Jahon chempionati. Bokschilarimiz 4 ta oltin, 2 ta kumush medalini qo‘lga kiritdi
Final janglari yakunlandi!
Chernogoriyaning Budva shahrida o‘tkazilgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatining final bahslari yakunlandi.
-70 kg vazn toifasidagi vakilamiz Maftuna Yangieva Jahon chempionati finalida amerikalik Marley Maknelli bilan kuch sinashdi. Bellashuv davomida Maftuna g‘alaba uchun barcha imkoniyatini ishga soldi. Biroq yakunda raqibasi 1:4 hisobida ustun keldi. Natijada Maftuna Jahon chempionatining kumush medali sohibasiga aylandi.
-75 kg vazn toifasidagi vakilimiz Suhrob Rahmatullaev Jahon chempionati finalida eronlik Muhammad Solih Mesbahiga qarshi ringga ko‘tarildi. Shiddatli kechgan jangda Suhrob o‘z mahoratini namoyish etib, 3:2 hisobida zafar quchdi va Jahon chempionati oltin medalini qo‘lga kiritdi.
-90 kg vazn toifasidagi vakilimiz Asadbek Sultanboev finalda ukrainalik Vladislav Naumenko bilan kurash olib bordi. To‘liq 3 raund davomida katta ustunlik bilan harakat qilgan Asadbek yakunda 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, oltin medalga ega chiqdi.
-51 kg vazn toifasidagi vakilamiz Nazokat Mardonova hal qiluvchi bahsda amerikalik Rubi Lopesga qarshi jang olib bordi. Qiziqarli va murosasiz kechgan qarama-qarshilikda Nazokat raqibasiga qarshi hujumda qanday ishlash kerakligi borasida “master-klass” o‘tab berdi va haqli tarzda 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, Jahon chempioniga aylandi.
-85 kg vazn toifasidagi vakilimiz Sardorbek Bahromxo‘jaev Jahon chempionati finalida rossiyalik Kirill Korshakov bilan jang qildi. Qiziqarli kechgan qarama-qarshilikda Sardorbek 0:5 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va musobaqani kumush medal bilan yakunladi.
+90 kg vazn toifasidagi vakilimiz Islom Salihov Jahon chempionati finalida qozog‘istonlik Vladislav Samojonovga qarshi bahs olib bordi.
“Markaziy Osiyo klassikosi”ning 1 raundida Samojonov,2 raundda Salihov ochkolar bo‘yicha ustunlikka erishdi. Hal qiluvchi raundda esa Islom g‘alabani o‘z tomoniga og‘dira oldi. Yakuniy hisob 4:1. Islom Salihov Jahon chempioni!
Bu haqida O‘zbekiston Boks federatsiyasi xabar bermoqda.

Izohlar (0)