Diqqat, savol: Superliga muhimmi yoki Osiyo kubogi?

  • 19 mart, 2023, 11:23
  • 2
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Xabaringiz bor, yurtimizda ikkita futbol bo‘yicha muhim musobaqa parallel tarzda o‘tkazildi. Biri 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogi bo‘lsa, ikkinchisi o‘zimizning o‘sha har yili bo‘lib o‘tadigan "odatiy" Superligamiz. Birinchisida vakillarimiz chempionlikni qo‘lga kiritib, Osiyo kubogi sohibiga aylandi. Xo‘sh, sizning fikringizga ko‘ra qaysi turnir biz uchun muhimroq bo‘lishi kerak: OFK tomonidan o‘tkazilayotgan va bizga ishonib topshirilgan Osiyo kubogimi yoki har yili "zerikmasdan" o‘tkaziladigan jonajon Superligamizmi? Javobingiz aniq birinchisi bo‘ldi, shundaymi? Afsuski, ko‘pchilik tanlovda shu qarorga keladi. 

super

Xalqaro maydon uchun bor, o‘zimizga kelganda esa...

Osiyo kubogining deyarli barcha o‘yinlarida jurnalist sifatida ishladik. U erda bizga ajratilgan sharoitlar a’lo darajada. OFK turnirlarida ishlash bo‘yicha tajribaga ega bo‘lmagan jurnalist imkoniyatlarni ko‘rib, O‘zbekistonda ekaniga shubha qilib qoladi, ochig‘i. Internetdan foydalanish (Wi-Fi), ko‘ngilli(volontyor)lar xizmati va shu kabi boshqa jihatlar (hammasini sanashga sal erindik, to‘g‘risi) alohida e’tiborga olingan. Bu OFKning Osiyo kubogi U-20 musobaqasi edi.

Endi Superliga haqida gaplashamiz. Internetdan foydalanish hamma stadionlarda ham (hech birida desak ham mubolag‘a bo‘lmas) yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan, afsuski. Ko‘ngillilar haqida gapirmasak ham bo‘laveradi. Ayrim ma’lumotlarni klub matbuot xizmatlaridan emas, PFLning o‘zidan olishga to‘g‘ri keladi. Bu xuddi O‘zbekiston haqida ma’lumotni O‘FAdan emas, OFKdan so‘rashdek gap emasmi axir? Ayniqsa, internet muammosi juda achinarli holatda. Na jurnalist, na fotograf tayinli va sifatli internetdan foydalanish imkoniga ega. Ustiga-ustak, stadionga ko‘proq muxlis kiradigan o‘yin bo‘lsa, qanchalik g‘alati eshitilmasin, bu OAV uchun omadsizlik. Sababi - oddiy. Odam ko‘p bo‘lsa, internet tezligi ham kamayib ketaveradi. Bu esa onlayn tezkor ishlashga "g‘irt" to‘siq bo‘ladi. 

fas_1

Masalan,  Farg‘onada O‘zbekiston - Indoneziya o‘yinida bir ajoyib ishlab turgan Wi-Fi tarmog‘i Superliganing markaziy bahsi, "o‘zbek klasikosi" hisoblanmish "Neftchi" - "Paxtakor" uchrashuvida birdan "yo‘qolib qoladi".

Fotograflar uchun ham hal etiladigan masalalar yo‘q emas. Erkin ijodkor hisoblangan ushbu kasb vakillari nafaqat internet, balki o‘tirib ishlash imkoniyatidan ham mahrum bo‘lib qolishadi ba’zan. O‘zi uchun sharoit qilib olmagan fotomuxbirga achinishdan o‘zga iloj qolmaydi, afsuski...

Bu atigi bitta stadiondan misol, xolos. Vaholanki, bu kabi holatlar boshqa bellashuvlarda ham kuzatiladi, ming afsuslar bo‘lsinkim.

vet_1

Xo‘sh, echim bormi?

Bu muammoni to‘g‘rilash juda og‘riqli muammo bo‘lishi mumkindir, balki. Biroq qachondir shu kabi masalalar ijobiy hal etilishi kerak emasmi? Jurnalist qachongacha xalqaro maydondagi musobaqada erkin va qulay ish qila oladiyu, o‘zimizning turnirlarda cheklovlarga duch keladi. OFK va O‘zbekistonning futboldagi sharoitlarini taqqoslash xato tuyulishi mumkin. Lekin aynan o‘sha OFK shu kabi imkoniyatlarni bizning yurtda yaratayotgan ekan, biz ham o‘z uyimizda shu singari ishlarning kamida yarmini qilishga qurbimiz etadi.

Qit’a turnirlarning bizda o‘tayotgani yomon emas, albatta. Bu biz uchun yaxshigina tajriba to‘plash imkonini beradi. Xalqaro standartlarga javob beradigan bu kabi musobaqalardan o‘rnak olsa arziydi, shubhasiz.

fotoo_2

Maqsadimiz kimnidir tanqid qilib, "ochko ishlash" emas. Aynan bir klub nomini ko‘rsatib, qoralash ham emas. Shunchaki, mavjud muammoli vaziyatning hal etilishini istaymiz, xolos. O‘zimizni qancha hurmat qilsak, o‘zgalar oldida ham shu hurmatga ega chiqamiz. O‘zimizning ichki chempionatimiz daraja va e’tibor jihatidan Osiyo kubogidan sira qolishmasligi kerak. Hatto, u har yili o‘tkaziladigan bo‘lsa ham. Chunki Superliga - bu o‘zbek futbolining yuzi.

P.s. Aytgancha, "bu muammolarni hal qilish uchun pul etarli emas", degan gaplar ishonarli bo‘lmaydi. Legionerlar, xorijdagi yig‘inlar va yana boshqa narsalar (hammasini sanashga sal erindik yana)ga ayamasdan pul sarflayotgan klublarimiz uchun biz aytayotgan narsa uddalab bo‘lmas narsa emas, adashmasam.

 

Shohrux Zoirov maqolasi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Pardayev Shavkat
19/03/2023 20:23
Росаям эринчоқ экансизлар. Ўзбек футболи мутасаддилари ҳам ё эринчоқ,- ёки ўша катта маблағни "сарф" қилишаяпти. Эринмасдан, ўша харажатларни ҳисоблаб чиқиш керак эди. Президентимиз сизларга ишониб, катта ҳуқуқлар бериб қўйган бўлса, ... ... ... .
&
Хайит дехконов
19/03/2023 12:29
Суперлигамиз хам ривожланиб колар. Рахбарлар зора инсофга келса.