Diyora Keldiyorovaning birinchi raqibasi aniq bo‘ldi
Qozog‘istonda o‘tadigan yirik xalqaro dzyudo musobaqasi — Aktau Asian Open 2026 turnirida o‘zbekistonlik olimpiya chempioni Diyora Keldiyorovaning dastlabki raqibasi ma’lum bo‘ldi.
Musobaqaga tashlangan qur’aga ko‘ra, 52 kilogrammgacha vazn toifasida bellashadigan Parij Olimpiadasi chempioni Keldiyorova birinchi uchrashuvni qozog‘istonlik dzyudochi Nuraylim Sarsenbekka qarshi o‘tkazadi.
Turar Zholdiboev xotirasiga bag‘ishlangan Osiyo ochiq kubogi 17–18 oktyabr kunlari Aktau shahrida bo‘lib o‘tadi. Ushbu start Diyora Keldiyorova uchun uzoq tanaffusdan keyingi ilk rasmiy musobaqa bo‘ladi. U bir muddat sportdan chetlashib, farzandli bo‘lishi munosabati bilan tatamidan uzoqlashgan edi.
Keldiyorova karyerasidagi eng yirik sensatsiya "Parij-2024" Olimpiya o‘yinlarida qayd etilgan. U 1/8 finalda to‘rt karra jahon chempioni, olimpiya chempioni, yaponiyalik Uta Abeni mag‘lub etgan edi. Abe so‘nggi besh yil davomida shaxsiy musobaqalarda mag‘lubiyatga uchramagan, 47 ta g‘alabadan iborat g‘aroyib seriyaga ega mutlaq favorit sifatida baholanar edi.
Aynan shu kutilmagan g‘alaba Keldiyorovaga yo‘l ochib, uni O‘zbekiston ayollar sporti tarixida yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ilk oltin medal sohibasiga aylantirdi.

Fikrlar