Diyor Imomxo‘jaev yangi mavsum boshida ayrim jamoalar nega o‘z uy stadionlarida o‘ynamayotganiga izoh berdi
O‘zbekiston Professional futbol ligasi rahbari Diyor Imomxo‘jaev O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga intervyu berib, ko‘plab jamoalarning stadionlarini tilga oldi va bo‘layotgan ishlar haqida to‘liq ma’lumot berdi.
— Mavsum boshlanishi arafasida juda ham ko‘plab klublarimiz o‘z uchrashuvlarini boshqa viloyatda yoki o‘z viloyatining boshqa klubi stadionlarida o‘tkazishiga to‘g‘ri kelyapti. Bu bitta-ikkita holat emas, deylik, besh yoki oltitacha klubimizda shunaqa holat yuz beryapti. "Nasaf" ham Elit Osiyo Chempionlar ligasi doirasidagi o‘sha oxirgi tur uchrashuvini ancha uzoqroqdagi Vodiyda — Farg‘onadagi maydonda o‘tkazdi. Umuman mana shunaqa holatlar bo‘lgani uchun vujudga kelayotgan holatni qisman xaos desa ham bo‘ladi. Klublar o‘z stadionlariga mehr bermayotgani, yangi mavsum uchun taraddud ko‘rmayotgani bilan bog‘lasak bo‘ladimi?
— Aksincha, taraddud ko‘rayotgani bilan bog‘lasak to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki hamma o‘zining stadionida shunchaki o‘yinni boshlashi bo‘yicha Liga ham, klubga ham aslida hech qanaqa qiyinchilik joyi yo‘q. Eng qulayi shu. Lekin agar shunchaki o‘zining uyida har qanaqa sharoitda boshlashiga biz ruxsat bersak, darajani hech qachon ko‘tara olmaymiz. Superliga o‘zining darajasi va talablari bor. Oddiy misol, o‘zimizning uyimiz ham vaqt o‘tgan sari yemirilib boradi-da. Ta’mirga muhtoj holatga kelsa, biz bu stadionni yopamiz. Agar shunchaki hammaga "o‘ynayveringlar" deb ochib bersak, bu darajaning tushib ketishiga olib keladi. Oxirgi to‘rt-besh yillikda sekin-sekin maydonlarimiz yaxshi holatga kelganligining asl sababi shu. Talab bor va u hammaga bir bo‘ladi.
Misol uchun, "Navbahor" o‘zining uyida o‘ynamayapti. Bu taraddud ko‘rmayotgani emas, aksincha, Namangandagi markaziy stadionda maysa va boshqa joylarni ta’mirlash ishlari davom etyapti. Ya’ni bir qadam orqaga yurib turibdi "Navbahor". Xudo xohlasa, ikkinchi davradan boshlab oldinga yuradi. "Nasaf"da ham xuddi shunaqa. O‘n yildan oshiq vaqt davomida eng yaxshi maysalardan bittasi Qarshinik edi. Qarshida, Qashqadaryoda suv bilan bog‘liq muammo mavjud. Maysa baribir suv talab qiladi. Ichimlik suvi muammo bo‘lgandan keyin, oqova suvlarda maysaga zarar tomoni borki, begona o‘tlar va zararkunandalar ko‘payadi. Bu narsa maydonning umumiy ko‘rinishini buzib qo‘yadi. Shu narsa yillar davomida maksimal darajada harakat qilingan. Qo‘lda bitta-bitta 110 ga 70 maydonni terib chiqish oson narsa emas. "Nasaf" ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygan klub sifatida zahira plantatsiyasini tashkil qilgan edi. Bunisini olib tashlab, yangisini ekib, o‘ziga keltirib olish baribir vaqt talab qiladi. Qoidasi bo‘yicha aprelidan qaytishni reja qilgan edi. Chunki baribir uch-to‘rt oy kerak almashtirib olish uchun. Shu narsalar yo‘lga qo‘yilgani uchun ham stadionlar yildan-yilga yaxshilanib bordi.
Fikrlar