishtirokidagi chempionlik jangi yakunlangach, natijani ko‘rgan birinchi inson edim. Jang teng kurashlar ostida o‘tgan va Murodjon juda ham hayajonlanayotgan edi. Qo‘limga natijalarni oldim va qaradim.... Ammo Murodjonga hech qanday imo qilmadim. Qo‘lim bilan uni berkitib oldim. Hakamlarning qarorini o‘qib eshittirib, “Va yangi.......” degan jumladan so‘ng, Murodjonning xhis-hayajonlarini ko‘rib, juda ta’sirlandim. Bu judayam zavqli daqiqalar edi.
- Murodjon Ahmadaliev Daniel Romanni ya’ni, sizning vatandoshingizni mag‘lub etib, chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritdi.... Siz buni qanday qabul qildingiz?
- Yo‘q, bu men uchun oddiy hol. Hech qachon aynan bitta bokschiga muxlislik qilmaganman. Chunki, barcha jangchilarni birdek hurmat qilaman. Sababi, ringga qadam qo‘yar ekansan, barchasi o‘zgacha bo‘ladi. Bu umuman boshqacha narsa. Bu erda kim qaysi davlatdan ekanligini farqi yo‘q. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, kuchli bokschi g‘alaba qozonishini xohlayman. Murodjon g‘alaba qozonganida juda xursand bo‘lganman. Albatta, Daniel Roman ham mening sevimli bokschilarimdan biri, ammo men hech qachon aynan bitta jangchiga muxlislik qilmayman. Hattoki Isroil, Shahram ishtirokidagi janglarda ham shunday. Ular yaxshi jangchilar lekin, zo‘rdan zo‘r chiqishi mumkin. Kim jangga jiddiyroq va yaxshiroq tayyorlangan bo‘lsa, o‘sha eng yaxshi bokschi hisoblanadi. Biz ularni barchasini ham bir qarashda ilg‘ay olmaymiz. Bokschi oylab, yillab mehnat qiladi va kim yaxshiroq tayyorlangan bo‘lsa, o‘sha g‘olib bo‘ladi.
- Qaysidir ma’noda, sizni boks mutaxassisi sifatida bilamiz. Isroil Madrimovning vazn toifasidagi chempionlar: Erislandi Lara, Jermel Charloga qarshi imkoniyatini qanday baholagan bo‘lardingiz?
- Lara juda kuchli va ayyor bokschi. Albatta, Madrimov ham undan qolishmaydi. Isroil o‘z vaznidagi har qanday kuchli bokschiga qarshi jang qila oladi. U juda yuqori darajadagi, aqlli va atletizmi yuqori bo‘lgan charmqo‘lqop ustasi. Madrimov har qanday bokschi uchun xavfli raqib va chempionlarning qaysi biri bilan bo‘lishidan qat’iy nazar, jang ajoyib bo‘lar edi.
- Intervyu uchun katta rahmat!
- Sizlarga ham tashakkur deb qolaman.
Ahmadbek Eshmatov hamda Jalol Ahmedov suhbatlashdi.
Fikrlar