Davron Fayziev: Debyutant jamoa uchun safardagi har bir ochko oltinga teng
Xabaringiz bor bundan biroz avval Superliganing 7-turidan o‘rin olgan “Andijon” hamda “Dinamo” (2:2) uchrashuvi o‘z yakuniga etdi. O‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar ustozi Davron Fayziev o‘zining o‘yin haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Avvalambor butun xalqimizni kirib kelgan muborak Ramazon oyi bilan tabriklayman. Doimo yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin.
O‘yin haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, o‘yinni juda yaxshi boshladik. Shundan so‘ng 20-25 daqiqa davomida tashabbusni raqibga berib qo‘ydik. Keyin esa o‘z xatoimiz bilan 2ta gol o‘tkazib yubordik. Safarda 2ta gol urib, g‘alaba qozona olmaslik tabiiyki har bir murabbiyga alam qiladi. Ammo, debyutant jamoa uchun safardagi har bir ochko oltinga teng.
Avvalambor biz bugungi o‘yinga himoyalanib, vaqt cho‘zib natija ko‘rsatamiz deb kelmagandik. Qolaversa, tarkibda jarohatlar va kartochkalar sabab jiddiy yo‘qotishlar mavjudligiga qaramay, yaxshi o‘yin ko‘rsatganliklari uchun yigitlarga rahmat aytaman.
Mavsum boshida tarkib Pro-ligaga moslab yig‘ilganiga qaramay, ushbu futbolchilar o‘zlariga yuklatilgan vazifani bajarib kelishmoqda. Biroq, men har qanday natijadan qoniqish hosil qilmayman va futbolchilarga o‘z xatolarini albatta aytaman.
Jamoada legionerlarning yo‘qligiga sabab, men mahalliy futbolchilarga ishonaman. Xorijdan qimmat mablag‘ evaziga futbolchi olib kelgandan ko‘ra, o‘zimizning qora ko‘zlarga imkoniyat berishni xohlayman”, - deydi Fayziev.

Fikrlar