Deklan Rays: Mikel Arteta meni har tomonlama yarimhimoyachiga aylantirdi
«Arsenal» yarim himoyachisi Deklan Rays jamoa bosh murabbiyi Mikel Arteta qo‘l ostida ishlashi uni qanday o‘zgartirgani haqida gapirib berdi.
«Arteta meni maydon o‘rtasida ko‘proq universal futbolchiga aylantirdi. Endi men hamma ishdan biroz-biroz qila oladigan yarim himoyachiga o‘xshayman. Bir paytlar Stiven Jerrard o‘zini shu tarzda tasvirlaganini eshitganman: u o‘zini maydon markazida hamma ishni bajara oladigan futbolchi deb bilgan. Men ham xuddi shunday fikrdaman. Hujumda ham, himoyada ham o‘ynay olaman. Agar orqada qolib, himoyaga yordam kerak bo‘lsa — shunga moslashaman. Oldinga o‘tib, hujumga qo‘shilish talab etilsa — buni ham bajara olaman.
Men doim faol bo‘lishni, bir vaqtning o‘zida esa xarakterimni, kuchli tomonlarimni namoyon etishni istayman. O‘ylaymanki, so‘nggi bir necha yil ichida Arteta aynan shu jihatlarimni ochib berishga katta yordam berdi. U bilan dastlabki uchrashuvlarimizdan birida u meni «Arsenal mayagi» deb atagan edi. Bunga o‘xshash ta’rifni oldin hech qachon eshitmaganman. U shunday gaplarni aytadiki, odatda odamning xayoliga ham kelmaydi. Shu bois bu men uchun juda ham o‘ziga xos va esda qolarli bo‘ldi», — deya Raysning so‘zlarini UEFA rasmiy sayti keltiradi.

Fikrlar