
Dilyaver Vaniev: "Navbahor"ning tarkibi "Mash’al"nikidan kuchli, deb kim aytdi?
Coca Cola Superliga 11-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Mash’al” (0:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida muborakliklar murabbiyi Dilyaver Vaniev jurnalistlarning savollariga javob berdi. Bu haqda "Navbahor" matbuot xizmati xabar berdi.
- Bugungi o‘yin juda yaxshi o‘tdi. Bizda ham, raqibda ham vaziyatlar bo‘ldi. O‘ylashimcha, bugun biz haqli ravishda g‘alaba qozondik. Boisi, xavfli vaziyatlarni namanganliiklarga qaraganda, jamoamiz ko‘proq yuzaga keltirdi. To‘g‘ri, 2-bo‘limda “Navbahor” bosim uyushtirdi, hujumlar tashkil etdi, ammo yaqqol golli vaziyat ko‘zga tashlanmadi.
O‘z jamoamiz borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, birinchi bo‘limda yigitlar ikkita gol urishlari kerak edi. Futbolchilarni bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. Endi bugungi o‘yinni unutamiz va 4 kundan so‘ng bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz.
- “Navbahor” tarkib borasida “Mash’al”dan kuchli. Raqibning o‘yinini yaxshilab o‘rganilgani hisobiga ushbu bahsda zafar quchishga muvaffaq bo‘ldinglarmi?
- “Navbahor”ni tarkib bo‘yicha kim jamoamizdan kuchli deb hisoblaydi? Mutaxassislarmi? Ular nima deb o‘ylashsa, o‘ylayverishsin, men uchun “Mash’al” futbolchilari eng kuchlisi.
“Navbahor”ni kamsitmayman, to‘g‘ri, namanganliklar safida malakali futbolchilar ko‘p, terma jamoa a’zolari ham bor. Ammo men o‘z futbolchilarimizni kuchliroq deb bilaman. Albatta, mazkur bahsdan oldin namanganliklarning o‘tgan turda “Surxon”ga qarshi kechgan o‘yinlarini ko‘rib, o‘rganib chiqdik. Bugun “Navbahor” tarkibida o‘tgan bahsga qaraganda, ayrim o‘zgarishlar bo‘ldi. O‘ng qanotda Hoshimov o‘ynamadi, o‘tgan o‘yinda ikki nafar hujumchi o‘ynagandi. Umuman olganda, futbolchilar murabbiylar shtabining taktik va amaliy ko‘rsatmalarini to‘liq bajarishdi. To‘g‘ri, ba’zi vaziyatlarda yigitlar xatoga yo‘l qo‘yishdi. Lekin futbol xatosiz bo‘lmaydi.
- “Mash’al” oldingi o‘yinlarda ham ko‘plab xavfli vaziyat yaratsa-da, ulardan foydalana olmasdi. Bugungi uchrashuvda ham shunday holat kuzatildi. Bu nima bilan bog‘liq?
- Hisobda oldinga chiqib olganimizda, yigitlardan to‘liq himoyaga o‘tib olmasliklarini so‘radim. Balki bunga “Navbahor” bizni majbur qilgandir. Tarkibimizga ijaradagi ikki nafar futbolchi qaytdi. Ular “Mash’al” akademiyasi tarbiyalanuvchilari hisoblanishadi. Ular jamoaning hujumini kuchaytirishdi.
Fikrlar