Diyora Keldiyorovaning yangi g'alabasi e'tiborsiz qolmadi
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Qozog‘istonda o‘tayotgan Aktau Asian Open 2026 musobaqasida dzyudochi Diyora Keldiyorovaning g‘alabasi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
«Chempionimiz qaytdi: Diyora Keldiyorova Aktauda oltin medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, -52 kg vazn toifasida bellashgan Diyora Keldiyorova Qozog‘istonning Aktau shahrida o‘tayotgan xalqaro turnirda oltin medalga sazovor bo‘ldi. Final bahsida hamyurtimiz Ozarbayjon vakiliga qarshi bellashuvni muddatidan oldin yakunlab, ishonchli g‘alabaga erishdi», — deyiladi qo‘mita rasmiy telegram-kanalidagi xabarda.
Keldiyorovaning Aktaugacha bo‘lgan so‘nggi rasmiy musobaqasi 2024 yilda Parijda o‘tgan Olimpiya o‘yinlari edi. Ushbu nufuzli musobaqada u dzyudo bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan. Parijdagi yo‘li davomida Diyora kutilmaganda to‘rt karra jahon chempioni, yaponiyalik Uta Abeni mag‘lub etgan, finalda esa Tokio-2020 olimpiadasi chempioni, kosovolik Distriya Krasnichini yenggan.
Shu tariqa u O‘zbekiston tarixida yozgi Olimpiya o‘yinlarida dzyudo bo‘yicha oltin medal yutgan ilk ayol sportchiga aylangan.
Parijdagi katta muvaffaqiyatdan so‘ng sportchi farzandli bo‘lishi munosabati bilan uzoq tanaffus olgan, Aktaudagi g‘alaba esa uning katta sportga munosib qaytganini ko‘rsatmoqda.

Fikrlar